Линклар

Шошилинч хабар
20 май 2022, Тошкент вақти: 21:39

Oqo‘rda Nazarboyev va uning yaqinlariga qarshi kampaniya boshladimi?


Sobiq va joriy prezidentlar - Nursulton Nazarboyev va Qasim-Jomart Toqayev Ostonadagi Navro‘z tantalarida, 21 - mart, 2019

Ozod Yevropa- Ozodlik radiosining Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Bryus Panniyerning yozishicha, Qozog‘istondagi hokimiyat yo‘laklarida “jangu jadallar” bosilarkan, Qasim-Jomart Toqayev salafi Nursulton Nazarboyev ustidan g‘alaba qozongani tobora yaqqolroq ko‘zga tashlanmoqda.

Aftidan, sobiq prezident bilan uning oila-a’zolari hokimiyat uchun kurashda navbatdagi nishonlar bo‘ladi.

Tinch norozilik tarzida boshlanib, keyinchalik tajovuzkor guruhlar aralashishi natijasida Olmaota va boshqa hududlarda beboshliklarga ulanib ketgan suronli voqealardan so‘ng Qozog‘istonda vaziyat normallashmoqda.

Tartibsizliklar manzarasida mamlakatda hozirgi prezident Qasim-Jomart Toqayev bilan uning hanuz nufuzini saqlab qolayotgan salafi – Nursulton Nazarboyev tarafdorlari o‘rtasida hokimiyat uchun kurash ketayotgani ayon bo‘ldi.

Ommaviy tartibsizliklar nihoyasiga yetmoqda, ammo, aftidan, birinchi prezident Nazarboyevning oila a’zolari va yaqin safdoshlarini oldinda jiddiy ko‘ngilsizliklar kutmoqda.

Hokimiyat uchun kurash natijasiga kimlardir shubha qilgan bo‘lsa, Toqayev 11 - yanvar kuni parlament majlisida Nazarboyevning kenja qizi Aliyaga aloqador deya ko‘riladigan xususiy shirkatning utillashtirish to‘lovlari yig‘ishiga chek qo‘yish to‘g‘risida farmoyish berish bilan bu shubhalarni tarqatib yubordi.

“Operator ROP” nomli shirkat faoliyati tadbirkorlarda va umuman jamiyatda ko‘plab savollar tug‘dirmoqda”, dedi Toqayev.

2005 - yilda tashkil qilingan “Operator ROP” shirkati avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish chog‘ida utillashtirish yig‘imi undirar va bu mablag‘larni tasarruf etardi. Shirkat maishiy chiqindilarni utillashtirish loyihalarida ham ishtirok etgan.

Hukumatning 12 - yanvardagi yig‘ilishida Qozog‘iston ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vaziri Serikkali Brekeshev shirkat 2016 - yildan beri qariyb 692 mlrd tenge (salkam 1,6 mlrd dollar) pul ishlaganini ma’lum qildi.

“Operator ROP” rasmiy saytida sobiq prezident Nazarboyevning kattakon fotosurati va uning “qattiq maishiy chiqindilarni kichik va o‘rta biznes subyektlarini keng jalb qilgan holda zamonaviy tarzda utillashtirish va qayta ishlash” choralarini ko‘rish xususida akimlarga bergan qat’iy tavsiyasi joylashtirilgan.

Шароф Убайдуллаев: "Қозоғистон бизга жиддий сабоқ бўлиши керак"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:42:38 0:00

Toqayevning 11 - yanvardagi bayonoti Nazarboyev oilasi a’zolarining had-hisobsiz boyliklari va aktivlariga nimadir xavf solishi mumkinligiga ilk bor ochiq ishora berdi.

5 - yanvarda Toqayev Nazarboyevning o‘rniga Xavfsizlik kengashiga raislik qilishini e’lon qilgandi. Mazkur qarorni ko‘pchilik “elboshi” nomi bilan mashhur 81 yoshli liderning taqdiri yomon tomonga o‘zgarishi mumkinligi alomati o‘laroq baholadi.

Ushbu muhim lavozim Nazarboyevga u 2019 - yil martida prezident vakolatlarini rasman Toqayevga topshirganidan so‘ng ta’sir-nufuzining kattagina qismini saqlab qolishiga yordam berdi.

Nazarboyevning matbuot kotibi Aydos Ukibay 9 - yanvar kuni ijtimoiy tarmoqda Nazarboyev go‘yo Xavfsizlik kengashi raisligidan o‘x ixtiyori bilan ketgani haqida yozdi. Qozog‘iston hukumatidan hech kim Ukibayning so‘zlarini tasdiqlagani yo‘q.

"Elboshi" 28 - dekabrdan beri jamoatchilikka ko‘rinish bermagani ortidan avj olgan turli mish-mishlarga javoban Ukibay 8 - yanvar kuni Tvitterda Nazarboyev poytaxtda ekanligini bildirdi.

Toqayev parlamentdagi chiqishida “birinchi prezident – Elboshi sharofati bilan mamlakatda o‘ta serdaromad shirkatlar guruhi va hatto xalqaro o‘lchovlar bo‘yicha ham o‘ta badavlat kishilar qatlami paydo bo‘ldi”, deya qo‘shimcha qildi.

