Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:07

Toshkentda 5000 tadbirkorga ochiq gapirish imkoni berildi


“Istiqlol”san’at saroyidagi tadbir
“Istiqlol”san’at saroyidagi tadbir

Poytaxtdagi “Istiqlol” san’at saroyida 28oktabr kuni Toshkent shahri va viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan so‘ngi chorak asrda ilk marta ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan bu tadbirda Bosh prokuratura, Davlat soliq va bojxona qo‘mitalari, Adliya, Ichki ishlar vazirliklari mas’ul xodimlari, shuningdek o‘zini tadbirkor va ishbilarmonlar harakati sifatida taqdim etuvchi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakillari ishtirok etdi.

Toshkent hokimi tadbirkorga mikrofon berdi

“Istiqlol” saroyini to‘ldirgan 5000 tadbirkorga 28 oktabr kuni zalga o‘rnatilgan ikki mikrofon vositasida Soliq qo‘mitasi raisi va boshqa mulozimlarga “ochiq gapirish imkoni berildi”¸ deydi majlisda qatnashgan 38 yashar tadbirkor Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zini Muzaffar deya tanishtirgan bu yigit plastik rom ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi va Toshkent shahrida qayddan o‘tgan 48 ming tadbirkordan biri:

- Zal va balkon liq to‘ldi. Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov zalga qarata: "Savollar yozma berilsin!" dedi. Yoshi kattaroq odam chiqib: "Bu uchrashuv seminar emas, muloqot sifatida olib borilsa, yaxshi bo‘lardi"¸ dedi. Bu gapdan keyin Usmonov zalga yuzlanib, savol va takliflarni mikrofonga aytishga izn berdi. Shundan so‘ng zalning ikki tomoniga mikrofon qo‘yildi. Tadbirkorlar dardini aytish uchun navbatga turishdi¸ deydi suhbatdosh.

Tadbirkor tadbirkor gapini eshitishni ko‘p ham istamadi

Toshkentning Yashnobod tumanida qayddan o‘tgan ”Salomat Vafo Nur” shirkati egasi, yozuvchi Salomat Vafo ham mikrofonga navbatda turganlardan biri bo‘ldi.

Salomat Vafo Facebookdagi sahifasida¸ bu uchrashuvda o‘zining yetti minut gapirishga jur’at topganidan mamnunligini izhor qildi.

“Mikrofon oldida kutib turardim. Navbat menga kelib, hunarmandchilik sohasini rivojlantirish va ularga sayyohlar ko‘p bo‘ladigan shahar markazida alohida milliy rastalar qurish kerak¸ degan taklif aytdim. Chunki Kadishev bozoridagi milliy va adras liboslar sotadigan do‘konchamiz iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli yopilib qolgan edi.

Ikkinchi savolim Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududiga pasport ro‘yxatidan o‘tish va propiska qilinishi mumkin bo‘lgan 59 ta korxona haqida bo‘ldi. Bugungi kunda Toshkent bozorlarida propiskasiz bolalarini bog‘chaga va maktabga berolmayotgan, birovning nomiga sotib olgan uylariga egalik qilisha olmayotgani haqida hikoya qilayotgandim.. Demoqchi edimki, ro‘yxatdan o‘tish jarayoni reforma qilinishi lozim... Shu vaqt...zalda yig‘ilganlarning vag‘ir-vug‘uri boshlanib, hokim Rahmonbek aka ularni tinchlantirishga urindi. ”Biz sizni hurmat qilib chaqirdik, sizlar bir-biringizni hurmat qilinglar..” dedi. Va “opa, siz ham cho‘zib yubordingiz..” deya qo‘shib qo‘ydi. Birdan saroyning balkondagilarni hisobga olmaganda 4 ming odamning, 4 ming nigohi menga qadaldi. Va zaldagilar ham “o‘tiring, o‘tiring opa.. propiskaga nima bor bu erda..” deyishdi. Endi..mening o‘tirishdan boshqa ilojim qolmagan edi. Hamma yog‘imdan go‘yo olov chiqayotgan edi.

