Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:23

Jizzaxda kollej o‘quvchilari amaliyot uchun ish joyi topolmayapti


Jizzax viloyati Baxmal maishiy xizmat kasb-hunar kollejining uchinchi kurs talabalari amaliyot o‘tkazish uchun ish joyi topolmayapti. Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan kollej o‘quvchilariga ko‘ra, korxona va tashkilotlar bo‘sh ish o‘rni yo‘qligini ro‘kach qilib, ularning iltimoslarini rad etmoqda. O‘quvchilar savdo shoxobchalaridan pul evaziga amaliyot o‘tkazgani haqida shartnomaga imzo qo‘ydirib olishga majbur bo‘lmoqda.

Baxmal maishiy xizmat kasb-hunar kollejining o‘quvchilari amaliyot o‘tkazish uchun ish joyi topolmayotganidan Ozodlikka arz qildi:

“Biz o‘quvchilarni amaliyotga chiqarish mas’uliyati yuz foiz o‘quvchilarning o‘ziga yuklatilyapti. Chunki, to‘rttomonlama shartnomaga ko‘ra amaliyot o‘tkazishga rozilik bergan korxona yoki tashkilot kollejni bitirganimizdan keyin bizni ishga olishlari kerak. Lekin ular bo‘sh ish o‘rni yo‘qligi uchun shartnoma ham tuzmayapti, amaliyotga ham ruxsat bermayapti. Endi esa biz magazinlarga kirib, pechat bosib bering deb yalinib yuribmiz. Magazinchilar ham pechat uchun pul talab qilishyapti”, deb yozadi kollej o‘quvchilari.

Baxmal tumanida yashaydigan mahalla oqsoqollaridan biri ham kollej rahbariyati barcha mas’uliyatni ota-onalar zimmasiga tashlab qo‘yganini aytadi:

“Kollejni bitirgan o‘quvchilarni ish bilan ta’minlash haqida hukumatning qarori bor. Lekin bu qaror umuman bajarilmayapti. Bu yerdagi rahbarlar “ha, kollej o‘quvchilari yuz foiz ish bilan ta’minlandi”, degan yolg‘on axborotni bermasdan, shu yoshlarni ish bilan ta’minlash choralarini ko‘rishlari kerak. Lekin, bular hamma mas’uliyatni ota-onalarga yuklab qo‘yishyapti. Har qanday ota-onaning gapi ham tashkilot va korxona rahbarlariga o‘tavermaydi. Agar hokimiyat yoki prokuratura vakili ana shu yoshlar ortida tursa bir o‘zgarish bo‘ladi”, deydi mahalla oqsoqoli.

Baxmal maishiy xizmat kasb-hunar kollejining ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda o‘quvchilarning amaliyot o‘tkazish uchun ish joyi topishda sarson bo‘layotganini tasdiqladi:

“To‘g‘ri ish o‘rni topish qiyin bo‘lyapti. Lekin shunday bo‘lsa ham biz o‘quvchilarimizning tashkilotlar bilan shartnoma tuzishiga yordam beryapmiz. Lekin o‘quvchilarimizning magazinlarga borib iltimos qilib yurganini men eshitmadim”, deydi o‘qituvchi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, o‘quvchi, kollej ma’muriyati, ish beruvchi tashkilot va hokimiyat ishtirokida tuziladigan to‘rt tomonlama shartnomaga binoan, o‘quvchi kollejni bitirgandan so‘ng ish bilan ta’minlanishi kerak.

Biroq, kollej o‘quvchilariga ko‘ra, shartnoma tuzish uchun to‘rtinchi tomon, ya’ni ish beruvchi roziligini olishning imkoni bo‘lmay qolgan.

Ozodlikka kelayotgan shikoyatlarga ko‘ra, kollejni bitirgan o‘quvchilarni ish bilan ta’minlash masalasi, nafaqat Jizzax viloyatida, balki boshqa shahar va tumanlarda ham katta muammoga aylangan.

Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida istiqomat qiladigan otalardan biri ham ish topish mas’uliyati ota-onalarning zimmasiga yuklatilganini yozadi:

“O‘rtachirchiq pedagogika va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida ota-onalar majlisi bo‘ldi. Direktor ota-onalarga farzandalringizga o‘zlaringiz ish topib joylaysizlar, biz mas’ul emasmiz, dedi. Axir kasb-hunar kolleji bo‘lganidan keyin o‘zlari ish topib joylashlari kerak emasmi”, deb yozadi otalardan biri.

Andijon tumanidagi pedagogika kolleji talabalari esa ular amaliyot o‘tayotgan maktab direktori muhr bostirish uchun pora talab qilayotganini iddao qiladi:

“43-maktab direktori maktabda amaliyot o‘tayotgan pedagogika kollej talabalaridan amaliyot daftariga pechatь bosib berishi uchun 100 AQSh dollaridan pora talab qilmoqda. Bu holatni Andijon tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri yaxshi biladi, lekin hech qanday chora ko‘rmaydi”, deb iddao qiladi kollej o‘quvchilari.

Ishsizlik O‘zbekistondagi asosiy ijtimoiy muammolardan biri hisoblanadi. Sobiq ittifoq paytida ishlab turgan katta korxonalarning aksariyati bugun to‘xtab qolgani yoki kam quvvat bilan ishlayotgani aytiladi.

Hukumat har yili millionlab ish joylari tashkil qilinayotgani va mamlakatda ishsizlar yarim foizdan kamroq ekanini aytib kelsa-da, kollejni bitirib o‘z kasbi bo‘yicha ish topolmagan yoshlar xorijga mardikorlikka chiqib ketmoqda. Ularning asosiy qismi MDHning Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlarida ishlaydilar.

XS
SM
MD
LG