Prezident “Qozog‘iston xalqi uchun” maxsus ijtimoiy fond yaratilishini bildirdi va yirik biznes unga “muntazam ravishda va salmoqli miqdorda pul ajratib turishi”ni aytdi. Uning urg‘ulashicha, hukumat “mazkur shirkatlar doirasini belgilab, fondga tushiriladigan yillik badallar miqdorini ular bilan kelishib oladi”.

Darig‘a Nazarboyeva parlament sessiyasida, 2 - sentabr, 2019
Darig‘a Nazarboyeva parlament sessiyasida, 2 - sentabr, 2019

“Xalqqa haqqini berish, unga tizimli va muntazam ko‘maklashish vaqti yetdi”, dedi yana prezident.

Toqayev biron bir ismni tilga olmadi, bunga zarurat ham yo‘q edi.

“Qazaqmis” rahbari Vladimir Kim yoki bankir Bo‘lat Utemuratov kabilar sobiq prezidentga yaqinligi va uning 30 yillik boshqaruvi davrida milliardlab dollar to‘plab olgani bilan tanilgan.

Nazarboyev oilasi a’zolari nihoyatda katta boylik orttirgani Qozog‘istonda barchaga ma’lum. Ozodlik radiosi bu mavzuda 2020 - yil dekabrda katta surishtiruv chop etgandi.

Nazarboyevning o‘rtancha qizi Dinara va uning eri Timur Qulibayev Qozog‘istonning eng badavlat kishilari sirasiga kiradi, ular Forbes’ning milliarderlar ro‘yxatidan ham joy olishgan.

Yaqinda yuz bergan tartibsizlik va zo‘ravonliklarga qadar Qozog‘iston G‘arb OAVlarida asosan Nazarboyev oilasi a’zolarining Yevropa, AQSh va Dubaydagi koshonalari, chorbog‘lari va hatto qasrlari yoki ulkan yaxtalari va xususiy uchoqlari tufayli tilga olinardi.

Nazarboyev oilasining aksar vakillari hozir qayerdaligi mavhumligicha qolayotir.

12 - yanvar kuni sobiq prezidentning to‘ng‘ich qizi va parlament deputati Darig‘a Nazarboyevaning yordamchisi u koronavirus yuqtirib olganini va hanuz Olmaotada davolanayotgani sababli parlament yig‘ilishida qatnashmaganini aytdi.

Shu kuni Qirg‘izistonning 24.kg saytida Nazarboyevning ukasi Bo‘lat 6 -yanvarda avtomobilda Qirg‘iziston hududiga o‘tgani va o‘sha kunning o‘zida Bishkekdan uchoqda Dubayga jo‘nagani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi.

Bellingcat surishtiruv guruhi namoyishlar boshlanishidan ikki kun o‘tib, 4 - yanvarda “Olmaotadan Jenevaga uchgan Bombardier Challenger 604 rusumli xususiy uchoq”ning parvoz yo‘nalishlarini kuzatdi.

Bellingcat ma’lum qilishicha, bu uchoq bir necha kun ichida Qozog‘istondan “Rossiyaga, Maldiv orollariga, Dubayga va Yevropa mamlakatlariga borib-kelgan”.

Shuningdek, surishtiruvchilarga ko‘ra, Bombardier Global 6000 uchog‘i 5 - yanvar kuni UTC vaqti bo‘yicha soat 10:00 dan 11:00 gacha Olmaotadan havoga ko‘tarilib, Britaniyaga yo‘l olgani qayd etilgan. “Biz uning London yaqinidagi Farnboro aeroportiga qo‘nganini aniqladik, Britaniyaga kelgan xususiy uchoqlar odatda shu havo qo‘nalg‘asidan foydalanadi”, deb yozadi Bellingcat.

Shuningdek, 5 - yanvarda Qozog‘istonga oid ikki uchoq Bishkekdagi “Manas” aeroportiga qisqa muddatga qo‘ndi: ulardan biri Dubaydan, ikkinchisi Shimoliy Makedoniyadan qaytgandi. Uchoqlarga texnik xizmat ko‘rsatilib, yoqilg‘i quyilgach ular yana havoga ko‘tarilgan.

Tartibsizliklar bo‘layotgan kunlari Xususiy uchoqlarning Qozog‘istonga serqatnov bo‘lib qolgani ko‘pchilikda “Nazarboyev oilasi a’zolari mamlakatni tark etishdi”, degan fikr uyg‘otdi.

Toqayev Nazarboyevlar ta’qib etilayotgani to‘g‘risida ochiq gapirgani yo‘q, Qozog‘iston mustaqilligining ilk kunlaridan e’tiboran “Elboshi” hukumatida ishlaganini hisobga olsak, u o‘zi uzoq yillar xizmat qilgan odamning oilasiga qarshi kurashda juda ehtiyotkorona harakat qilishiga to‘g‘ri keladi.

Biroq Toqayev, agar Nazarboyevlar oilasi a’zolarining noqonuniy yo‘l bilan topgan boyliklarini tortib olsa keng jamoatchilikning muhabbatini qozonishi mumkin. Joriy prezident, nihoyat, salafining soyasidan chiqib, o‘z hukumatini qura boshlaganida esa jamiyatning dastagi unga asqatishi turgan gap.

XS
SM
MD
LG