Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:38

Asqarov sudi: Guvohlar ayovsiz qiynoqlar ortidan Asqarovga qarshi ko‘rsatma berganini aytmoqda


Asqarov sud jarayoni paytida.
Asqarov sud jarayoni paytida.

Azimjon Asqarov ishi bo‘yicha mahkamaning bugungi majlisida O‘sh voqealaridagi tartibsizliklarda ishitrok etganlikda ayblanib Asqarov bilan birga qamalgan himoya tomoni guvohlari ko‘rsatma berdilar. Ular tergov jarayonida qo‘llanilgan ayovsiz qiynoqlar ortidan o‘zlariga bildirilgan ayblovlarni tan olishga majbur bo‘lganliklarini aytmoqdalar.

Chuy viloyat sudining bugungi majlisida 2010 yildagi O‘sh qirg‘ini paytida Bozorqo‘rg‘on tumanida sodir etilgan tartibsizliklarda ishtirok etganlikda ayblanib huquq faoli Azimjon Asqarov bilan birga sudlangan 6 odam ko‘rsatma berdi.

Ulardan biri Muhammadzokir Qo‘chqorov militsiya xodimlari tomonidan qiynoqlarga solingani ortidan Azimjon Asqarovga qarshi ko‘rsatma berishga majbur bo‘lganini aytdi.

-Meni yalong‘och qilib kaltaklashdi. Shundan so‘ng ular menga qo‘ygan ayblovlarni tan olishga majbur bo‘ldim, -dedi Muhammadzokir Qo‘chqorov.

O‘sh voqealarida ayblanib 9 yilga qamalgan Minura Mamadalieva esa o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan noinsoniy munosabat haqida batafsil gapirib berdi:

-Tergov paytida men Asqarovni voqea joyida ko‘rmaganimni aytganman. Meni 26 iyun kuni qamoqqa olib, Bozorqo‘rg‘on militsiyasiga olib kelishdi. U yerda menga noinsoniy munosabatda bo‘lishdi. Oldimda 6 yoshli bolam bor edi. Melisa xodimlari meni yalong‘och qilib yechintirishib, o‘g‘limga kiyimlarimni taxlab qo‘yishni buyrishdi. Keyin erim kelib bolamni olib ketdi. Keyin Mergentaev Risbek tegan oper kelib meni dubinka bilan kaltakladi. Meni qiynoqlarga solishib, tartibsizliklarda ishtirok etganman, degan qog‘ozga qo‘l qo‘ydirishdi. Prokuraturada esa, “Qochishga uringan paytida otib tashlandi”, deb hujjat qilamiz, deb qo‘rqitishdi. O‘sha paytdagi prokuror o‘rinbosari Jamila Turajanova militsiya xodimlarini ayol kishini kaltaklagani uchun uyaltirgandek bo‘ldi va menga 14 kishining ismi yozilgan ro‘yxatni ko‘rsatdi. Turajanova “Agar shularga qarshi ko‘rsatma bersang, guvoh qatorida qolasan”, deb shart qo‘ydi. Keyin men guvoh sifatida qolishim uchun 5 ming dollar pul so‘radi. Bunday pul menda yo‘q edi. Shuning uchun meni aybdor qatorida hujjatlashtirishdi. Men ko‘rsatma bermasam, 17 yoshli o‘g‘limni qamashlarini aytishdi. Men bunga yo‘l qo‘ya olmas edim, shuning uchun qamoqqa men rozi bo‘ldim, - dedi Minura Mamadalieva.

Sud jarayonida Dilshod Ro‘ziboev, Elmurod Rasulov va boshqa guvohlar ham tartibsizliklar paytida va militsiya xodimi Miktibek Sulaymanov o‘ldirilgan paytda voqea joyida Asqarov bo‘lmagani haqida ko‘rsatamalarni berdilar.

Bundan oldingi sud jarayonlarida asosan jabrlanuvchi va qoralovchi tomon guvohlari ko‘rsatma bergan edi. Asosan militsiya xodimlaridan iborat bo‘lgan guvohlarning ayrimlari Asqarovni voqea joyida ko‘rmaganlarini aytganlar. Biroq qoralov tomoni sud jarayonlarida Asqarovning ayblari guvohlar ko‘rsatmalari asosida isbotlanganini bildirib kelmoqda.

25 oktabr kuni o‘tgan sud jarayonida esa Asqarovning aybini isbotlovchi video huquq-tartibot tuzilmalarida mavjud emasligi rasman tan olingan. Olti yil davomida o‘tgan sudlarda huquq-tartibot tuzilmalari Asqarovning aybini isbotlovchi vidotasvir mavjudligini ro‘kach qilib kelayotgan edi.

Bundan ikki hafta oldin o‘tgan sud jarayonida Asqarov bilan birga hibsda saqlangan Mavlonbek Mahmudjonov huquq faolini 15 iyul kuni kaltaklaganini tan olgan edi. Biroq Mavlonov o‘zi nega hibsga olinganini, Azimjon Asqarovni kaltaklaganidan so‘ng nega hibsdan chiqarib yuborilganini tushuntirib bera olmagan.

Bundan tashqari Asqarov rasman 16 iyulda qamoqqa olingan bo‘lsa, Mavlonov uni 15 iyul kuni hibsxonada qanday qilib kaltaklashi mumkin edi, degan savol ham shu kungacha javobsiz qolmoqda.

Aytib o‘tish joizki, 25 oktabrdagi sud jarayoni yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi.

Joriy yilning aprel oyida BMT Inson huquqlari qo‘mitasi Asqarov ishini o‘rganib chiqib, qirg‘iz hukumati Asqarovni zudlikda qamoqdan bo‘shatishi shart, degan qarorni chiqargan edi.

Shundan so‘ng 12 iyulda Qirg‘iziston Oliy sudi Asqarovga nisbatan ikkinchi va uchinchi sud instansiyalari chiqargan umrbod qamoq jazosini bekor qilib, ishni qayta ko‘rib chiqish uchun Chuy viloyat sudiga jo‘natgan.

Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqish Chuy viloyat sudida bir oy avval boshlangan.

Azimjon Asqarovga nisbatan navbatdagi jarayon 8 noyabrda o‘tkaziladi. Sudning bu majlisiga himoya tomoni guvohlari taklif qilinishi kutilmoqda.

Sud jarayonini xalqaro tashkilotlar vakillari va Yevropa Ittifoqi davlatlari diplomatlari kuzatib bormoqda.

XS
SM
MD
LG