Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:07

OzodDayjest: Surxondaryoda 5000 yillik noyob obida daydi itlar qo‘nimgohiga aylanib qoldi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

“O‘zdonmahsulot” shirkati rahbari katta miqdorda pora olgani iddao qilinmoqda. Surxondaryo viloyatidagi qator qadimiy obidalar qarovsizlikdan vayron bo‘layapti. Janubiy Koreya O‘zbekistonga viza tartibini buzayotgan vatandoshlar sabab e’tiroz bildirmoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

“O‘zdonmahsulot” shirkati rahbari olgan pora miqdori hisoblanmoqda

Yaqinda poraxo‘rlikda ayblanib qamoqqa olingan “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik jamiyati raisi Sur’at Haydarovga nisbatan tergov davom ettirilmoqda (“Xalq so‘zi”, 18 iyul). “Olingan poralarning umumiy miqdori hozirgi kunda aniqlanmoqda. Lekin raqamlar miqdori oz emas”, deb yozadi hukumati nashri. Qayd etilishicha, “O‘zdonmahsulot” shirkati rahbari tizimdagi muammolardan ko‘z yumib, buning evaziga katta miqdorda pora olib kelgan. Muhim lavozimlarga qarindoshlarini joylashtirgan S.Haydarov pora olish sxemasini joriy etishda ayblanmoqda. Ma’lum qilinishicha, S.Haydarovning yordamchisi va kuyovi J.Sharipov xorijiy valyutada pora olayotganda qo‘lga tushirilgan va buning ortida “O‘zdonmahsulot” shirkati rahbarining o‘zi ham hibsga olingan. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil 6 oyi davomida 867 nafar mansabdorga jinoiy ish ochilgan. Ushbu jinoiy ishlarning 56 tasi poraxo‘rlikka taalluqli.

Surxondaryodagi bir qator noyob obidalar qarovsiz qolib vayron bo‘lmoqda

Surxondaryo viloyatidagi bir qator qadimiy obidalar qarovsiz qolib vayron bo‘lmoqda (“XXI asr”, 19 iyul). Muzrabot tumanidagi 5000 yillik tarixga ega Sopollitepa obidasi atrofi devor bilan muhofaza etilmagan. Shu sabab ushbu ko‘hna tarixiy obida daydi itlar va qo‘ychivonlarning chorvasiga qo‘nimgoh vazifasini o‘tamoqda. Miloddan avvalgi I asrga taalluqli Fayoztepa manzili ham obodonlashtirilmagan. Obidani turli tabiat ofatlardan saqlash uchun suv to‘plash vositasi – drenaj tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Oqibatda Fayoztepa barxanlar orasida qumpaykalga aylanib qolmoqda. Termiz tumanidagi 5 asrlik tarixga ega Qirqqiz qal’asi ham inson omili tufayli yemirilib bormoqda. Tarixiy hudud chiqindi bilan, inshoot devorlari esa “sevgi bitiklari” bilan to‘lgan. Bunday achinarli holatlarni X-XVI asrlarga mansub Sulton Saodat, XVI asrda qurilgan Kokildor ota majmualarida ham ko‘rish mumkin, deb yozadi gazeta.

O‘zbekiston migratsiya agentligi boshlig‘i mehnat muhojirlarining til bilmasligini “og‘riqli nuqta” deb atadi

O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga ishlash uchun borib shartnomani buzgan holda qochib ketayotgan nolegallar ko‘paymoqda (“Darakchi”, 19 iyul). Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshlig‘i Ravshan Ibragimovga ko‘ra, Koreya tomoni viza tartibini buzayotgan vatandoshlar bois O‘zbekistonga e’tiroz bildirmoqda. Shuningdek, o‘zbekistonliklarning koreys tilini bilmasligi ham mezbon davlatga ma’qul kelmayotir. Bu esa O‘zbekistonga ajratilayotgan kvotalar soni kamayishiga sabab bo‘lmoqda. Agentlik rahbariga ko‘ra, Rossiyaga ketayotgan vatandoshlar orasida ham malakasizlar soni ko‘p. “Rossiyaga ishga ketuvchilar eng og‘riqli nuqtamiz. Chunki rus tilini bilishmaydi. Yiliga 1 million atrofida fuqaro ketyapti. Bu katta ko‘rsatkich. Fuqarolarning norasmiy ravishda xorijga chiqib ketishlari ko‘plab muammolarni keltirib chiqarmoqda”, deydi O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshlig‘i Ravshan Ibragimov.

XS
SM
MD
LG