Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:59

Moskvada huquq faoli Bahrom Hamroevni FSB hibsga oldi


Bahrom Hamroev
Bahrom Hamroev

29 sentabr ertalab Moskvadagi “Memorial” tashkiloti faoli, “Yordam” tashkiloti rahbari Bahrom Hamroev o‘z uyidan Rossiya xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlari tomonidan olib ketilgan.

Bu haqda Ozodlikka huquq faolining turmush o‘rtog‘i xabar qildi. “Memorial”va “Fuqaroviy ko‘mak”tashkilotlari Bahrom Hamroevning nima sababdan va qaerga olib ketilgani to‘g‘risida ma’lumot berilishini talab qilmoqda.

Huquq faoli Bahrom Hamroevning uyiga bugun tong saharda Rossiya huquq-tartibot organlari xodimlari kelib tintuv o‘tkazishgan va keyin uni olib ketishgan.

Bu haqdagi xabarni “Moskvadagi “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti rahbari Svetlana Gannushkinaga Hamroevning o‘zi telefon orqali etkazgan.

Svetlana Gannushkinaning Ozodlikka aytishicha Bahrom Hamroevning qanday ayblov bo‘yicha hibsga olingani hozircha qorong‘u qolmoqda.

- FSB xodimlari nima sababdan tintuv o‘tkazishganini aytishmagan. Faqat “Sen nima uchun “Hizb ut-Tahrir”ni himoya qilasan? deb so‘rashgan, xolos. Suhbat shu joyga kelib uzildi. Hozirga qadar Bahrom Hamroev bilan bog‘lanishga urunishimiz natija bermayapti. Hozirda biz advokatimiz orqali FSB ga ariza yozib, Bahrom Hamroevning nima sababdan va qaerga olib ketilganini bilmoqchimiz, dedi Moskvadagi “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti rahbari.

Svetlana Gannushkinaning aytishicha, Bahrom Hamroevning “Hizb ut-Tahrir” tashkilotiga aloqadorligi bo‘yicha gumonlarga biror asos yo‘q.

- “Hizb ut-Tahrir” bizga yot tashkilot. Chunki bu tashkilot butun dunyoda yagona rejimdagi davlat boshqaruvini talab etadi. Shuning uchun bizning “Memorial” tashkilotimiz xodimlari, jumladan Bahrom Hamroevning “Hizb ut-Tahrir”ga biror aloqasi yo‘q. Bizning ishimiz faqat insonlar haqlarini himoya qilishdir. Biz barcha tashkilotlar, jumladan “Hizb ut-Tahrir” tashkilotidagi insonlar huquqlari poymol etilishi va ushbu tashkilotga aloqadorligi soxtalashtirilgan ayblovlarga qarshi chiqib kelamiz. Aftidan, Bahrom Hamroevning bo‘yniga ana shunday soxtalashtirilgan ayblovni qo‘yishmoqchi, dedi Svetlana Gannushkina.

Bahrom Hamroev 1992 yildan buyon Rossiyada inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanib keladi.

U so‘nggi bir necha yildan buyon Rossiyada islomiy aqidaparastlik va diniy ayblovlar bilan hibsga olingan kishilarni himoya qilish bilan tanilgan. Bundan tashqari Markaziy Osiyo, xususan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari muammolarini yechishda faoliyat ko‘rsatib keladi.

XS
SM
MD
LG