Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:18

YeXHT missiyasi rahbari: Saylov ishtirokchilari o‘rtasida mazmunli muloqot yo‘q


24 - oktabrdagi prezident saylovida amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev ikkinchi muddatga saylanishi kutiladi.
24 - oktabrdagi prezident saylovida amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev ikkinchi muddatga saylanishi kutiladi.

Ozodlik bilan eksklyuziv suhbatda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) O‘zbekistondagi prezident saylovini kuzatish missiyasi rahbari Ouen Myorfi tashkilotning Toshkentga to‘laqonli kuzatuvchilar guruhini yuborish qarorini himoya qildi.

Uning ta’kidlashicha, "DIIHB saylovlarni ma’qullamaydi va tasdiqlamaydi, balki YeXHTga a’zo barcha davlatlarni o‘z saylov tizimini takomillashtirishda qo‘llab-quvvatlaydi".

DIIHB missiyasi rahbari Ozodlik savollariga yozma javob berdi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot bo‘lmagani uchun Ozodlikda qo‘shimcha savol berish va to‘liqroq javob olish imkoniyati hozircha yo‘q. Quyida javoblarni to‘laligicha e’tiboringizga havola qilamiz.

Ozodlik: Sizning dastlabki hisobotingizda siyosiy raqobat yo‘qligi aytilgan. Muxolifat saylovlardan chetlatilgani oldindan ma’lum emasmidi?

Ouen Myorfi: Savollaringiz uchun rahmat. Bizning bu yerdagi vazifamiz – kuzatish va o‘z kuzatishlarimiz asosida vaziyatni baholashdir. Bu saylovlar bo‘yicha biz oraliq hisobotimizda o‘z nomzodlarini ko‘rsatgan beshta partiyani qayd etganmiz, shuningdek ba’zi yangi siyosiy partiyalar tuzishga bo‘lgan muvaffaqiyatsiz urinishlarni ham aytib o‘tganmiz. Kampaniya barcha hududlarda davom etmoqda, nomzodlar va ularning ishonchli vakillari va partiyalari saylovoldi tashviqotini olib bormoqda, bu kampaniyalar ijtimoiy tarmoqlarda ham faol olib borilmoqda. Ta’kidlash joizki, bu – ijtimoiy tarmoqlar katta rol o‘ynagan birinchi saylov. Ammo shuni ham ta’kidlaymizki, saylov ishtirokchilari o‘rtasida hech qanday to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki mazmunli muloqot mavjud emas.

YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) O‘zbekistondagi prezident saylovini kuzatish missiyasi rahbari Ouen Myorfi.
YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) O‘zbekistondagi prezident saylovini kuzatish missiyasi rahbari Ouen Myorfi.

Ozodlik: O‘zbek muxolifati vakillari sizning tanqidiy hisobotingizni olqishlashdi, lekin nima uchun YeXHT to‘liq missiya yuborishga qaror qilgani o‘zlari uchun tushunarsiz ekanini aytishmoqda. Bunga qanday izoh bera olasiz?

Ouen Myorfi: Oraliq hisobotimiz muhokama qilanayotganidan xursandman. Aytish joizki, bu faqat oraliq hisobot xolos va ayni paytda biz hech qanday xulosa chiqarmaymiz va hech qanday ma’lumotlarni yakuniy deb bilmaymiz. Bu xulosalar faqat saylov kunidan keyin taqdim etiladi. Hozirda bizning ishimiz ommaviy axborot vositalarida muhokama qilinganidan xursand bo‘ldim, menimcha, bu holat birinchi marta sodir bo‘lyapti. Bizning missiya hajmiga kelsak, DIIHB kuzatuvchilari barcha mamlakatlarda bo‘lgani kabi, shu yilning may oyida dastlabki vaziyatni baholash missiyasi bergan xulosalarga muvofiq, yuboriladigan odamlar soni va ishimizning ko‘lamini aniqlab bergan edi. Vaziyatni baholash missiyasi hisoboti DIIHB veb-saytida joylashtirilgan bu yerda. Qisqa muddatli kuzatuvchilarni global pandemiya sharoitida joylashtirish juda qiyin masala edi, lekin mamnuniyat bilan aytamanki, endi bizda saylov kuni saylov uchastkalarida kuzatuvlar olib borish imkoniyati bor.

Ozodlik: Saylov natijalari oldindan ma’lum, degan fikrga qo‘shilasizmi?

Ouen Myorfi: Yuqorida aytib o‘tganimizdek, biz faqat o‘z kuzatishlarimiz asosida baho beramiz. Biz har bir kuzatuvni yangidan boshlaymiz va hech qachon saylovni oldindan baholamaymiz. Saylov jarayoni haqidagi dastlabki xulosalarimiz kelasi hafta, saylovning ertasiga e’lon qilinadi.

Ozodlik: YeXHT ning O‘zbekistonda saylovlarni kuzatish uchun to‘laqonli missiya yuborish qarori saylovlarga haddan ziyod legitimlik beradi, degan tanqidlarga nima deysiz?

Ouen Myorfi: YXHTga a’zo barcha davlatlar, shu jumladan O‘zbekiston ham, kuzatuvchilarni taklif qilish bo‘yicha siyosiy majburiyat olgan. DIIHB har yili minglab kuzatuvchilarni yuborishni muvofiqlashtiradi va tashkillashtiradi, ular YeXHT mintaqasidagi saylovlar YXHT majburiyatlari, boshqa xalqaro majburiyatlar va demokratik saylovlar standartlari hamda milliy qonunchilikka muvofiq o‘tkaziladimi yoki yo‘qligini baholaydi. Biroq, DIIHB saylovlarni ma’qullamaydi va tasdiqlamaydi, balki YXHTga a’zo barcha davlatlarni o‘z saylov tizimini takomillashtirishda qo‘llab-quvvatlaydi.

