Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2019, Тошкент вақти: 15:24

Saratovda avtohalokatga uchragan o‘zbeklarning 6 nafari kasalxonaga yotqizildi (VIDEO)


Rossiya yo‘llarida avtobuslar halokati tez-tez yuz berib turadi.

Saratovda Peterburgdan Toshkentga ketayotgan 20 nafardan ko‘proq o‘zbekistonlik yo‘lovchi bo‘lgan avtobusning ag‘darilishi oqibatida 16 kishi jarohatlandi. Avtobus Saratov-Tambov yo‘nalishidagi Sadovka qishlog‘i yaqinida yakshanba kuni Moskva vaqti bilan soat 8dan 20 daqiqa o‘tganida ag‘darilib ketgan.

Saratov viloyat salomatlikni saqlash vazirligining bildirishicha, avtobus ag‘darilishi oqibatida jabrlangan o‘zbekistonliklarning 6 nafari kasalxonaga yotqizilgan, qolgan 10 odam yengil tan jarohatlari olgan.

Mahalliy telekanal tarqatgan videolavhada o‘ndan ortiq tez yordam mashinalariga shifokorlar va qutqaruvchilar jarohatlanganlarni solayotgani va shifokorlarning o‘zaro gap-so‘zlarini eshitish mumkin.

Shifokorlardan biri o‘zi tekshirayotgan o‘zbekistonlikning bir necha joyi singanini aytib, sanitarlarni yordamga chaqirayotganini ham ko‘rish mumkin.

-Tezroq kelinglar, bu yerdagining hamma yog‘i sinib yotibdi, -deydi videodagi vrachlardan biri.

Halokatga uchragan avtobusda, ayrim ma’lumotlarga qaraganda 24 nafar, boshqa ma’lumotlarda esa 28 nafar odam bo‘lgan. Saratov viloyat qutqaruv xizmati rasmiysi Sergey Dmitriev mahalliy matbuotga bergan intervyusida, avtobusda 28 odam bo‘lganini ta’kidladi.

-Avtobusda 28 odam ketayotgan bo‘lgan. Avtobus ag‘darilganidan ko‘p o‘tmay bu erga tez yordam va favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari kelib, jabrlanganlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatdi. Jarohati jiddiy bo‘lgan uch odam Saratov kasalxonasiga, qolganlari esa Oktabrsk va Tatishchevo shaharchalari kasalxonasiga yotqizildi, -deb ma’lumot bergan Sergey Dmitriev.

Dastlabki tekshiruv natijalariga qaraganda, “Yuton” rusumidagi avtobusni 23 yoshli Xursand ismli yigit boshqargan. Sankt-Peterburgdan Toshkentga ketayotgan avtobus Saratov-Tambov trassasida katta tezlikda kelayotib avariya bo‘lgan. Qor bosgan trassada haydovchi boshqaruvini qo‘ldan chiqarib yuborgani va buning oqibatida avtobus yo‘ldan chiqib ketib ag‘darilgan.

Saratovdagi “So‘g‘diyona” o‘zbek madaniy markazi prezidenti Rustam Mansurov avtohalokatga uchrgan avtobus yo‘lovchilari mahalliy o‘zbeklarning xonadonlariga joylashtirilganini aytdi. Rustam Mansurovga ko‘ra, halokatga uchragan o‘zbekistonliklar pulsiz qolgan.

-Biz Sankt-Peterburgdagi o‘zbeklar bilan gaplashdik. Ular ham bizga yordam ko‘rsatadigan bo‘lishdi. Halokatga uchragan o‘zbekistonliklar Peterburgdan Saratovgacha bir hafta yo‘l yurishgan. Ular hozir pulsiz qolishdi, lekin ularning bu erdagi harajatlarini o‘zimiz ko‘taramiz. Peterburgda avtobus egasini topishadi va u pullarni qaytarib beradi, deb umid qilayapmiz, -dedi Rustam Mansurov.

“So‘g‘diyona” o‘zbek madaniy markazi prezidenti Ozodlik muxbiriga mazkur masala yuzasidan Saratov viloyat hokimiyatida o‘tadigan yig‘ilishga shoshayotgani sababli voqea tafsilotlariga to‘laroq to‘xtalish imkoniyati yo‘qligini aytib, uzr so‘radi.

Bundan avval 2016 yil 22 martida Rossiyaning Penza viloyatida yuz bergan avtohalokat natijasida O‘zbekistonning 11 vatandoshi jarohatlangan edi.

Penza-Tambov yo‘lida ketayotgan mikroavtobusda o‘zbekistonlik 18 nafar mehnat muhojiri bo‘lgan. Zagoskino qishlog‘ida mikroavtobus DAF yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan. Buning oqibatida jarohatlangan 11 o‘zbekistonlikdan 10 nafari kaksalxonaga yotqizilgandi.

XS
SM
MD
LG