Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:03

Qozog‘iston Rossiya bilan chegara viloyatlariga chetdan ko‘chib kelgan qozoqlarni joylashtirmoqda


Erondan evakuatsiya qilingan etnik qozoqlar. Shimoliy Qozog‘iston, 21-sentabr, 2021-yil
Erondan evakuatsiya qilingan etnik qozoqlar. Shimoliy Qozog‘iston, 21-sentabr, 2021-yil

So‘nggi oylarda xorijdan ota-bobolari vataniga qaytgan etnik qozoqlarning aytishicha, rasmiylar ularga mamlakatning Rossiya bilan chegaradosh shimoliy viloyatlariga joylashishni buyurmoqda.

Hukumatning ta’kidlashicha, aholi joylashtirish dasturi aholi siyrak yashaydigan mintaqalarda ishchi kuchi tanqisligini bartaraf etishga qaratilgan. Ammo ko‘pchilik rasmiy Ostona rusiyzabonlar aksar aholini tashkil qilgan mintaqalarda etnik muvozanatni ta’minlash uchun shunday qilyapti deb hisoblaydi.

Hukumat mamlakatning shimoli-sharqidan shimoli-g‘arbigacha uzangan yetti viloyat: Sharqiy Qozog‘iston, Pavlodar, Oqmo‘la, Shimoliy Qozog‘iston, Qo‘stanay, G‘arbiy Qozog‘iston va Atirauga mamlakatga qaytgan etnik qozoqlarni – “kandas”larni joylashtirish uchun kvotalar joriy qildi.

Shimolga ko‘chib o‘tgan kandaslar boshqa mintaqalarni tanlaganlarga nisbatan qo‘shimcha moliyaviy imtiyozlarga ega bo‘ladi. Imtiyozlar orasida oila-a’zolari uchun taxminan 450 AQSh dollari miqdorida bir martalik to‘lov va ijara, kommunal to‘lovlar uchun subsidiya bor.

Hukumatning ko‘proq aholini shimolga ko‘chirish dasturi yangilik emas. Ostona kandaslarni joylashtirishdan tashqari, shimolga ichki migratsiyani ham rag‘batlantirmoqda.

Ammo so‘nggi oylarda bu jarayon ancha faollashdi, mamlakatga qaytgan ba’zilar o‘z xohishlariga qarshi hukumat tomonidan tanlangan viloyatlarga ko‘chib o‘tishga buyruq berilganini da’vo qilmoqdalar.

Misol uchun, joriy yilning yozida Turkmanistondan ko‘chib kelgan 800 ga yaqin etnik qozoqdan faqat 44 nafariga o‘zlari tanlagan Mang‘istau viloyatiga joylashishga izn berilgan.

Boshqalarga esa Qozog‘iston hukumati tomonidan belgilangan hududlarga ko‘chib o‘tishga buyruq berilgan, aks holda, ular deportatsiya qilinishi kutilmoqda, deydi bir necha qaytib kelganlar.

Quralay Yesenmuratova bir necha yil avval Mang‘istauga ko‘chib kelgan keksa onasi va o‘g‘li bilan birga yashash uchun iyul oyida Turkmanistonning Bolqon viloyatidan kelgan edi.

Ammo u va boshqa qaytib kelganlar Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tganlarida, rasmiylar guruhga ularning yangi yashash joylari allaqachon ajratilganligini aytishgan.

57 yoshli Esenmuratovaning pasportiga viza muhri bosilib, u shimoliy Pavlodar viloyatiga ko‘chib o‘tishi kerakligi uqtirilgan, bu viloyatda esa uning oilasi va do‘stlari yo‘q.

“Mang‘istauga yetib kelganimizda, rasmiylar bizdan zudlik bilan vizalarimizda ko‘rsatilgan hududlarga borishimizni talab qilishdi”, deydi Esenmuratova Ozodlik radiosining qozoq xizmatiga.

“Ular: “Agar Pavlodarga bormasangiz, deportatsiya qilinasizlar deb aytishdi”.

Turkmanistonlik yana bir kandas, 29 yoshli Sog‘indiq Nazaraliyev yangi relokantlar shimoliy viloyatlarga ko‘chib o‘tish uchun bosim ostida qolganini tasdiqladi.

