Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:45

Klinton va Tramp kurashi: amerikaliklar prezident saylovida ovoz bermoqda


8 noyabr kuni AQSh saylovchilari saylov uchastkalariga otlandilar. Keskin qarama-qarshiliklarga sabab bo‘lgan saylov natijasini aniqlashda raqobat yuqori darajada bo‘lgan bir necha shtat muhim rol o‘ynashi mumkin. Shuning uchun ikki yirik partiya nomzodlari Hillari Klinton hamda Donald Tramp saylovning oxirgi kunlarini ushbu shtatlardagi saylovchilar ko‘nglini olish bilan o‘tkazishdi.

8 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan 15.00da AQShda saylov uchastkalari ochildi.

Bu paytga kelib AQShning Atlantika okeani sohilidagi Nyu Hempshir shtatidagi sanoqli odamlar yashovchi shaharlarda allaqachon ovozlar berib bo‘lingan edi.

Nyu Hempshir shtatining Diksvill-Notch shahrida o‘tkazilgan ovoz berish natijasiga ko‘ra Hillari Klinton ko‘p ovoz qozongan.

1960 yildan buyongi an’anaga ko‘ra, Diksvill-Notch shahrida saylovchilar yarim tundan so‘ng ovoz berish huquqiga ega.

Tunda ovoz berish mumkin bo‘lgan Nyu Hempshir shtatining yana bir mayda shaharchasida Tramp ko‘p ovoz qozongan.

Bugun Nyu York shtatining Chapaq shaharchasidagi saylov uchastkasida Hillari Klinton turmush o‘rtog‘i Bill Klinton bilan ovoz berishda qatnashdi.

Клинтон Ню Йоркда овоз берди
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:21 0:00

- Bu yerda qancha mas’uliyat borligini sezyapman. Qanchadan qancha odam saylov natijasiga ko‘z tikmoqda. G‘oliblik menga kulib boqsa mamlakat uchun qo‘limdan kelganini qilaman, - dedi Klinton.

Saylovchilarning 40 foizi oldindan ovoz berib bo‘lgan

Amerika tarixida rekord darajada, ya’ni 46 million saylovchi avvaldan ovoz berishda qatnashdi.

Ya’ni AQShdagi saylovchilarning 40 foizi oldindan ovoz berib bo‘lgan.

Demokratik partiyadan nomzod Hillari Klinton saylov arafasi o‘tkazilgan deyarli barcha so‘rovlarda respublikachi raqibi Donald Trampni ortda qoldirdi.

Demokratlar partiyasi nomzodi Klinton ham, Respublikachilar partiyasi nomzodi Tramp ham 7 noyabr kuni saylov natijasini belgilashi kutilayotgan bir necha shtatga sayohat qildi. Saylovoldi so‘rovlari mazkur shtatlarda raqobat keskinlashganini ko‘rsatmoqda.

Mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan aksar so‘rovlar Klinton Trampdan oldinda ekanligini ko‘rsatayapti. Respublikachilar nomzodi saylovdan oldingi oxirgi kunni Florida hamda Shimoliy Karolina shtatlarida o‘tkazdi.

Kuinnipiak universiteti o‘tkazgan va 7 noyabr kuni e’lon qilingan so‘rov natijalariga ko‘ra, bir qarorga kelmagan shtatlarda Klinton biroz oldindadir.

Ammo bu shtatlarda ikki nomzod o‘rtasidagi farq shunchalik ozki, saylovda ikki nomzod bir xil ovoz olishi mumkin.

Tramp Oq uyga rahbar bo‘lish uchun lozim bo‘lgan 270 saylovchi ovozini to‘plash uchun har ikki shtatda g‘alaba qozonishi kerakligi aytilmoqda.

O‘tkazilgan so‘rovlar Klintonda 270 ovoz to‘plash uchun imkon ko‘proq ekanligini ko‘rsatmoqda.

Nomzodlarning shtatlar bo‘ylab so‘nggi targ‘ibot ishlari

Florida shtatida chiqish qilgan Tramp o‘z kampaniyasining o‘zgacha jihatiga aylangan provokatsion gaplarni aytdi. Florida shtati saylovchilari bergan ovoz, Jorj Bush mamlakat bo‘ylab Albert Gorga yutqazganga bo‘lishiga qaramasdan, uning prezident etib saylanishiga olib kelgan.

O‘zini AQSh siyosatini o‘zgartiradigan sirtdan kelgan o‘yinchi hisoblovchi Tramp Florida shtatining Sarasota shahri turg‘unlariga, prezident etib saylansa, “poraxo‘r Vashington tartibotiga” barham berishini ta’kidlagan.

“Men butun poraxo‘r Vashington tartiboti biz aytmoqchi bo‘lgan gaplarni eshitishini xohlayman: Biz ertaga g‘olib bo‘lganimizdan keyin, botqoqlikni quritamiz”, dedi Tramp.

Tramp, agar g‘olib bo‘lsa, Klinton Davlat kotibi o‘laroq ishlagan paytida shaxsiy elektron serverdan foydalangani uchun qamalishini ta’kidladi.

