Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:30

Putin va Nazarboev qistoviga qaramay, Atambaev yana prezident bo‘lmoqchi emas, ijod bilan shug‘ullanmoqchi


Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev Alaarchadagi matbuot anjumanida, Bishkek, 2016 yil 1 dekabri.
Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev Alaarchadagi matbuot anjumanida, Bishkek, 2016 yil 1 dekabri.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev ikkinchi muddatga davlat rahbari lavozimiga saylanish niyati yo‘qligini yana bir bor ta’kidladi. Bu fikrni Atambaev 1 dekabr kuni Ala-archa qarorgohida davlat rahbari vazifasini bajara boshlaganining 5 yilligi munosabati bilan uyushtirilgan matbuot anjumani chog‘ida bildirdi.

Payshanba kuni 165 nafar jurnalist qarshisida chiqish qilgan Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev undan ikkinchi muddatga qolishni so‘raganini qayd etdi.

- Ammo men ularga: “Bunday qilolmayman, chunki bizning xalq hozir boshqacha. U o‘zi munosib ko‘rgan odamni saylab oladi”, deya izoh berdim, - dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Prezidentlikka nomzodini boshqa qo‘ymasligini Almazbek Atambaev avval ham bir necha bor ta’kidlagan.

Atambaev Qirg‘izistonda bo‘lajak prezident saylovi halol o‘tishini qo‘shimcha qildi.

- Jo‘g‘o‘rqu Kenesh (parlament) saylovidan keyin [Qirg‘izistonda] bitta ham miting bo‘lgani yo‘q. Albatta, ayrim vatandoshlar o‘z ovozini sotgani haqida faktlar bor, biroq umuman olganda saylov bilan bog‘liq vaziyat avvalgidek emas, - dedi Atambaev.

Prezident matbuot anjumanida bir umr ham tadbirkorlik, ham ijod bilan shug‘ullanishni orzu qilib kelganini bildirdi. Uning aytishicha, bir yildan keyin o‘zining qo‘shiqchilik san’atini takomillashtirish ustida ishlashi uchun vaqt topiladi.

- Men 4-5 ta qo‘shiq yozdim. Ularni jamoatchilik qizg‘in muhokama qildi. Mening xalqqa manzur bo‘ladigan qo‘shiqlarim bor yana, dedi Almazbek Atambaev.

Qirg‘iziston rahbari prezident lavozimidan ketganidan so‘ng kitob o‘qishga ham vaqti ko‘p bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Qirg‘izistonda galdagi prezident saylovi 2017 yil kuzida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG