Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:37

Taniqli aktyor Matyoqub Matchonov amnistiya qarori asosida ozod etildi


Matyoqub Matchonov 4 iyulda hibsga olingan edi
Matyoqub Matchonov 4 iyulda hibsga olingan edi

31 oktabr kuni tushlikdan keyin taniqli aktyor Matyoqub Matchonov, O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevning amnistiya to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, sud zalidan ozod qilindi.

Bu haqda Ozodlikka sud ishida qatnashgan aktyorning yaqinlari ma’lum qildi.

Ozodlikka yetib kelgan fotosuratlarda sud zalidan ozod qilingan Matyoqub Matchonovning yaqinlari davrasida turganini ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Matyoqub Matchonov 4 iyulda MXX xodimlari tomonidan hibsga olingan edi.

60 yoshli Matchonov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 189-moddasi (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 184-moddasi (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 186-moddasi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish), 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bo‘yicha ayblangandi.

Aktyor hibsga olingan paytda uning narkotik moddalar savdosiga aloqadorligi haqidagi gap-so‘zlar paydo bo‘lgandi.

Biroq, Ozodlik qo‘lga kiritgan tergov xulosasida narkotikka aloqador birorta ham ayblov yo‘qligini ko‘rish mumkin.

Tergov ishidan xabardor Ozodlik manbalariga ko‘ra, Matchonov va uning sheriklari aniqlangan 180 million so‘m kamomadni davlatga qaytarganlar.

Hozirga qadar Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi taniqli aktyor ustidan mahkama jarayonini ikki marta qoldirdi.

Yaqinlariga ko‘ra, aktyor mahkama jarayonida o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan.

12 oktabrda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Shavkat Mirziyoev tomonidan taqdim etilgan amnistiya to‘g‘risidagi qaror loyihasini ko‘rib chiqib, Amnistiya to‘g‘risida qarorni qabul qilgandi.

Shavkat Mirziyoev Amnistiya to‘g‘risidagi taqdimnomani Senatga kiritgani Senat Kengashining 10 oktabr kuni o‘tgan majlisida ma’lum qilingan edi.

2016 yilgi amnistiya to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Konstitutsiyasining 24 yilligi munosabati bilan qabul qilindi.

Matyoqub Matchonov kinoda yaratgan ko‘plab rollari bilan o‘zbekistonliklarga yaxshi tanish
Matyoqub Matchonov kinoda yaratgan ko‘plab rollari bilan o‘zbekistonliklarga yaxshi tanish

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Matyoqub Matchonov 1980 yillar o‘rtalaridan o‘zbek teatr va kino muxlislariga yaxshi tanish.

U "Shaytanat", "Temir erkak", "Sug‘diyona", "Ulfatlar", "Dada", "Arzanda", "Xizmat doirasidan tashqarida ", "Sotqin" kabi filmlardagi rollari bilan kinomuxslar orasida shuhrat topgan.

Uch farzandning otasi Matyoqub Matchonov 2011 yili “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

XS
SM
MD
LG