Ozodlik: Karimov davridagi saylovlardan farqlarni ko‘ryapsizlarmi? Agar shunday bo‘lsa, biror bir muhim farqni ayta olasizmi?

Ouen Myorfi: Biz saylovlarni oldingi saylovlar bilan yoki boshqa mamlakatlardagi saylovlar bilan solishtirmaymiz. Biz jarayonni YeXHT majburiyatlari, boshqa xalqaro majburiyatlar va standartlar hamda milliy qonunchilikka muvofiqligini kuzatmoqdamiz.

Ozodlik: Mazkur saylov jarayoni xalqaro standartlarga qanchalik javob beradi? Siz 100 foizlik shkala bo‘yicha necha foiz bilan baholagan bo‘lar edingiz?

Ouen Myorfi: Jarayon hali ham davom etmoqda va saylov kuniga hali bir haftadan ko‘proq vaqt qolgan. Ammo saylovlar murakkab jarayon va biz hech qachon va hatto saylov o‘tkazilganidan keyin ham bu kabi baho bermaymiz. Men sizni saylovning ertasi kuni bizning dastlabki xulosalarimizni, shuningdek, taxminan ikki oydan keyin e’lon qilinadigan yakuniy hisobot bilan tanishib chiqishingizni taklif qilaman.

Ozodlik: O‘zbekiston hukumati sizning missiyangizga nima uchun muxolifat saylovga qo‘yilmagani borasida biron izoh berdimi?

Ouen Myorfi: Biz saylov kunidan keyin jarayonga to‘liq baho bera olishimiz uchun milliy hukumat bilan yuqori darajadagi muloqotga ega bo‘ldik. Oraliq hisobotimizda biz bu saylov bo‘yicha nomzod ko‘rsatgan beshta partiyani, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tish yoki siyosiy intilishlari muvaffaqiyatsiz bo‘lgan partiyalarni ham qayd etamiz. Bu saylovda nomzodlar va partiyalarning har biri o‘z siyosiy platformalarini targ‘ib qilmoqda.

Ozodlik: Siz oraliq hisobotingizda amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev saylovoldi targ‘ibotlarida shaxsiy samolyotdan foydalanishda davom etayotganini qayd etgansiz. Umuman, ma’muriy resurslardan foydalanish muammosi qanchalik jiddiy?

Ouen Myorfi: Oraliq hisobotimizda, saylovoldi tashviqoti paytida xizmat vazifalarini suiiste’mol qilishdan ba’zi himoya choralari joriy etilganini qayd etamiz. Masalan, davlat resurslarini suiiste’mol qilish, jumladan, davlat amaldorlarini saylovoldi tashviqotiga jalb qilish taqiqlanadi. Ammo, biz shuni aniq qayd etamizki, prezident o‘zi uchun berilgan samolyotdan prezident sifatida foydalanishda davom etmoqda.

Ozodlik: Boshqa nomzodlar bilan muloqot qildingizmi? Ulardan kimdir Mirziyoyevga raqib ekaniga ishonadimi? Ulardan birortasi sizga teng bo‘lmagan imkoniyatlar to‘g‘risida shikoyat qildimi?

Ouen Myorfi: Oraliq hisobotimiz chop etilgunga qadar biz nomzodlarning ko‘pchiligi va ularning partiyalari bilan uchrashgan edik. Afsuski, men hozirda bu borada izoh berolmayman, lekin biz o‘z hisobotimizda qonun saylovoldi tashviqotining teng imkoniyatlarini ta’minlashini ta’kidlab o‘tamiz.

Ozodlik: Sizningcha, saylovoldi bahslar o‘tkazilishi kerakmi?

Ouen Myorfi: Saylovoldi munozaralar ko‘pincha saylovchilarga saylov kuni duch keladigan tanlovi to‘g‘risida yaxshiroq ma’lumot berishga yordam beradi va qonun ishtirokchilar o‘rtasidagi bahs-munozara o‘tkazilish imkoniyatini beradi. Hisobotimizda shuni ta’kidlaymizki, Markaziy saylov komissiyasi har shanba kuni beshta milliy davlat televideniyesida qatnashuvchilar o‘rtasida bahslar o‘tkazish uchun ommaviy axborot vositalarida vaqt ajratgan, ammo tanlov ishtirokchilari hali bunday bahslarni o‘zaro kelishib olishlari kerak.

Ozodlik: O‘zbek saylovchilarining saylovlarga qiziqishi borasida nima deya olasiz? Saylovchilar o‘zlariga haqiqiy tanlov taqdim etilgan, deb ishonishadimi?

Ouen Myorfi: Men bu saylovda o‘zbekistonlik saylovchilar nomidan gapira olmayman va buni istamayman ham. Saylovchilarning haqiqiy tanlov imkoniyatlari qay darajada – bu muhim savol va bu biz kuzatayotgan har bir mamlakatda baholashimizning asosiy elementi hisoblanadi.

  • Prezident saylovi 24 - oktabrda bo‘lib o‘tadi.
  • Saylovda amaldagi prezident va O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyevdan tashqari parlamentdagi yana 4 partiya - Milliy Tiklanish, Adolat SDP, Ekologik partiya hamda Xalq-demokratik partiyasi nomzodlari qatnashadi.
  • Nomzodlarning tashviqot kampaniyasi 20 - sentabrdan buyon davom etmoqda.
  • YeXXT ilk bor 2016 - yildagi prezident saylovi, undan keyin esa 2019 - yil dekabrida o‘tgan parlament sayloviga DIIHBning to‘laqonli kuzatuvchilar missiyasini yuborgan.
XS
SM
MD
LG