Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 09:03

Eronda koronavirus tarqagani epidemiyaning global ko‘lamga o‘tish qo‘rquvini kuchaytirdi


Eronda koronavirus tarqab borayotgani butun mintaqani jiddiy qo‘rquvga solib qo‘ydi.
Eronda koronavirus tarqab borayotgani butun mintaqani jiddiy qo‘rquvga solib qo‘ydi.

Eron, Italiya va Janubiy Koreya singari mamlakatlar epidemiya tarqalishi oldini olish uchun kurashayotgan paytda koronavirus pandemiyasi yoki uning global miqyosda tarqab ketishi bilan bog‘liq qo‘rquvlar kuchaymoqda. Shu kungacha Xitoyda ushbu virusdan o‘lganlar soni 2700 ga yaqinlashdi.

24 fevralda Afg‘oniston, Iroq, Bahrayn va Kuvayt ilk marta COVID-19 virusini yuqtirganlar qayd etilgani va ularning barchasi Erondan kelganlar ekanini ma’lum qildi. Virus o‘chog‘i bo‘lmish Xitoydan so‘ng eng ko‘p o‘lim holati hozirgacha Eronda qayd etildi.

Yarim rasmiy ILNA axborot agentligi xabariga ko‘ra, mamlakat markazidagi Qum shahrida 50 odam ayni virusdan o‘lgan, biroq Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Iroj Harirchi ushbu ma’lumotni matbuot konferensiyasi chog‘ida rad etdi. Rasmiy iddaosicha¸ 61 odamning virus yuqtirgani tasdiqlangan va ulardan 12 nafari vafot etgan.

Ayni paytda¸ Afg‘onistonning Ijtimoiy sog‘liqni saqlash vaziri Feruziddin Feruz mamlakat g‘arbidagi Hirot viloyatida uch odamning virus yuqtirgani tasdiqlangani va Eronga chegaradosh viloyatda favqulodda holat e’lon qilinganini bildirdi.

Vazir, virus yuqtirgan 25 yashar bemorning Qumdan qaytib kelganini ta’kidladi. Tehrondan 120 kilometr janubda joylashgan ushbu shahar Eron va boshqa mamlakatlarda istiqomat qilayotgan shialar uchun diniy ta’lim markazi sifatida mashhur.

Iroq Sog‘liqni saqlash vazirligi ham najaflik talabaga ushbu xastalik tashxisi qo‘yilganini aytdi.

Bemor Iroqqa hukumat chegarani yopishi va iroqlik bo‘lmaganlarning Erondan mamlakatga kirishini taqiqlashidan oldin kirgan, deyiladi vazirlik bayonotida.

Fors ko‘rfazidagi yana bir mamlakat – Kuvayt hukumati vakili Eronning Mashhad shahridan o‘tgan hafta evakuatsiya qilingan 700 kuvaytlik orasida 3 odamning yangi virusni yuqtirgani tasdiqlanganini xabar qildi.

Davlatga qarashli Bahreyn matbuoti mamlakatda Erondan koronavirus yuqtirib kelgan bir bemor borligi aniqlanganini e’lon qildi.

Eronning Qum shahrida kasallik tarqashini to‘xtatish maqsadida mahalliy hukumat jamoat joylarga odamlar yig‘ilishi va sayohatni chekladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bir qancha shaharlarda maktab va universitetlar, kinotetrlarni yopdi; teatr va konsert tadbirlari bekor qilindi. Professional futbol musobaqalari esa tomoshabinlarsiz o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Said Namakiy koronavirusdan o‘lganlar orasida bilvosita aviareyslar bilan Xitoy bilan Eron o‘rtasida qatnab yurgan bir savdogar ham borligini aytdi.

Qo‘shni mamlakatlar, jumladan, Iroq, Pokiston, Turkiya, Armaniston va Afg‘oniston sayohat va immigratsiya bo‘yicha Eron Islom Respublikasiga cheklovlar joriy etdi. Gruziya Eron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni bekor qildi.

Xitoydan so‘ng eng ko‘p koronavirus tarqalgan Janubiy Koreyada 833 nafar virus yuqtirgan shaxs borligi aniqlandi. Ularning ko‘pchiligi Daegu shahridagi cherkov jamoasi a’zolaridir.

Italiyada koronavirus yuqtirgan to‘rtinchi bemor vafot etdi. Lombardi viloyatida 4 kunda 165 odamda bu virus borligi qayd etildi.

Hokimiyat idoralari virus qayd etilgan shaharlarni yopib qo‘ydi hamda epidemiya tarqalishi oldini olish uchun mamlakat shimolidagi ijtimoiy yig‘inlar¸ xususan¸ dunëga mashhur Venetsiya karnavalini ham to‘xtatib qo‘ydi.

Xitoyning materik qismida koronavirusdan o‘lganlar soni 2592 ga yetdi¸ 77 mingga yaqin odamning virus yuqtirgani tasdiqlandi.

Kasallik tarqalishi oqibatida mamlakat parlamenti majlisi necha o‘n yillardan beri birinchi marta qoldirildi.

Davlat televideniyesi Milliy xalq kongressining 3 martga mo‘ljallangan majlisi kechiktirilgani va uning qachon o‘tkazilishi keyinroq belgilanishini xabar qildi.

XS
SM
MD
LG