Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:01

OzodDayjest: Poytaxtni Toshkentdan Jizzaxga ko‘chirish taklif etildi


Jizzax shahri markazidagi Sharof Rashidovga o‘rnatilgan yodgorlik.
Jizzax shahri markazidagi Sharof Rashidovga o‘rnatilgan yodgorlik.

Xorazmlik jurnalist Davlat statistika qo‘mitasini yolg‘on ma’lumot taqdim etishda aybladi. Yozuvchi Evril Turon O‘zbekiston poytaxtini Toshkent shahridan Jizzax hududiga ko‘chirishni taklif qildi. Besh yashar o‘g‘lini o‘ldirgan andijonlik ayol 6 yilga qamaldi.

_____________________________________________________________

Poytaxtni Toshkentdan Jizzaxga ko‘chirish va uni Temurkent deb atash taklif etildi

Yozuvchi Evril Turon (Mamadali Mahmudov) O‘zbekiston poytaxtini Toshkent shahridan Jizzax hududiga ko‘chirishni taklif qildi (uza.uz, 20 fevral). Yozuvchiga ko‘ra, Toshkent mamlakatning chekka qismida joylashgan va bu hol boshqa viloyatlar uchun ham noqulaylik tug‘dirmoqda, ham ortiqcha xarajatlarga sabab bo‘lmoqda. “Toshkent qayda? O‘zbekyurtning eng chekka qismida. Qozoqyurtning biqinida. Ul olis o‘lkalardan Toshkentga kelishguncha, qancha vaqt, qancha mablag‘, qancha yoqilg‘i ketadi? Vodiydan-chi? Xuddi shunday xarajat. Ya’ni: trillion, trillionlar! Bu mablag‘ga zavod, fabrikalar, shaharlar qurish mumkin. Davlatchilik tarixi shuni ko‘rsatadi: Boshkent – yurtning o‘rtaroq qismida bunyod etiladi”, deb yozadi muallif. Poytaxt uchun yangi maskan sifatida G‘allaorol, Zomin yoki Bog‘don (Forish) tumanlari hududi taklif etilgan. Muallifga ko‘ra, yangi qurilajak poytaxt Temurkent deb atalishi lozim. “Shubhasiz, Jizzax: saodatli o‘lka, tuprog‘i oltin o‘lka, yer osti bazalt, temir, qo‘rg‘oshin, ruh, ohak, marmar, granit, kumush, oltin...larga boy o‘lka. O‘n millionlarni boqishga qodir o‘lka”, deydi Evril Turon. Ta’kidlanishicha, ushbu ulkan loyihani amalga oshirish uchun mamlakatning o‘marilgan milliardlari g‘aznaga qaytarilishi, yer osti va usti boyliklari tejalishi, korruptsiya ildizi tag-tugi bilan yo‘qotilishi lozim.

Davlat statistika qo‘mitasi yolg‘on ma’lumot taqdim etishda ayblandi

Xorazmlik jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov Davlat statistika qo‘mitasini yolg‘on ma’lumot taqdim etishda aybladi (“Jamiyat”, 15 fevral). Gap shundaki, yaqinda bir qator ommaviy axborot vositalari qo‘mita ma’lumotiga tayangan holda “2018 yilning yanvar-dekabr oylarida O‘zbekiston bo‘yicha o‘rtacha nominal hisoblangan ish haqi 1 million 822,2 ming so‘mni tashkil etgan”, degan mazmunda ma’lumot tarqatdi. Holbuki, mazkur raqam mamlakatdagi o‘rtacha ish haqi miqdorini emas, yuridik shaxslarning ish haqi fondini (qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik sub’ektlaridan tashqari) ifodalaydi. “Nega davlat statistika organlari taqdim qilingan ma’lumotni asliday qilib byudjet va unga aloqador tashkilotlarda ishlovchilarning ish haqi deb e’lon qilmadi? O‘zbekistondagi ish haqi falon pul deb xabar berayotgan ayrim saytlar oddiy xalq turmush tarzi, real holatdan shu qadar uzoqmi?” deb yozadi D. Ro‘zmetov. Qayd etilishicha, jurnalist bu boradagi mulohazalarini ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgach, Davlat statistika qo‘mitasining mas’ul xodimi unga qo‘ng‘iroq qilib, “odamlarning fikrini chalg‘ityapsiz” deya iddao qilgan. Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoev avvalroq statistika jabhasida iqtisodiyot tarmoqlaridagi real holatni ob’ektiv ko‘rsatib beruvchi ishonchli tadqiqotlar yo‘qligini tanqid qilgan.

5 yashar o‘g‘lini o‘ldirgan ayol qotillik sababini ma’lum qildi

Besh yoshli o‘g‘lini kaltaklab o‘ldirgan andijonlik Shahnoza Valievaga hukm o‘qildi, deb xabar beradi “Darakchi” nashri. Ayol 2012 yilda Sh. Valievga turmushga chiqqan va ikki farzandli bo‘lgan. 2015 yil may oyida oilaboshi ishlash uchun Rossiyaga ketgan. 2018 yil 15 oktabr kuni Sh. Valieva o‘z uyida norasida o‘g‘lini shafqatsizlarcha urib o‘ldirgan. Qayd etilishicha, qaynonasi bilan ko‘p bora ziddiyatlarga borgan ayol voyaga yetmagan farzandi “buvimnikiga boraman”, deb xarxasha qilganidan g‘azablangan. Sud jarayonida Sh. Valieva eri va qaynonasi tomonidan bir necha yil davomida o‘tkazilgan ruhiy tazyiqlar bois o‘zini idora etolmay qolgani va farzandi qotiliga aylanganini aytgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Ulug‘nor tumani sudi raisi Sardorbek Yusupovga ko‘ra, bolasi o‘limiga sabab bo‘lgan ona 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

XS
SM
MD
LG