Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:41

Moskvada o‘zbek xakeri bir yarim yilga qamaldi


O‘zbek hakeri Aziz Abdaliev
O‘zbek hakeri Aziz Abdaliev

Moskvaning Basman sudi o‘zbekistonlik 30 yoshli Aziz Abdalievni kompyuterga Windows 7 va buxgalteriyaga oid maxsus programmalarni noqonuniy yuklash va o‘rnatishga uringani uchun 1,5 yillik qamoq jazosiga hukm etdi. O‘zbek muhojiri Moskvaning Kursk vokzalida Windows 7 programmasini “xaridor” politsiya xodimlari kompyuteriga yuklab berish paytida qo‘lga olindi. Politsiya rasmiylariga ko‘ra, hibsga olish paytida o‘zbek “xakeri” yonida qalbaki pasport va haydovchilik guvohnomasi bo‘lgan.

Tergov paytida Aziz Abdaliev 10 yildan ortiq Moskvada yashab kelgani, shu paytga qadar noqonuniy ishlar bilan shug‘ullanmagani, O‘zbekistondagi oila a’zolariga yordam berish uchun bunday amalga birinchi bor qo‘l urishga majbur bo‘lganini aytdi.

Azizning aytishicha, u qo‘lga olinganiga qadar noutbukka operatsiya sistemasi yuklab berish bilan hammasi bo‘lib 3500 ming rubl pul ortirgan, xolos.Yaqinda o‘z hujjatlarini yo‘qotgani bois, Aziz qalbaki pasport bilan yurishga majbur bo‘lgan.

Moskvaning Basman sudi Aziz Abdalievni “kompyuter ma’lumotiga qonunga xilof ravishda kirish” hamda “mualliflik huquqini buzganlikda” aybdor deb topdi va muhojirni 1,5 yillik qamoq jazosiga hukm etdi. Tergov xulosasiga ko‘ra, Aziz joriy yilning 4 avgustida Rossiyada blok qilingan torrent-treker Pirat.ca distributivlaridan Windows 7, Microsoft Office, 1S "Buxgalteriya" i 1S "Predpriyatie" programmalarini yuklab olgan. Oradan bir kun o‘tib, Azizni Moskvaning Kursk vokzalida “xaridor” politsiyachilar qo‘lga olgan.

Tergov tomoni OOO "Maykrosoft Rus" va OOO "1S" shirkatlariga yetkazilgan zarar qo‘lamini 884 ming rubl (taqriban 14030 AQSh dollari) baholadi.

Hukm o‘qilganidan so‘ng, o‘zbekistonlik muhojir 1,5 yillik qamoqdagi vaqtini ingliz tili va kompyuter sohasidagi bilimini oshirishga sarflashi va qamoqxonadan chiqqanida so‘ng WEB-saytlar yaratish bilan shug‘ullanishini bildirdi.

Sankt-Peterburgda ishlayotgan Bek Nazarning aytishicha Rossiyaga ish izlab kelayotgan mehnat muhojirlari orasida Azizga o‘xshab, pul topishga urinayotgan o‘zbeklar kam emas.

- Meni kuzatishimcha, so‘ngi yillarda xususan Peterburgda kompyuter, internet sohasini yaxshi biladigan o‘zbeklar ko‘payapti. Ular Maykrosoftga o‘xshagan taniqli shirkatlarda ishlaydi, O‘zbekistonga qaraganda Rossiyada yaxshi pul topishadi. Biroq, Moskvda ushlangan Azizga o‘xshagan o‘z bilimidan noqonuniy yo‘lda foydalanuvchilar Peterburgda ham kam emas. Internet saytlari ochish qatori, qalbaki pasport, haydovchilik guvohnomasi, hatto vodka gologrammalarigacha yasab chiqarish bilan shug‘ullanishadi. O‘sha qalbaki yasagan hujjatlarini o‘zbeklarga sotishadi, dedi Bek Nazar.

O‘z nomini sir saqlash va ovozini eshitirmaslik sharti bilan gapirgan o‘zbekistonlik programmistga ko‘ra bilimi yaxshi o‘zbek “IT-aytishniklari” ko‘proq Rossiyaga emas, asosan AQSh, Yevropa va Isroil kabi davlatlariga borib ishlashga harakat qilishadi. Bu mamlakatlarga qo‘li yetmaganlar esa Moskva va Sankt-Petetrburg shaharlariga ishlashga borishadi. Rossiyada muhojir-programmist o‘rta hisobda 80 mingdan 120 ming rublgacha maosh olishi mumkin.

XS
SM
MD
LG