Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:56

Bishkek Astana bilan ittifoqqa kirgach, o‘zaro savdo 2 barobarga qisqardi


Qirg‘iziston Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqining to‘laqonli a’zosi, deb e’lon qilinganiga 12 yanvar kuni roppa-rosa 5 oy to‘ldi.

2015 ning 12 avgustida qirg‘iz-qozoq chegarasidagi “Aqjo‘l” chegara-o‘tkazish maskanida Qirg‘izistonning mazkur ittifoqqa kirishiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazilgan, tadbirda har ikki davlat rahbarlari qatnashgan edi.

5 oy – qisqa muddat, lekin dastlabki natijalar Rossiya etovidagi Ittifoqning yangi a’zosi uchun tashvishlidir.

Bishkek Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (YeOII)ga kirgach, Qirg‘iziston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ko‘lami ikka barobarga qisqarib ketdi.

Qirg‘iz respublikasi Boj xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘izistonning yana bir ittifoqdoshi - Rossiya bilan savdo-iqtisodiy aloqalari ham susayib ketgan.

2014 yili, ya’ni hali YeOIIga a’zo bo‘lmay turib, Qirg‘iziston Qozog‘istonga umumiy qiymati 340 mln. dollardan ziyod tovar eksport qilgan bo‘lsa, Ittifoqqa a’zo bo‘lgan 2015 yilda 150 mln. dollar miqdorida tovar sotgan xolos.

Ikki ittifoqdosh o‘rtasida 2015 yilgi savdoning umumiy qiymati 472 mln. dollarni tuzgan va bu ko‘rsatkich Qirg‘iziston YeOIIga a’zo bo‘lishi arafasidagi so‘nggi yil – 2014 yilgi ko‘rsatkichdan ikki barobarga ozdir.

Bu ma’lumotni Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati Qirg‘iz respublikasi Boj xizmati Axborot bo‘limi xodimi Jamanak Nusurkanovdan oldi.

Nusurkanov yangi ittifoqdoshlar o‘rtasidagi bu ko‘rinishni “AQSh dollarining qadri ko‘tarilib ketgani va jahondagi iqtisodiy bo‘hron” bilan izohlagan. Uning aytishicha, YeOIIga a’zo barcha mamlakatlarda ahvol shundaydir.

Qirg‘iziston YeOIIga a’zo bo‘lishi ortidan Xitoy tovarlarini reeksport qilish imkonidan mahrum bo‘la boshladi. Xitoy mollarini bevosita olib-sotadigan “Dordoy”, Qorasuv, “Madina” bozorlari tovarlari qimmatlab ketdi va oqibatda qo‘shni mamlakatlardan keladigan xaridor qochdi.

Endilikda Xitoy tovarlari reeksporti bilan Qirg‘iziston o‘rniga Qozog‘iston foydalanayotganini Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri Arzibek Kojoshev ham tan oldi. Kojoshevning aytishicha, reeksportning Qozog‘istonga o‘tib ketishi bu mamlakatning Jahon savdo tashkiloti a’zoligiga qabul qilinishi bilan bog‘liq.

Qozog‘iston Jahon savdo tashkilotiga o‘tgan yili a’zo bo‘lgan bo‘lsa, Qirg‘iziston bu tashkilotga 1998 yildan buyon a’zodir. Bas, shunday ekan, nima uchun reeksport eski a’zodan yangi a’zoga shtib ketadi?

Iqtisodiyot vaziri bu masalaga to‘xtalmagan.

Qirg‘izistonning YeOIIga kirishi masalasi respublika jamoatchiligi orasida juda uzoq muhokama qilingan. Ittifoqqa a’zo bo‘lish tarafdori bo‘lgan mamlakat rahbariyati bu qadam muvaffaqiyat keltirajagini, Ittifoqqa kirgandan so‘ng Rossiya va Qozog‘iston bilan savdo hajmi keskin ortajagini va’da qilgan edi. Amalda esa, mutlaqo aksi bo‘lib chiqqanini vaqt ko‘rsatib turibdi.

Qirg‘iziston parlamenti eks-deputati Ravshan Jeenbekovning fikricha, Qirg‘izistonning Rossiya va Qozog‘iston bilan savdosiga oid avvalgi raqamlar propagandistik maqsadlarga xizmat qildirilgan yolg‘on statistika edi.

- Hukumat Qirg‘izistonni YeOIIga a’zo qilish uchun soxta statistikani ko‘rsatib kelgan. Maqsad, Rossiya bilan aloqalarimiz tig‘iz degan gapni xalqning shuuriga singdirib, aldab, nima qilib bo‘lsa-da, mamlakatni o‘sha Ittifoqqa kiritish bo‘lgan. Aslida, savdomizning 60-70%i Xitoy bilan. Bugunga kelib Rossiya va Qozog‘iston bilan savdoning real ahvoli bilinib qoldi, degan eks deputat.

Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqini tuzish haqidagi shartnoma 2014 yilning 29 mayida Rossiya, Qozog‘iston va Belarus o‘rtasida imzolangan va mazkur hujjat 2015 yilning 1 yanvarida kuchga kirgan.

Qirg‘izistonning Ittifoqqa qo‘shilishi to‘g‘risidagi hujjatga 2014 yilning 23 dekabrida Moskvada qo‘l qo‘yilgan va 2015 yilning 12 avgustidan boshlab Qirg‘iziston YeOIIning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi.

2015 yilning 2 yanvaridan boshlab Armaniston ham YeOII a’zisidir.

YeOII to‘g‘risidagi Shartnomaga muvofiq ittifoq hududida tovarlar, xizmatlar va ishchi kuchining erkin harakati ta’minlanadi, iqtisodiyot sohasida kelishilgan yoki yagona siyosat yuritiladi.

Ba’zi tahlilchilar ushbu loyiha ortida Moskvaning iqtisodiy manfaatlari emas¸ balki siyosiy maqsadlari yashiringan¸ degan fikrni bildirib keladi.

O‘zbekiston Rossiya yetakchiligidagi integratsiyalashuv loyihalarini tanqid qilib keladi.

2014 yilning iyunida prezident Karimov Rossiya etakchiligida tuzilgan Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi unga a’zo davlatlar suverenitetiga tahdiddir, deb bayonot bergan.

XS
SM
MD
LG