Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:37

Namanganlik muhojir Moskvada qullik sharoitida qoldi


Markaziy osiyolik migrantlar Moskvadagi FMS bo‘limida
Markaziy osiyolik migrantlar Moskvadagi FMS bo‘limida

Moskva viloyatida uch oydan buyon ish haqqini ololmayotgan 31 yashar Namanganlik Ergash (nomi o‘zgartirilgan), Ozodlik bilan suhbatda, ish beruvchi tomonidan qullik sharoitida ishlayotganini so‘zlab berdi. U ko‘chada qolish va deportatsiya xataridan qo‘rqib, politsiyaga murojaat qilmay turganini aytdi. Ergashga ko‘ra, qullik sharoitiga tushgan o‘zbekistonliklar soni ko‘payib borayotir.

Namanganlik quruvchi Ergash Moskva viloyatida qator qurilish ob’ektlarini qo‘ldan chiqargani, biroq avgust oyidan buyon maosh olmaganini Ozodlikka aytdi. Unga ko‘ra, og‘ir ish sharoiti sog‘lig‘iga yomon ta’sir qilganiga qaramasdan, nochorlikdan ishlashga majbur bo‘lyapti:

-Bugun ham ertalabdan ishladik, qor yog‘ayapti. Sovuq. Mazam yo‘q, o‘pkam og‘riydi. Kvartira yo‘qligidan ikki hafta ko‘chada yotib ishladik.Shundan keyin o‘pkam og‘riyotgan bo‘ldi. Lekin shu ahvolda noiloj ishlashga majburman. Nima qilishni ham bilmayman. Yaqinda sheriklarimdan biri- Ahmadjon aka ishlayotgan joyida kasal bo‘ldi. Ichidan qon keta boshladi. Tanishlari yordamida bir haftacha kasalxonada yotib chiqdi. Boshliqlarimiz xabar olish u erda tursin, “tuzaldingmi” deb ham so‘rashgani yo‘q. Ishlagan pulini ololmaganidan so‘ng, boshqa joyga ketdi. Brigadirdan yashirincha telefon orqali advokat bilan bog‘lanib yordam so‘radim. “Sen hujjatsiz, noqonuniy ishlayapsan, yordam berolmayman” deb aytdi. Brigadirimiz o‘zimizdan, xorazmlik, registratsiya bahonasida pasportimni olgan. Hali tayyor emas, deb bahona qilib yuribdi, dedi Ergash.

Shu kunlarda ish beruvchi Ergash va uning sheriklarini yangi kvartiraga olib kelgan.

-Yangi joy uchun ish haqqimizdan 4 ming rubldan saqlab qolarkan. Kvartirada bir komnatada 12 kishi yashaymiz, hammasi bo‘lib uch xonali kvartirada 25 kishi yashaymiz” deydi Ergash.

O‘zbek muhojiriga ko‘ra u kabi aldanib, nochor ishlayotgan o‘zbekistonliklar oz emas. “Ahmadjon akaga o‘xshab oylik bahridan o‘tib ketganlar o‘rniga yana boshqa o‘zbek-tojiklarni keltirishadi”, dedi u.

- Ishga yangi kelganlar mendan “pul beradimi, aldamaydimi?” deb so‘rashlariga rost gapni aytishga qo‘rqaman, chunki brigadir bilib qolsa meni do‘pposlab, ko‘chaga haydab yuborishi mumkin. Shuning uchun brigadirni oldida “ishlasanglar beradi “ deb qo‘yaman. Lekin ayrimlari, keyinchalik oylik bermasligini tushunib qolishadi. Cho‘ntagida puli, yashayotgan joyi bor kishilar tashlab ketadi, -dedi Ergash.

O‘zbekistonlik muhojir uyga pul jo‘nata olmayotgani, oilasini qiyin vaziyatda qoldirgani aytadi:

-Xotinim ajrashaman deb yozibdi, lekin u meni ahvolimni tushunmaydi. O‘g‘lim 2 yoshga endi to‘ladi, hali ko‘rganim yo‘q. Men Rossiyaga kelishdan oldin xotinim 8 oylik homilador edi. Ota-onam nafaqaga chiqqan.Uyga ketishga pulim yo‘q, politsiyaga shikoyat qilsam o‘zimni qamab, deportatsiya qiladi. Nima qilishni bilmayman, boshim qotgan. Och qolib, ko‘chada qolmay deb, ishlashga majburman, dedi Ergash.

Ozodlik Moskvadagi migrantlar huquqlarini himoya qiluvchi “Tong Jahoni” tashkiloti rahbari Valentina Chupikka murojaat qilib, Ergash muammosini qanday hal etish mumkinligi haqida so‘radi.

- Afsuski, Ergash tushgan o‘xshash vaziyatda Rossiya huquq-tartibot organlari biror choraga qo‘l urmaslikni afzal ko‘rishadi. Aniqroq qilib aytganda huquq organlari bunday qullik mehnatidan foydalanish hollariga ko‘z yumishadi. Hozirgi vaziyatda yagona yo‘l- huquq-tartibot organlarining jinoiy ish qo‘zg‘atishi uchun, ushbu voqea matbuotda yoritilishi kerak. Matbuot materiallari asosida, qonun bo‘yicha Rossiya tergov organlari jinoiy ish ochishga majbur bo‘lishadi. Lekin mahkamada qullik mehnatidan foydalanish da’vosini isbot etish nihoyatda qiyin, deydi Valentina Chupik.

XS
SM
MD
LG