Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:47

2015 da Putin yuzi biroz yorug‘ bo‘ldi, lekin Rossiya oldida hali muammo ko‘p


2014 yilning dekabrida AQSh prezidenti Barak Obama Vashingtonda bir guruh amerikalik ishbilarmonlar oldida chiqish qilar ekan, Rossiyani tanqid qildi. Obama Prezident Vladimir Putinning Ukrainadagi aralashuvi va “ortga tortuvchi siyosati“ xalqaro miqyosda Rossiyani butunlay yakkalatib qo‘ymoqda”, dedi.

Rossiya 2014 yilda Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qilishi va Kiev kuchlari bilan Rossiya dastaklayotgan ayirmachilar o‘rtasida yuzaga kelgan qonli to‘qnashuvlar ortidan Putin xalqaro miqyosda yakkalanib qoldi. Ammo 2015 yilda Rossiya prezidenti Suriyadagi harbiy aralashuvi hamda Parijdagi terror hujumlari ortidan aksilterror koalitsiya tuzishga doir chaqiriqlari sababli o‘z obro‘sini biroz qayta tiklaganday bo‘ldi.

Markazi Berlinda bo‘lgan “Markaziy va Sharqiy Yevropa, Rossiya hamda Markaziy Osiyo bo‘yicha Robert Bosh markazi”ning xodimi Stefan Meister: “Putinning [2015 yildagi] asosiy yutug‘i uning qaytib kelgani, hozir so‘zlashishimiz lozim bo‘lgan shaxs sifatida, hatto Ukraina bo‘hronidan boshqa bo‘hronlarni hal qilishda bizga yordam berishi mumkin bo‘lgan odam sifatida oz-moz tan olinganidir”, dedi.

Lekin Putinning Rossiya Suriyadagi fuqarolar urushini to‘xtatishda hal qiluvchi rol o‘ynashiga hamda terrorizmga qarshi umumiy kurashning lideri bo‘lishga erishishga qaratilgan harakatlari ayrim muammolarni keltirib chiqaradi.

Putin 30 sentyabr kuni Suriya hukumati kuchlarini qo‘llash uchun uning raqiblariga, jumladan, “Islomiy davlat” jangarilariga hamda mo‘’tadil isyonchi guruhlarga qarshi boshlagan havo hujumlari allaqachon G‘arb mamlakatlari hamda Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari g‘azabini keltirdi. Bu mamlakatlar Rossiya asosan o‘z hamkori bo‘lmish prezident Bashar al-Assadni qo‘llash uchun havo amaliyotini boshlaganini aytib keladilar.

Suriyadagi havo amaliyoti Rossiyaning shusiz ham oqsoqlanayotgan iqtisodining moliyaviy resurslarini ozaytirishi, mamlakatdagi ko‘p sonli sunniylarda adovat tug‘dirishi hamda Rossiyada terror xavfini oshirishi mumkin. 24 noyabr kuni Suriya-Turkiya chegarasida Rossiyaga tegishli SU 24 samolyoti turk harbiylari tomonidan urib tushirilishi kabi kutilmagan hodisalar Anqara va Moskva o‘rtasida kelib chiqqan janjal kabi geosiyosiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Putin 2015 yil boshiga solishtirganda hozir ozroq yakkalangan bo‘lsa-da, Rossiya xalqi ko‘proq ajralib qolgan. Putin Misrning Sinay yarim orolida Rossiyaga qarashli yo‘lovchi samolyot urib tushirilganidan so‘ng Qizil dengizga boruvchi reyslarni man qildi. “Islomiy davlat” jangarilari samolyotning urib tushirilishi Moskvaning Suriyadagi amaliyotlariga javob ekanligini ta’kidlashdi. Prezident keyinroq rossiyalik sayyohlarga Turkiyaga yo‘llanma sotishni man qildi.