Floridada Tramp Federal qidiruv byurosi direktori Jeyms Koumini 6 noyabr kuni Klinton jinoyatga qo‘l urmaganini ta’kidlagani uchun tanqid qildi.

“Saylov qutisi oldida adolat o‘rnatish Amerika xalqi qo‘lidadir”, dedi Tramp.

Tramp saylovchilarga Koumi “katta bosim ostida” ekanligini ta’kidladi.

7 noyabr kuni Tramp o‘ziga siyosiy elita hamda AQSh matbuoti to‘sqinlik qilayotganini ham ta’kidladi. “Tizim soxtalashtirilgan. Ammo, hech bo‘lmaganda, bundan biz xabardormiz”, dedi u.

Tanqidchilar Tramp iddaolari, jumladan, agar Klinton g‘olib bo‘lsa, mag‘lub bo‘lganini tan olish-olmasligini aytishdan bosh tortayotgani AQSh siyosiy tizimini shubha ostiga qo‘yishini aytib kelishadi.

7 noyabr kuni ayrim shtatlarga Tramp ham, Klinton ham bordi.

Shimoliy Karolinadan tashqari har ikki nomzod Michigan hamda Pensilvaniya shtatlariga borishdi. Tramp yana Nyu-Xempshir shtatiga kirib o‘tdi. The Associated Press agentligiga ko‘ra, asosan demokrat bo‘lgan Nyu-Xempshir shtati hozir teng ikkiga bo‘lingan.

So‘rov natijalari qanday?

The Associated Press tahliliga ko‘ra, saylov kampaniyasining oxirgi kunlarida Klinton Trampdan etarlicha oldinda bo‘ldi. Shunga qaramasdan, mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan so‘rovlarda Klintonning reytingi avvalgiga qaraganda pastlagan.

Reuters/IPSOS 7 noyabr kuni o‘tkazgan tahlilda Klinton Trampni yengib, 270 saylovchilar kollegiyasi ovozini to‘plashi ehtimoli 90 foiz ekanligi aytiladi.

FiveThirtyEight siyosiy bashorat sayti 7 noyabr kuni Klinton g‘olib bo‘lishi ehtimoli 66 foiz ekanligini, Tramp g‘alaba qozonishi ehtimoli esa 33,9 foiz ekanligini bildirdi.

Sayt asoschisi Neyt Silьver 2012 yilgi barcha 50 shtatda prezidentlik saylovi natijalarini to‘g‘ri bashorat qilgan edi.

Nomzodlarning saylov arafasidagi xitoblari

7 noyabr kuni Klinton saylovni mamlakatning “muhim qadriyatlari” bo‘yicha referendum o‘laroq tasvirladi.

Milliy televidenieda efirga uzatilishi kutilayotgan rolikda Klinton “Amerika pessimist va bo‘linuvchimi, yoki umidli va bo‘linmasmi?” deya xitob qiladi.

Nyu-Yorkdan Pensilvaniyaga yo‘l olar ekan, Klinton saylov mamlakatdagi chuqur siyosiy yoriqlarni fosh qilganini hamda AQShni birlashtirish uchun chora ko‘rish lozim bo‘lishini e’tirof etdi.

Muxbirlar oldida chiqish qilgan 69 yoshli nomzod: “Men hamma uchun – menga ovoz berganlar uchun ham, bermaganlar uchun ham – prezident bo‘lishni istayman”, dedi.

70 yoshdagi Tramp badavlat tadbirkor va sobiq realiti-TV yulduzi bo‘lib, bundan avval davlat idoralarida ishlamagan.

Tramp Respublikachilar partiyasiga hamda AQSh siyosiy sahnasiga shaxsiy hujumlarni hamda e’tirozli siyosiy takliflarni, jumladan, musulmonlarni kiritmaslik hamda meksikalik muhojirlarni kiritmaslik uchun janubda devor qurish kabi takliflarni olib keldi.

Oktabr oyida e’lon qilingan 2005 yilgi video Tramp kampaniyasini larzaga soldi. Videoda nomzod beadab gaplarni aytib, ayollarga jinsiy tajovuzkorlik qilgani haqida maqtangan.

Tramp videodagi gaplarni “kiyinish xonasidagi safsata” deya baholadi. Ammo Klinton bu gaplar Trampning prezident bo‘lishga noloyiq ekanligini ko‘rsatuvchi navbatdagi dalil o‘laroq tavsiflab keladi.

Sobiq birinchi ledi, senator hamda Davlat kotibi bo‘lmish Klinton g‘olib bo‘lsa, AQSh o‘z siyosatini keskin o‘zgartirmasligi kutilmoqda.

Klinton o‘z kampaniyasi davomida uzoq yillardan beri davlat idoralarida xizmat qilib kelayotganiga urg‘u berib, Demokratlar partiyasining Oq uyni tark etayotgan namoyondasi Barak Obamaning siyosiy merosini davom ettirishni va’da qilib keladi.

XS
SM
MD
LG