Meni kuzatib turgan ming-minglab nigohlar bosimida..yana qaddimni tik ko‘tardim. Odamlar bilan to‘la o‘rindiq qatorlariga mag‘rur boqdim. Va “..janob hokim...men tadbirkor ayollarning manfaatini himoya qilayapman, bular eshitmasa ..menda nima gunoh ?..” dedim. Hokim ham zalni tartib saqlashga chaqirdi. Bu so‘zlarni yozayotib o‘ylayapman:” Xudoning qudrati bilan 4 ming emas, 4 million odamga ham qarshi fikr bildirish mumkin ekan..” deya yozdi tadbir ishtirokchisi o‘z Facebook sahifasida.

Gunoh yana tadbirkorga yuklandi

Majlisning yana bir ishtirokchisi toshkentlik tadbirkor Muzaffar tadbirdan ko‘ngli to‘lmaganini aytadi:

-Tadbirkorni ortiqcha tekshirmanglar¸ degan tavsiyalar chiquvdi so‘nggi oylarda. Ammo Soliq qo‘mitasi raisi Parpievning gapi bunga teskaridek eshitildi. Biz tadbirkorlar soliq liberalizatsiyasi kabi yengillikklar kutgan edik. Ammo buni o‘rniga kim soliq to‘lamasa ishini sudga oshiraman¸ degan dashnom eshitdik. Parpiev majlisga kelgan Bosh prokuror Ahmedovga (Bosh prokuror Ixtiyor Abdullaev - tahr.) qarab¸ soliqni pisand qilmaydiganlarni tekshirishni so‘radi¸ deydi tadbirkor.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi rahbari Parpiev majlisda so‘zga chiqib¸ soliq to‘lamagan tadbirkorlarga oid raqamlarni e’lon qilgan.

Soliq qo‘mitasi nashrida Parpievning majlisda aytgan gaplari e’lon qilindi. Matnga ko‘ra¸ 2015 yil boshidan 2016 yilning oktyabriga qadar tadbirkorlar 225 milliard so‘m soliqni to‘lashdan bosh tortgan¸ 35 milliard so‘mlik xizmat uchun chek yozilmagan¸ 71 milliard so‘m bankka topshirilmagan.

Toshkentlik tadbirkor Muzaffar ta’kidicha¸ mahalliy tadbirkorlar valyuta konvertatsiyasi yo‘qligi bois¸ naqd pulni bankka qo‘ymasdan¸ bozorda almashtirishga majbur qolmoqdalar:

- Majlisda tadbirkor ayblandi. Ammo davlat siyosati tadbirkorni egri yo‘ldan borishga undashi haqida aytilmadi. Masalan¸ oddiy konvertatsiya yo‘qligi bois tadbirkor naqd pulni qora bozorda almashtirishga majbur¸ deydi suhbatdosh.

Muloqot ehtiyoji pishib-etilgan

Majlisda qatnashgan Salomat Vafo Ozodlik muxbiri bilan yozishma davomida majlisda mulozimga ham¸ tadbirkorga ham gapirish erkinligi berilganini yutuq o‘laroq baholadi:

- 5 ming odamga imkon berildi. Fakat jur’atli shaxslargina jamoaga yuzlana oldi.Tadbirkorlar bunday mulokot- uchrashuvni kutgan ekan. Majlis tugagandan so‘ng ham zaldan chiqqisi kelmadi¸ deydi suhbatdosh.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ majlisda qatnashishni istagan ko‘plab tadbirkor “Istiqlol” zaliga sig‘magani bois yig‘ilish “Milliy teatr” va Sirg‘ali tumanidagi to‘yxona kabi jami sakkizta zalga yig‘ilgan tadbirkorlarga onlayn tarzida namoyish etilgan.

Ushbu tadbir ortidan Davlat bojxona qo‘mitasi O‘zbekiston tadbirkorlari uchun maxsus videokonferensiya tashkil etib¸ unda tadbirkorlar savollariga javob bergan.

XS
SM
MD
LG