Rossiyaning Suriyadagi havo hujumlari AQSh yoki Yevropa Ittifoqini Moskvaning Ukrainadagi aralashuvi sabab joriy qilingan sanktsiyalarni bekor qilishga undashi amri mahol. Yevropa Ittifoqi 21 dekabr kuni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni 2016 yilning iyuligacha uzaytirdi. Uning ertasi Vashington o‘ttizdan oshiq kishi va shirkatni o‘zining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.

Obama ma’muriyati Milliy xavfsizlik kengashining Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Selest Uollander Ozodlik radiosiga yaqinda bergan intervyusida: “Hech qanday kompromiss yo‘q bu erda, Rossiya Suriyada terrorga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik qilish orqali bizning Ukraina bo‘yicha aniq siyosatimizni o‘zgartira olmaydi”, dedi.

Nyu-York universiteti professori, Rossiya xavfsizlik xizmatlari bo‘yicha mutaxassis Mark Galeotti Putinning Suriyadagi faol amaliyotlari Yaqin Sharq siyosati bo‘yicha muzokaralarga Rossiyani qayta olib kirganini, “boshqalarga Rossiya ahamiyatga ega ekanligini” ko‘rsatayotganini, Rossiyada esa hukumatni “legitimlashtirishga katta ta’sir ko‘rsatayotganini” aytdi.

Ozodlik bilan suhbatda Galeotti: “Hozirgacha – buni derazadan sakrab, erga qulab tushgunicha o‘zini yaxshi ekanligini aytadigan odamga o‘xshatish mumkin – hozirgacha bu [amaliyotlar] [Putin] xohlagan ishlarni muvaffaqiyat bilan amalga oshirib kelmoqda”, dedi.

Galeotti Putinning 2015 yildagi tashqi ishlar siyosati “2014 yilning oqibatlari ustida ishlashdan” iborat bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

“Asosiy masala iqtisodiy sanktsiyalar va ular bilan bog‘liq o‘sib borayotgan yakkalanib qolish hamda bu ikkisini qaytarishga urinishdan iborat bo‘ldi. Buni Suriya sarguzashti misolida ochiq-oydin ko‘rdik”, dedi Galeotti.

Putin Suriya bo‘hroni hamda “Islomiy davlat” javobgarlikni o‘z bo‘yniga olgan ikki terror hujumi – 130 odam hayotiga zomin bo‘lgan Parij hujumi hamda 224 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan Rossiya samolyotining Misrda urib tushirilishi – yordamida o‘zining diplomatik mag‘rurligini ko‘rsatdi.

Xalqaro miqyosda Putin uchun 2014 va 2015 yil o‘rtasidagi eng muhim farqlardan biri G20 sammitida unga ko‘rsatilgan munosabat bo‘ldi.

Putin qattiq tanqidlarga uchragani uchun 2014 yilgi G20 sammitini erta tark etdi. Avstraliya Bosh vaziri Toni Abbot 2014 yilning iyulida sharqiy Ukrainada Malaysia Airlines shirkatining MH17 reysi urib tushirilgani sabab Putinni “yoqalashini” aytdi. Kiev va G‘arb mamlakatlari hukumatlari MH17 halokati ortida Rossiya dastaklayotgan ayirmachilar turishini aytib keladi.

Kanada bosh vaziri Stiven Xarper Putinga: “Siz bilan qo‘l berib ko‘rishaman, lekin sizga aytadigan bir gapim bor xolos: Ukrainadan chiqib ketishingiz kerak”, dedi.

2015 yilning noyabr oyida Antaliyada bo‘lib o‘tgan G20 sammitida bu kabi muomala kuzatilmadi. Bu safar Putin Obama bilan o‘tirib suhbatlashdi. Rossiya prezidenti yana bir necha davlat yetakchisi bilan uchrashdi. Bu sammitda Rossiya va G‘arb Suriyadagi fuqaroviy urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish yo‘lida ozgina ilgari siljidi.

