Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:35

Imon Karimova onasini "o‘g‘ri" deb atagan Yulduz Usmonovaga "minnatdorchilik" bildirdi


Gulnora Karimova
Gulnora Karimova

O‘zbekiston sobiq prezidentining nevarasi Imon Karimova onasini “o‘g‘ri” deb atagan Yulduz Usmonovaga “minnatdorchilik”izhor etdi.

27 iyun kuni O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova o‘zbek shou biznesining Gulnora Karimovani yaqin kunlarda ozodlikka chiqishini so‘rab duo qilayotgan va madh etayotgan ayrim vakillarini keskin tanqid qilib chiqdi.

Internetda tarqatilgan videomurojaatda Yulduz Usmonova Gulnora Karimovani "o‘g‘ri", deb atadi.

"Siz o‘g‘irlab qochsangiz, men qaysi o‘g‘rini sog‘inishim kerak? O‘g‘ri-yu u! Yig‘ishtiringlar bunaqa xom-xatala gaplarni. Ijodni qilinglar, mikrofonni tuzukroq olib, ashula aytishni o‘rganinglar" – dedi Yulduz Usmonova.

San’atkorning bu videomurojaatiga Imon Karimovaning javobi o‘zbekistonliklarni kuttirib qo‘ymadi.

Imon Karimovaning Instagram sahifasi
Imon Karimovaning Instagram sahifasi

28 iyun kuni hozirda "London Iqtisodiyot Maktabi"da ta’lim olayotgan Imon Karimova Instagramdagi shaxsiy sahifasi orqali Yulduz Usmonovaga istehzoli "minnatdorchilik" bildirdi.

Imon Karimova Yulduz Usmonovaga onasining kolleksiyasidan kiyimlarni kiygani, unga atab qo‘shiq kuylagani va “Biz san’atkorlar — hammamiz k***miz” degan so‘zlarini eslatdi.

Imon Karimovaning Yulduz Usmonovaga javobi
Imon Karimovaning Yulduz Usmonovaga javobi

Quyida Imon Karimovaning Yulduz Usmonovaga yo‘llagan javobi:

Hurmatli Yulduz opa!

Siz Turkiyada quvg‘inda yurgan paytlaringizda va siz sevgan "Xalqlar do‘stligi" saroyida kontsert bera olmagan kunlaringizda onam sizni qo‘llab-quvvatlaganidan, joningizga oro kirganligini eslaganingiz uchun men va akam nomidan rahmat aytaman. Ya’ni, shu davr hukumat idoralari tomonidan sizga nisbatan keskin taqiqlar bo‘lishiga qaramay, "Asrlar sadosi" sahnasida qizingiz Nilufar bilan chiqqaningizni ham eslaymiz. Va siz o‘sha erda taqiqlarga qaramay, onamning yordami bilan O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti, ya’ni bobomizga atab jon dildan, yaxshi ko‘rib, "Hech kimga bermaymiz seni O‘zbekiston" qo‘shig‘ini ijro etgandingiz.

O‘tgan yili "Xalqlar do‘stligi" saroyida bergan kontsertingizda onamning "Guli" kollektsiyasidan libos so‘rab, olib turgan edingiz va shu libosda sahnaga chiqqaningizdan ham faxrlanamiz.

Shuningdek, biz sizga shaxsan onam uchun yozib kuylagan taniqli "Gulisan" qo‘shig‘i uchun ham rahmat deymiz.

Siz juda yoqtirgan, o‘sha biz bilan birga o‘tirishlarning birida "Biz san’atkorlar — hammamiz — ***miz", deb aytgandingiz va shundan so‘ng bu borada Rashid Xoliqov bilan hammaning oldida ko‘p marotaba tortishgan edingiz.

Lekin biz hozir ochiqchasiga, shaffoflarcha tan olib aytamizki, siz xalqimizning g‘ururli san’atkorisiz va sizdan boshqalar o‘rnak oladi. Sizga Alloh barcha qilgan yaxshiliklaringizga yarasha ajrini bersin".

Gulnoraga atalgan qo‘shiq

​Yulduz Usmonova Islom Karimov davrida Sherali Jo‘raev va Obid Asomov kabi muayyan vaqt “taqiqlangan san’atkor”lar qatorida bo‘lgan. Yulduz Usmonova o‘ziga qo‘yilgan taqiqni Gulnora Karimova vositasida hal etishga harakat kilgani ham aytib kelinadi.

U 2013 yili Dubaydagi konserti paytida Gulnora Karimovaga bag‘ishlangan “Gulisan” degan qo‘shiq​ aytgan.

Yulduz Usmonova “Gulisan”, degan qo‘shiq taqdimotida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizining sanoqsiz boyliklari bilan qiziqqan jurnalistlarni tanqid ham qilib o‘tgan edi:

- Sizlarni nima ishlaring bor uni puli qaerdan kelgani haqida?! Malika-ku u axir¸ uzumini yenglar, bog‘ini surishtirmanglar¸- degan edi Yulduz Usmonova.

Gulnoraga qilingan ta’zim

Internetdagi Youtube.com portaliga yuklangan videotasvirda Yulduz Usmonova 2013 yilda Gulnora Karimovaga ta’zim qilayotgan onlari aks etgan.

Youtube.com portalidagi tasvirda Yulduz Usmonova prezidentning qiziga minnatdorlik ma’ruzasini rus tilida boshlab, o‘zbekcha davom ettirgan edi:

- I xochu skazat, judayam ko‘pchiliginglar gap orqali bilasizlar, xolos. (Gulnora Karimova haqida aytilyapti - tahr.) O‘zi mana shunaqangi bir sadda qiz. (sodda qiz demoqchi - tahr.) Bir odamni atrofiga plastilinga o‘xshab yopishtirib, bir narsalaaa qib tashlaydi... Otangga balli qiz bu. Chunki qatta bo‘sayam, o‘zini atlasini toshiydi. Qatta bo‘sayam o‘zbekligini oboradi. Shuning uchun Ollohdan yuqqani rost bo‘lsin! (Nima yuqqani haqida aniqlama yo‘q - tahr.) Hammamizning yo‘limizni rost qilsin! (Obid Asomov tarafga qarab qo‘yadi - tahr.) Xalqning yo‘li ochilsin! Mana shunaqangi qizlarimizniyam yo‘li ochiq bo‘lsin, degan edi yurist diplomiga ega sobiq deputat, xalq artisti Yulduz Usmonova. (Matnda xonandaning so‘zlashuv uslubi ayni holida saqlandi - tahr.)

Ana shundan keyin Yulduz Usmonova Gulnora Karimovaga bag‘ishlangan “Gulisan” qo‘shig‘ini yana bir bor ijro qilgan edi :

Qordan qo‘rqmas chuchmoma,

Gullayversang qishda ham,

Qishning Gulisan.

Har ko‘ngilga yo‘l topib,

Isyonini ololsang,

Ko‘ngil Gulisan.

XS
SM
MD
LG