Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:07

Toshkentdagi elektr ta’minoti korxonasida qing‘irliklar fosh etildi


O‘zbekiston Prezidenti saylovida qatnashish istagini bildirgan to‘rt siyosiy partiya o‘z tarafdorlari orasida imzo yig‘moqda. Toshkent shahri Olmazor tumani elektr ta’minoti korxonasidagi qing‘irliklar fosh etildi. Joriy yilda O‘zbekistonga 24 holatda qizamiq kasalligining kirib kelishi qayd etildi. Joriy haftada matbuot mana shu haqda yozdi.

Siyosiy partiyalar prezident saylovida qatnashish uchun kamida 214 ming 350 ta imzo yig‘ishga kirishdi

O‘zbekiston Prezidenti saylovida qatnashish istagini bildirgan to‘rt siyosiy partiya o‘z tarafdorlari orasida imzo yig‘moqda. Bu haqda bir qator matbuot nashrlari xabar berdi.

Prezidentlikka har bir nomzod umumiy saylovchilarning kamida 1 foizi imzosini yig‘ishi kerak. Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, O‘zbekistonda 21 million 435 ming nafar saylovchi bo‘lib, har bir nomzod kamida 214 ming 350 ta imzo yig‘ishi talab etiladi.

Qayd etilishicha, imzo yig‘ish saylovchilarning ish va yashash joyi va saylov olib boriladigan hududlarda davom etmoqda. Jarayon 20 oktabrda tugallanishi lozim.

Saylov qonunchiligiga 2015 yil 29 dekabrda kiritilgan o‘zgartirishga qadar nomzodlar saylovchilarning kamida 5 foizi imzosini taqdim etishi kerak edi.

Toshkentdagi elektr ta’minoti korxonasida qing‘irliklar fosh etildi

Toshkent shahri Olmazor tumani elektr ta’minoti korxonasidagi qing‘irliklar fosh etildi (“Huquq”, 29 sentabr).

Tumandagi “Baraka yutuq” firmasining elektrdan 191 million qarzi bo‘lgani holda, 3,7 million so‘m mablag‘ undirilgan, 187 million so‘m esa elektr korxonasi rahbari Sherzod Mamajonov boshchiligidagi guruh tomonidan talon-taroj etilgan. Shuningdek, “Billur teks” firmasining elektrdan 271 million so‘mlik qarzidan ko‘z yumilgan.

Sh.Mamajonov Toshkent shahar elektr tarmoqlari va “Chorbog‘ GES qurilish” korxonalari mansabdorlari bilan til biriktirib, kapital ta’mirlashdan ham 19 million so‘m o‘zlashtirgan.

Qayd etilishicha, “hotamtoy” mansabdor Sh.Mamajonov xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab, xonadonlardan qarzdorlik bartaraf etishga e’tibor qaratmagan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudlanuvchilarga tegishli jazo tayinlagani xabar qilingan.

O‘zbekistonning chegara hududlarida epidemiologik nazorat kuchaytirildi

Joriy yilda O‘zbekistonga 24 holatda qizamiq kasalligining kirib kelishi qayd etildi (“Darakchi”, 29 sentabr).

Sog‘liqni saqlash vazirligi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori Dilorom Tursunovaga ko‘ra, shu bois chegara hududlarida epidemiologik nazorat kuchaytirilgan. Bemorlarga esa aeroprotning o‘zida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Bosh shifokor gepatit A xastaligiga qarshi kurashni kuchaytirish lozimligini ham eslatib o‘tgan.

“Bizning respublikamiz gepatit A bilan og‘rishning endemik hududi hisoblanadi. Bu virus asosan kuzda va qishda tarqaladi... Biz ota-onalarning xohishiga qarab, ushbu vaktsinalarni pullik markazlardan olishlarini tavsiya qilamiz”, deydi D.Tursunova.

XS
SM
MD
LG