Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:56

Narxi ko‘tarilgan benzinni “O‘zneftmahsulot” ta’minlay olmayapti


Uzun tumanida qo‘lda sotilayotgan benzin narxi 5000 so‘mga chiqdi
Uzun tumanida qo‘lda sotilayotgan benzin narxi 5000 so‘mga chiqdi

O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining qarori bilan 23 oktabrdan boshlab narxi ko‘tarilgan benzin viloyatlarda hamon taqchil bo‘lib qolmoqda. “O‘zbekneftmahsulot” kompaniyasi benzin chayqovchiligiga barham berish uchun uning narxi oshirilganini aytgan edi. Ammo, Ozodlik olgan ma’lumotlarga ko‘ra, AYoQShlarda benzin yo‘qligi sabab davlat narxi 2800 bo‘lgan AI 80 markali benzin narxi qo‘lda besh ming so‘mgacha ko‘tarilgan.

Shu kecha kunduzda benzin taqchil bo‘lib qolayotgani haqida Ozodlikka turli viloyatlardan xabarlar kelmoqda:

“Men Surxondaryo viloyati Uzun tumanida yashayman. Toshkentda bir litri 2800 so‘m turadigan AI 80 benzin bizda qo‘lda 5000 so‘mga chiqib ketdi. Kecha bozorga borgandim moshinamni benzini tugab qoldi. AYoQShlarda benzin yo‘q. Majbur bo‘lib qo‘ldan besh ming so‘mdan oldim. Benzinfurushning aytishicha, Toshkentga qatnaydigan taksichilar 130-150 litrlab benzin olib kelib, ularga to‘rt ming so‘mdan berar ekan. Ular esa ustiga ming so‘m qo‘yib besh mingdan sotishyapti”, deb yozadi uzunlik haydovchilardan biri.

Buxorolik 42 yashar tadbirkor Avazning Ozodlikka aytishicha, viloyatning barcha tumanlarida benzin yo‘q:

“Benzin narxi oshdi, endi hamma joyda benzin bo‘ladi, deb bizni laqillatishgan ekan. Kecha Qorako‘l tumanining Sayyod qishlog‘ida benzinsiz qolib ketdim. Keyin 30 kilometr uzoqlikdagi Olot tumaniga borib benzin topdim. Toshkentga taksi qiladiganlardan har litrini 4000 so‘mdan olishga majbur bo‘ldim, chunki moshinam ko‘chada qolib ketgan edi", dedi Avaz.

Samarqand shahrida yashaydigan jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullaev o‘zining veb sahifasida shunday deb yozdi:

“Butun mamlakatimiz bo‘yicha benzin narxi bir xil – 2800 so‘m yetib belgilangandan keyin Samarqandda yana benzin taqchilligi ko‘zga tashlana boshlandi. Ayni kunlarda "O‘zgazoyl"ga qarashli AYoQShdan tashqari deyarli barcha boshqa “zapravkalar” ishlamayapti. Qo‘lda benzinning bir litri 3600-3800 so‘mdan sotilmoqda.

Turli hajmdagi idishlarni benzin bilan to‘ldirib, katta yo‘llar chetida terib qo‘yib, bemalol savdo qilayotganlar soni ancha ko‘paygan. Ayniqsa, Navoiy shoh ko‘chasi, Zarafshon traktida bunday biznes bilan shug‘ullanayotganlarning soni bisyor.

Nega benzinning qimmatlashishi uning taqchilligiga sabab bo‘ldi? Bu savolni AYoQSh xodimlariga berganimda, ular sirli bir qarash bilan “hamma gap “shapka”da” deyishdi. Ha, “shapkangga” o‘t ketsin-a!”, deb yozadi Toshpo‘lat Rahmatullaev.

Toshpo‘lat Rahmatullaevga javob bergan xodimning “hamma gap “shapka”da” deganini Navoiy viloyatida xususiy AYoQShi bor tadbirkor ham Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda tasdiqladi:

“Men qariyb 15 yildan buyon AYoQShni boshqaraman. Xususiy tadbirkorman. Bitta bizda emas, boshqa viloyatlarda ham shunday. Uch oycha bizda umuman benzin tortilib qoldi. O‘shanda benzin narxi 2075 so‘m edi. Neftebazada tonnasiga 100 dollar bermasangiz ololmasdingiz. Hozir benzin qimmat bo‘lib, “shapka”ning narxi sal tushdi. Hozir har litrga 20-50 so‘mdan so‘rashyapti. Bu tonnasiga 200dan 500 ming so‘mgacha degani. Lekin hozir hech kim bu benzinni olmayapti. Chunki, “shapka”ni chiqimini chiqarishning iloji yo‘q. Benzin narxi oshganidan keyin, soliq inspektsiyasi benzinni davlat narxidan qimmat sotganlarni javobgarlikka tortish haqida ogohlantiryapti. Shuning uchun, hech kim zarariga ishlagisi kelmaydi. Hech kim “shapka” berib benzin olib, o‘zining zarariga sotishni istamaydi”, dedi tadbirkor.

Uning aytishicha, neft mahsulotlari bazasidagi mulozimlar “shapka”ning sabablarini quyidagicha izohlashadi:

“Ular bizga ochiq aytadi. Agar biz ham tepaga uzatmasak vagon kelmaydi. Har vagon ustiga 4000-5000 dollar minib bizga yetib keladi”, deyishadi”, dedi AYoQSh rahbarlaridan biri.

Joylardagi davlat soliq inspektsiyasi hamda “O‘zbekneftgazinspeksiya” bo‘limlari AYoQSh rahbarlariga maktub yuborib, ulardan benzinni davlat narxidan yuqori narxda sotmaslikni, aks holda javobgarlikka tortilishi xususida ogohlantirmoqda:

“Suyultirilgan va siqilgan gazda harkatlanuvchi avtotransport vositalariga yonilg‘ini avtomashina bakiga dvigatelni qizdirish va chqin masofadagi gaz quyish shoxobchalriga etib olishga 5 litrdan ortiq benzin quymaslik lozim”, deb yoziladi ogohlantirish maktubida.

“O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi raisining yordamchisi Ramziddin Rahimov viloyatlarda benzin taqchil ekanligini Ozodlikka inkor qildi:

“Benzin yaxshi ishlab chiqarilyapti, yaxshi berilyapti. Bunaqa gap yo‘q edi. Benzin narxi oshganidan so‘ng, soliq inspektsiyasi, ichki ishlar, neftgazinspeksiya birgalikda reyd o‘tkazib, benzinni qimmat sotayotgan bir qancha AYoQShlarni aniqladi. O‘shalarning faoliyati vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan. Ularning litsenziyasini bekor qilish ko‘rib chiqilmoqda. Balki o‘shalarni nazarda tutib,f uqarolar sizlarga murojaat qilgan bo‘lishlari mumkin. Lekin, benzin yetarli miqdorda ishlab chiqarilyapti va viloyatlarga limit asosida tarqatilyapti”, dedi “O‘zneftmahsulot” kompaniyasi mulozim Ramziddin Rahimov.

O‘zbekistonda avtoyonilg‘i taqchilligi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Bugungiday holat, xususan, o‘tgan yili ham kuzatilgan va “O‘zneftmahsulot” o‘shanda ham bu yilgi vajlarni keltirgan edi.

XS
SM
MD
LG