15-avgust kuni Mangistauga kelgan Nazaraliyevning aytishicha, uning uch kishilik oilasiga Pavlodar viloyatiga kechiktirmasdan ko‘chib o‘tishga buyruq berilgan. Hozir u Pavlodardagi Ekibastuz shahrida yashaydi.

Xorijdagi qozoqlarni, asosan, O‘zbekistonda (70 foiz), Xitoyda (10 foiz) va Turkmanistondagi (7 foiz) qozoqlarni o‘z vatanlariga qaytishga undaydigan maxsus hukumat dasturi doirasida 1991-yildan buyon 1,1 millionga yaqin etnik qozoq Qozog‘istonga ko‘chib kelgan.

Ularning aksariyati mamlakatning asosan, qozoqlar yashaydigan viloyatlari –Turkiston, Jambil va Olmaota viloyatlariga joylashgan.

Ostonadagi «PaperLab» tadqiqot markazi direktori Serik Beysembayevning aytishicha, hukumat odamlarni o‘z xohishiga qarshi u yerga joylashishni buyurgandan ko‘ra, "shimolni migratsiya uchun jozibador qilish mamsadida uning iqtisodiy rivojlanishiga sarmoya kiritishi" kerak.

O‘zlik masalalari

Ostonaning shimoldagi etnik muvozanatga (yoki ba’zilar aytganidek, shimolni qozoqlashtirishga) yanada ko‘proq e’tibor qaratayotganini ba’zilar Rossiya Ukrainadagi harbiy harakatlari ortidan mamlakatning Rossiya bilan 7600 kilometrlik chegarasidagi aholiga Moskvaning ta’sirini kamaytirishga urinish sifatida ko‘rmoqda.

Qozog‘iston rasmiylari so‘nggi yillarda ba’zi etnik ruslarda ko‘rilayotgan moskvaparastlik kayfiyatidan anchadan beri xavotir olib keladi.

Bu jarayon, ayniqsa, 2014-yildan so‘ng, Rossiya Ukrainaning Qrim yarimorolini noqonuniy ravishda anneksiya qilgani va Moskva qo‘llab-quvvatlagan ayirmachilar Ukraina sharqidagi Lugansk va Donetsk viloyatlarida noqonuniy ravishda mustaqillik e’lon qilganidan so‘ng ayniqsa kuchaydi.

Путиннинг Қозоғистон президенти исмини адаштириши тасодифми ëки...?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:54 0:00

O‘sha yili Rossiya prezidenti Vladimir Putin qozoqlar “hech qachon davlatchilikka ega bo‘lmagan” dedi. Qozog‘istonning davlatchiligi va hududiy yaxlitligini shubha ostiga qo‘yuvchi bunday izohlar o‘shandan beri Putin va boshqa o‘ta millatchi Rossiya yetakchilari tomonidan qayta-qayta takrorlandi.

O‘z vatanlarida etnik qozoqlar soni 1930-yillarda, ya’ni Sovet Ittifoqida kollektivlashtirish kampaniyasi ocharchilikka olib kelgan va kamida 1,3 million qozoqning o‘limiga sabab bo‘lgan va yana millionlab odamlar xorijga qochishga majbur bo‘lganida keskin kamaygan edi.

Ayni paytda Moskva ruslar va boshqa etnik guruhlarni Qozog‘istonga ko‘chib o‘tishga yo rag‘batlantirgan yoki majburlagan edi.

Qozog‘iston 1991-yilda mustaqillikka erishgach, etnik qozoqlar aholining 40 foizdan kamini tashkil qilgan. Hozirda bu ko‘rsatkich qariyb 70 foizga etgan.

Sobiq avtoritar prezident Nursulton Nazarboyev mamlakatdagi demografik muvozanatni o‘zgartirib, qozoq tili, madaniyati va an’analarini rivojlantirish orqali Qozog‘istonning milliy o‘ziga xosligini tiklashida katta hissa qo‘shdi.

Etnik ruslar Qozog‘istonning 19,4 millionlik aholisining qariyb 15 foizini tashkil qiladi, Sovet Ittifoqi parchalanishidan oldin bu ko‘rsatkich 37 foiz edi. Biroq Qozog‘istonning aksariyat shaharlarida rus tili hali ham keng tarqalgan.

XS
SM
MD
LG