Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:49

“Rossiyani falokat kutmoqda”. Iqtisodchi YeIning “eng dahshatli” sanksiyalari haqida


Moskvadagi VTB Bankdan pul olish uchun navbatda turgan odamlar. 28-fevral, 2022.
Moskvadagi VTB Bankdan pul olish uchun navbatda turgan odamlar. 28-fevral, 2022.

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Rossiya neftiga embargo joriy etish masalasida hozircha kelisha olmayapti. Muzokaralar Yevropa mamlakatlarining YeIdagi vakillari va elchilari darajasida davom etadi.

Bloomberg xabariga ko‘ra, Yevrokomissiya Rossiya neftiga qaram bo‘lgan Vengriya, Slovakiya hamda Chexiyaga embargo kiritish uchun ko‘proq muhlat taklif qildi. Vengriya bosh vaziri Viktor Orban embargoni 2022-yil may oyi oxirlarida o‘tkaziladigan YeI mamlakatlari rahbarlari sammitida muhokama qilish taklifini o‘rtaga tashladi.

Ayni paytda Germaniya yil oxiriga qadar Rossiya neftidan butkul voz kechmoqchi – hatto YeI embargo qarorini qabul qilmagan taqdirda ham, ta’kidlamoqda Bloomberg, mamlakat hukumatidagi manbalariga tayangan holda.

YeI mamlakatlari embargo joriy etishga kelisha olishmasa, Rossiya, Ukrainadagi urush va G‘arb sanksiyalariga qaramay, 2022-yil oxirigacha neft va gaz importidan 320 milliard dollardan ziyod pul ishlashi mumkin. Bu o‘tgan yilgidan qariyb uchdan bir hissaga ko‘p.

Neftga 100 foiz embargo qo‘yish – Yevropa ittifoqi uchun Rossiyaga iqtisodiy ta’sir o‘tkazishning yagona imkoniyati emas, urg‘ulaydi rossiyalik olim, iqtisod fanlari doktori Igor Lipsits. Uning fikricha, energiya manbalari savdosi tushumidan soliq undirishni joriy etish mantiqiyroq bo‘lur edi.

“Bunaqa mexanizm Yevropada uglerod solig‘i ko‘rinishida allaqachon ishlayapti, Rossiya ushbu soliqni zararli texnologiyalari uchun to‘laydi, – izoh beradi Lipsits. – Neft daromadlariga ham shunaqa soliq solish mumkin edi. Rossiya pul tushumidan ancha-muncha yo‘qotgan bo‘lardi, chunki tushumning kattagina qismi maxsus soliq ko‘rinishida Ukraina iqtisodiyotini tiklash uchun ushlab qolinardi. Hamkasblarim hisob-kitob qilishicha, bu pul yiliga 50 milliard dollar bo‘ladi. O‘shanda Rossiya o‘z eksporti orqali Ukrainaga “yordam bergan” bo‘lar edi”.

Ekspert Rossiya nefti butkul taqiqlanishi Yevropada inqiroz keltirib chiqarishi mumkin, deb hisoblaydi. “Yevropa – bu farovonlik darajasi turlich bo‘lgan mamlakatlarni o‘z ichiga olgan keng qamrovli tushuncha. Germaniya iqtisodiyoti bardosh bera oladigan qiyinchiliklar Vengriya va Ruminiya iqtisodiyotini xiyla holdan toydiradi, Bolgariya iqtisodiyotini esa cho‘ktiradi. Shu bois, murosa-madora qilishlari kerak, albatta. Men aytgan soliq esa amalga kiritish nuqtai nazaridan ancha oddiy va oson yechim bo‘lur edi”, deydi olim.

Biroq, deydi Lipsits, Yevroittifoq sanksiyalarining oltinchi turkumida bitta “achitadigan” band bor, u – Rossiya neftini tashuvchi kemalarni sug‘urtalashni man etadi.

“Agar ana shu band qabul qilinsa, Rossiya ulkan falokatga yo‘liqadi. Rossiyaning tankerlar floti uncha katta emas. Neft yetkazib beriladigan katta quvurlar yo‘q. Demak, xomashyoni sisternalarda BAM (Baykal-Amur magistrali) bo‘ylab tashishga to‘g‘ri keladi, bu yo‘l esa juda tirband, binobarin, ko‘mir tashishni to‘xtatishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Ko‘mir ham byudjet uchun juda muhimligini hisobga olsak, Rossiyaga juda qiyin bo‘ladi”, bashorat qiladi olim.

Yevroittifoqning Rossiyaga nisbatan muhtamal cheklov choralari bu bilan tugamaydi, deya davom etadi iqtisodchi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga Skandinaviya orqali yuk tashishni taqiqlash ham nazariy jihatdan mumkin, lekin buni amalga oshirish qiyinroq.

“Bu Rossiya uchun unchalik qattiq zarba bo‘lmaydi, qaytaga, yuk jo‘natgan mamlakatga zarar keltiradi. Qolaversa, bu yog‘iga yuk kelishi kamayadi, chunki Rossiya qashshoqlashadi, bozor torayadi. Yettinchi turkumga kiritilishi mumkin bo‘lgan eng dahshatli sanksiya bu – “oziq-ovqat evaziga neft” modelidir. Ushbu holatda pul tushumi to‘liq G‘arb nazoratiga o‘tadi va Rossiyaga oziq-ovqat bilan dori-darmon yetkazib beriladi, xolos. Bu Rossiya agressiyasiga javobning eng yuqori nuqtasi. Rossiyaning bunga reaksiyasi qanday bo‘lishini ayta olmayman. Yadro quroli bilan hazillashib bo‘lmaydi”, deya so‘zini yakunlaydi Igor Lipsits.

XS
SM
MD
LG