AQSh tashqi ishlar vaziri Jon Kerri Putin bilan may oyida Sochi shahrida va dekabrь oyida Moskvada uchrashdi. May oyidagi uchrashuv Ukraina sharqida 9 mingdan oshiq odam umriga zomin bo‘lgan mojaro boshlanganidan keyin Kerrining Rossiyaga qilgan ilk tashrifi bo‘ldi. Fransiya prezidenti Fransua Olland Parij hujumlaridan keyin Moskvaga tashrif buyurdi hamda Suriyada “Islomiy davlat”ni engish uchun Moskva va Vashingtonni ko‘proq hamkorlik qilishga chaqirdi.

“Parij hujumlaridan keyin Ollandning darrov Moskvaga kelganini, uchrashuv davomidagi ijobiy gaplarni ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, Putin dunyoda Putin Rossiyasidan ko‘ra yomonroq narsalar borligini, Rossiyani chetlashtirish muammolar keltirib chiqarishi mumkinligini va bunday qilish muhim asbobni nari surib qo‘yayotganini ko‘rsata olganini kuzatamiz”, dedi Galeotti.

Kerrining navbatdagi Moskva tashrifidan oldin Uollander AQSh 2015 yilda Rossiya bilan Suriya bo‘yicha ko‘proq hamkorlik qilayotganini Obama ma’muriyatining Moskva bilan olib borayotgan ikki tabaqali siyosatining bir bo‘lagi o‘laroq ta’rifladi. Uollander Rossiya “Prezident Putin Ukrainadagi harakatlari sabab Rossiya boshiga tushgan yakkalanishdan” butunlay chiqib ketmaganini qo‘shimcha qildi.

“Rossiya hozir Suriyadagi fuqaroviy urushda to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy amaliyotlar vositasida faolroq ishtirok etmoqda. Ammo Rossiya global ahamiyatga ega masalalarda har doim ishtirok etgan. ... Global va milliy xavfsizlikka doir masalalar bo‘yicha har doim Rossiyani ajratish siyosatimizga istisno kiritganmiz”, dedi Uollander.

Mazkur oyda Kerri Putin bilan uchrashganidan keyin undan Rossiyaning ajralib qolgani haqida Obama bir yil avval aytgan sharhlar haqida so‘rashdi. Bunga javoban diplomat: “Bizda Rossiyani ajratib qo‘yish siyosatini olib borish niyatimiz yo‘q”, dedi.

“O‘sha paytda bo‘lib o‘tgan hodisalar haqida fikr bildirishga harakat qilingan. Lekin biz har doim Rossiya va AQSh hamkorlik qilsa, birga faoliyat yuritsa, dunyo uchun yaxshi bo‘lishini aytib kelganmiz”, dedi Kerri.

Rossiyada esa Ukrainadagi konflikt ortidan yuzaga kelgan aksilg‘arb kayfiyat yangi yilda yo‘q bo‘lmaydi.

Ozodlik bilan suhbatda Galeotti 2016 yilning sentyabr oyida Dumaning quyi palatasiga saylovlar o‘tkazilishi belgilangani sabab yangi yilda Rossiya siyosatchilari millatchi retorikaga berilishini aytdi.

Ammo Galeotti Kreml yangi yilda o‘zini sharqiy Ukrainadagi muommoni keltirib chiqargan “ulkan xatodan” ozod qilishga harakat qilishini qo‘shimcha qildi. “Menimcha, bu yil aloqalarni tiklash, ayrim sanksiyalar bekor qilinishiga erishish uchun kurashish yili bo‘ladi”, dedi u.

“Markaziy va Sharqiy Yevropa, Rossiya hamda Markaziy Osiyo bo‘yicha Robert Bosh markazi”ning xodimi Meister Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar ham keyingi yilda saylovlar o‘tkazishni rejalashtirar ekan, Putin populist harakatlar bosimi ostida uning tanglikni ozaytirishga qaratilgan chaqiriqlariga quloq soladiganlar hokimiyatga kelishiga umid qilishi mumkinligini aytdi.

“Menimcha bu Putin Ukraina va boshqa sobiq sovet mamlakatlarida ko‘proq muvaffaqiyatga erishishiga yo‘l ochib beradi. O‘ylaymanki, yangi yil Putin uchun yanada muvaffaqiyatliroq yil bo‘lishi mumkin”, dedi Meister.

Ammo Rossiyani yanada qattiqroq jazolashga chaqirayotganlar ham yo‘q emas. Bir necha Yevropa Ittifoqi mamlakati Rossiyaning “Shimoliy oqim 2” gaz quvurini yotqizish rejasiga qarshi chiqmoqda. Bu mamlakatlar mazkur loyiha Moskvaga energiya mahsulotlari yordamida yanada kattaroq ta’sir ko‘rsatish imkonini berishini, Yevropa Ittifoqi birligiga putur etkazishi mumkinligini ta’kidlamoqdalar. Turkiya bilan aloqalarning sovub ketgani esa Rossiyaning energiya mahsulotlarini Yevropaga eskport qilish harakatlariga to‘sqinlik qilmoqda.

Bundan tashqari, Rossiyaning Suriyadagi havo amaliyotlari oddiy fuqarolar o‘limiga sabab bo‘layotgani uchun Putin tobora ko‘proq tanqid qilinmoqda. 1991 yilda Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan keyingi yillarda Moskva kamdan-kam xorijda oddiy fuqarolar o‘limiga sabab bo‘lishda ayblangan edi.

Shia Eron hamda Tehron dastaklovchi “Hizbulloh” jangarilari yonini olish Rossiyani shia va sunniy musulmonlar o‘rtasidagi tarixiy janjal qa’riga tortib ketishi, bu esa Rossiya uchun jiddiy salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

AQSh tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari, Brookings Institution ilmiy markazining direktori Stroub Telbott noyabrь oyida Reuters agentligi bilan qilgan suhbati davomida: “Putin yaxshi strateg emas. U o‘ziga qarshi bo‘lib oladigan sunniy musulmonlarni bezovta qilmoqda”, dedi.

“Unda allaqachon ichki islomiy ekstremizm muammosi bor edi, endi esa unda tashqi muammo ham bor, chunki Sinaydagi samolyotning portlatilishi ortida IShID turibdi”, dedi.

Harbiy strategiyachi Edvard Lyuttvak esa Ozodlikning rus xizmatiga bergan intervyusida: “Rejalashtirilgan qirg‘inlar oldini olish uchun Putinda yetarlicha resurs bor”, dedi.

2014 yil amerikalik ishbilarmonlar bilan o‘tkazilgan uchrashuv davomida Obama Putinni keskin tanqid qildi, lekin Vashington Moskvaga Ukraina mojarosini diplomatik yo‘l bilan echish uchun yordam qo‘lini cho‘zishda davom etishini aytdi.

Oradan bir yil o‘tib, Uollander Ozodlik bilan suhbatda bu yo‘l haliyam ochiqligini, Vashington Minsk shartnomasi 2016 yil boshida amalga oshirilishiga umid qilishini aytdi. Minsk kelishuvi Rossiyadan Ukrainadagi harbiylarini olib chiqishni hamda chegara nazoratini Kievga o‘tkazib berishni talab qiladi. Kelishuv amalga oshishi uchun oxirgi kun sifatida 31 dekabr tanlangan edi.

Obamaning Rossiya bo‘yicha fikri avvalgi yilga solishtirganda yaxshi tomonga o‘zgargan-o‘zgarmagani haqidagi savolga Uollander AQSh prezidenti “haliyam o‘sha fikrda, chunki Rossiya o‘z majburiyatlarini bajarish hamda Ukraina muammolarini hal qilishga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha hech qanday siljish qilgani yo‘q”, dedi.

“Minsk bitimini butunlay amalga oshirish Rossiya yaxshi qo‘shni bo‘la oladigan, Yevropa Ittifoqining yaxshi hamkori bo‘la oladigan yo‘lga qaytganini ko‘rsatgan bo‘lar edi. Ammo biz hali buni kuzatmadik. Aytib o‘tganimdek, bunday bo‘lishini istisno qilganimiz yo‘q, lekin hali uni amalda kuzatmadik”, dedi Uollander.

XS
SM
MD
LG