Линклар

Шошилинч хабар
20 май 2022, Тошкент вақти: 22:01

Toshkentda noqonuniy yer ajratishlarga qarshi chiqqan deputat bosimdan shikoyat qildi


Toshkentning Uchtepa tumani kengashi deputati Nuriddin Zaynitdinov/Telegram

Toshkentning Uchtepa tumani kengashi deputati Nuriddin Zaynitdinov o‘ziga qarshi "siyosiy buyurtma, provokatsiya va bosim" bo‘layotganidan shikoyat qildi.

O‘zLiDeP partiyasi deputati o‘zining Telegram tarmog‘idagi murojaatida, buning ortida "tuman va shahar hokimliklari bilan bog‘liq uch-to‘rtta deputat" turgan bo‘lishi mumkin, deb da’vo qildi, ammo boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi.

Zaynitdinov 2020-2021 - yillar davomida Toshkentning Uchtepa tumanidagi noqonuniy qurilish va snoslarni keskin tanqid qilgach, jamoatchilikka keng tanilgan.

Uning himoyasiga chiqish qilayotgan hamkasblari, jurnalist va jamoatchilik arboblari keyingi paytda mahalliy kengash deputatlariga nisbatan bosim kuchayganini aytishmoqda.

Bunga qadar tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan XDP O‘rta Chirchiq tuman kengashi deputati Feruza Babasheva ham bosimlardan shikoyat qilgan va deputatlik vakolatidan mahrum qilingandi.

Toshkent shahar xalq deputatlari Uchtepa tuman kengashining O‘zLiDeP partiyasidan saylangan deputati Nuriddin Zaynitdinov bosimlar ortidan "faoliyatini to‘xtatishi mumkin"ligini aytmoqda.

U o‘zining Telegram-kanalida bosimlar uchun Toshkent shahri hokimiyati mulozimlari va ular himoyasida bo‘lgan ba’zi deputatlarni aybladi:

"Oxirgi voqealar fonida amaldagi deputatlik faoliyatimni yakunlash va partiya safidan chiqib ketish va boshqa siyosiy jarayonlarda ishtirok etmaslik fikriga keldim. Agar shunday qaror qabul qilsam, tushuningki, yetarli asoslar bor. Prezident talablarini o‘z bilganicha ishlatadigan rahbarlar bor ekan, odam bo‘lishimiz qiyin. Deputat - xalq vakili ekan, bu amalda shunday bo‘lishi kerak qog‘ozda emas", deb yozdi Zaynitdinov.

Deputat o‘ziga nisbatan bosimning aniq sababi va bunga mas’ul shaxslar ismini ochiqlamadi. Ozodlik hozircha deputatning o‘zi bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgani yo‘q.

Bunga qadar u bilan gaplashgan Gazeta.uz nashriga ko‘ra, Zaynitdinov bu provokatsiyalar ortida "tuman va shahar hokimliklariga aloqador uch-to‘rt deputat" turgan bo‘lishi mumkin deb iddao qilmoqda.

Bu bosimga esa, uning so‘zlariga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi chiqishlari, Toshkentda yer bilan bog‘liq muammolar va yanvar oyi boshida bo‘lib o‘tgan saylovlar sabab bo‘lishi mumkin.

Nuriddin Zaynitdinovning qayd etishicha, uning chiqishlari ortidan Uchtepa tumanida "tuman hokimi Farhod Abdullayevning tadbirkorlarga bolalar maydonchalari va ko‘kalamzorlashtirilgan hududlardan yer ajratish bo‘yicha ko‘plab qarorlari bekor qilingan".

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, uning talablari ortidan jami "20−30 ta noqonuniy yer ajratish bo‘yicha qarorlar" bekor qilingan va bu unga nisbatan bosimlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Oliy Majlis Senati deputatning bayonoti o‘rganilayotganini ma’lum qildi:

"Internet tarmoqlarida Toshkent shahar, Uchtepa tumani xalq deputatlari kengashi deputati Nuriddin Zaynitdinov faoliyati bilan bog‘liq holat keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xabarda deputat N.Zaynitdinovga qarshi bosim o‘tkazilayotgani, obro‘sizlantirishga urinishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan. O‘z navbatida, ushbu holat Senatning Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan nazoratga olinib, o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
O‘rganish natijalari to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot beriladi".

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP a’zosi Rasul Kusherbayev esa, O‘zbekistonda amalda ishlab turgan "mantiqsiz boshqaruv"ni tanqid qildi:

"Ikkita hokimiyatga bir shaxs rahbarlik qilib kelayotgan (ijroga ham, deputatlarga ham boshliq hokim), mantiqsiz boshqaruv sharoitida faol deputatlar bilan bunday ishlar bo‘lishi tabiiy hol… Umid qilamizki, joylardagi mana shunday mantiqsiz boshqaruv sharoitida boshqa deputatlar jur’atni yig‘ib, hamkasbini qo‘llab-quvvatlashga kuch topa oladilar".

O‘zbekistonlik jurnalist Xurshid Daliyev esa: "Deputat bosimlardan qutulish uchun deputatlikdan ketmoqchi. Yetib kelyapmizmi yoki yana ozgina bormi xali?" deb savol tashladi.

Yurist bloger Bahodir Ahmedov deputatlar tanqidini qabul qila olmayotgan amaldorlarga kinoya qildi:

"Masalan advokatlarni sudda sudya, prokurorlar yoqtiradi deb o‘ylaysizmi? Ularni e’tirozlarini yoqtirmaydi, lekin u zarur ekanini biladi va tishini tishga qo‘yadi. Suv bo‘lishi uchun ham vodorod, ham kislorod kerak. Bu ham xuddi shunday gap. Buni tushunadiganlar bor, tushunmaydigan kolxozlar ham bor. Kolxoz o‘rnida boshqa so‘z ishlatmoqchidim, etikaga to‘g‘ri kelmaydi-da".

Toshkentdagi mustaqil jurnalist va "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov mahalliy kengash deputatlariga bosimni "to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahalliy davlat hokimiyatidagi byurokratiya, korrupsiya va qonunsizlik"ka bog‘laydi:

"Keyingi paytlarda mahalliy kengashlar deputatlari bilan bog‘liq ko‘plab mojarolar, noroziliklar ko‘zga tashlanmoqda. Men buning sababini to‘g‘ridan to‘g‘ri mahalliy davlat hokimiyatidagi byurokratiya, korrupsiya va qonunsizlikda ko‘raman. Bunday sharoitda tabiiy, mahalliy kengash deputatining mavqei va obro‘si haqida gapirish mushkul. Ular deyarli himoyalanmagan, qonun ularga qolganda yetarlicha ishlamaydi".

Bunga qadar XDP O‘rta Chirchiq tuman kengashi deputati bo‘lgan Feruza Babasheva o‘ziga nisbatan bosimlardan shikoyat qilgan va deputatlik maqomidan mahrum qilingandi.

O‘zbekiston hukumatining 2017-2021 - yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida mahalliy boshqaruv idoralarida islohotlarni amalga oshirish, xususan, hokimlarni mahalliy kengashlarga raislik qilish vakolatidan mahrum qilish nazarda tutilgandi, ammo bu amalga oshmagan.

Mirziyoyev ikkinchi muddatga prezident etib saylanishi ortidan e’lon qilingan Taraqqiyot strategiyasi loyihasida mahalliy kengash rahbarligiga nomzodlar ko‘rsatish tartibiga o‘zgartirish kiritish nazarda tutilgan.

Ammo bu pirovardida mahalliy hokimlar qudratini cheklash va ularning hisobdorligini oshirishga olib keladimi, yo‘qmi, ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG