Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:40

Sardoba ishi: Yopiq sud ortidagi maxfiy kelishuv - sudlanuvchilar ozod etilishi kutilmoqda


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "O‘zgidroenergo" rahbari Abdug‘ani Sanginov bilan. 2017 yil¸ may
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "O‘zgidroenergo" rahbari Abdug‘ani Sanginov bilan. 2017 yil¸ may

Bundan roppa-rosa bir yil avval, 2020 - yilning 1 - may tongida sodir bo‘lgan Sardoba suv ombori to‘g‘onining qulashi O‘zbekiston tarixidagi eng qimmat va eng dramatik falokatlardan biri sifatida tarixga kirdi.

Sardobadagi fojia¸ hukumatning o‘zi tomonidan texnogen¸ ya’ni inson qo‘li bilan yaratilgan falokat, deb e’lon qilindi.

Bu esa¸ o‘n minglab odam hayotini ostin-ustun qilib¸ mamlakat iqtisodi va davlatga ulkan ziyon yetkazgan falokat aybdorlari aniq shaxslar ekanini bildiradi.

Fojiaga bir yil to‘lishi arafasida hukumat komissiyasi Sardoba falokatiga qurilish jarayonidagi mas’uliyatsizlik va qator texnik kamchiliklar sabab bo‘ldi¸ deya bayonot berdi. Bayonotda bu kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganlarning jinoiy javobgarlikka tortilgani aytildi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ kelayotgan haftalarda Sardoba ishi bo‘yicha sudlanayotganlar ustidan hukm o‘qiladi. O‘zbekiston Oliy sudi ko‘rayotgan maxfiy sud jarayoniga yaqin manbalarning Ozodlikka bildirishicha, ayblanuvchilarning jarimaga mahkum etilib, sud zalidan ozod etilishi kutilmoqda.

Rasmiylarga ishonilsa¸ Sardobadagi ulkan fojia uchun kimlardir qamoqqa olingan¸sud qilinib¸ jazoga tortilgan va davlatga yetkazilgan zarar undirilgan. Go‘yo shu bilan adolat qaror topmoqda va Sardoba ishini yopsa bo‘ladi.

Ammo rasmiy ayb qo‘yilganlar Sardoba falokatining haqiqiy aybdorlarimi? Sardoba bosh mualliflari¸ uning loyihasidan to topshirilguniga qadar tepasida turgan asosiy mas’ullar javobgarlikka tortildimi? O‘n minglab odam hayotini ostin-ustun qilgan to‘g‘on yorilishiga faqat texnik xatolik va mas’uliyatsizlik sababmi?

Qariyb yarim milliard dollarlik to‘g‘onning yaroqsiz holga kelishidan tashqari, minglab odam hayotini ostin-ustun qilgan bu texnogen falokat xalq va davlatga qanchaga tushdi? Sud jarayoni nega milliardlab zararni qoplash yelkasiga tushgan soliq to‘lovchilar, jamoatchilikdan yashirincha o‘tkazilmoqda?

Ozodlikning yangi surishtiruvi bu savolga javob topishni maqsad qildi.

Rejali hukumat - komissiya va prokurorlar xulosasi bir kunda o‘qildi

Sardoba fojiasiga bir yil to‘lishi arafasida O‘zbekiston hukumati bu texnogen falokat sabablariga oid o‘z xulosasini jamoatchilikka ochiqladi.

30 - aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan maxsus matbuot brifingida bu xulosani Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari, general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev o‘qib eshittirdi.

To‘g‘on o‘pirilishiga bir qator omillar sabab bo‘lganini aytgan generalga ko‘ra¸asosiy sabablar buyurtmachi xizmatini tashkil etish, loyihalashtirish va qurilish ishlarini olib borishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilgani va jarayon davomida belgilangan texnik va me’yoriy talablar qo‘pol ravishda buzilganidir.

Rasmiy bayonotga ko‘ra¸ Sardoba suv omborini loyihalashtirish, qurish va to‘g‘onning ekspluatatsiyasiga aloqador 17 nafar mansabdor va mutasaddi shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan.

General-mayor Abdulla Qo‘ldoshev AOKAda uyushtirilgan maxsus brifingda hukumat komissiyasi xulosasini o‘qigan ayni soatlarda¸ O‘zbekiston Oliy sudi binosida Sardoba ishi bo‘yicha yopiq sud yana bir maxfiy majlisini o‘tkazdi.

Unda prokurorlar sud hay’atiga 17 nafar sudlanuvchiga qanday jazo berish haqidagi davlat qoralovi so‘rovini o‘qib eshittirdi.

Sud jarayonidan xabardor adliya tizimi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ prokurorlar sudlanuvchilarning davlatga yetkazilgan zararni to‘la qoplaganini inobatga olib¸ ularga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha jarima ko‘rinishidagi jazo tayinlashni so‘ragan. ( 2021 - yilgi BHM 245 ming so‘mni¸ uning 30 baravari esa¸ 7 350 000 so‘m¸ taqriban 700 dollarni tashkil etadi)

"Bu 17 sudlanuvchi davlatga arzimagan jarima to‘lash bilan qutulib ketadi¸ degani. Qamoqqa olinganlarning hukm o‘qilishi bilan ozodlikka chiqarilishi kutilmoqda. Hukm¸ uzog‘i bilan ikki hafta ichida chiqariladi"¸- dedi Ozodlik manbasi 30 - aprel kuni.

ЭКСКЛЮЗИВ ТАСВИРЛАР: Ўпирилган Сардоба сув омборида вазият ташвишли
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:20 0:00

Davlatga yetkazilgan zararni qoplash uchun sudlanuvchilardan undirilgan mablag‘ miqdori¸ prokurorlar 30 - aprel kuni tilga olgan raqamga ko‘ra¸ 45 milliard so‘mdan oshiqroqni tashkil etgan. 30 - aprel kungi Markaziy bank kursi bo‘yicha¸ bu 4 276 347 AQSh dollariga teng.

Sardoba suv ombori qurilishiga¸ mahalliy matbuot va mulozimlar tilga olgan raqamga ko‘ra¸ qariyb 1.3 trillion so‘m yoki 405 million dollardan ko‘proq mablag‘ sarflangan.

Texnogen falokat oqibatida qariyb yarim milliard dollarlik suv ombori yaroqsiz holga keldi¸ davlat va aholiga milliardlab dollar ziyon yetdi. Suv omborini qayta qurish¸ aholi va iqtisodga yetkazilgan zarar narxi¸ taxminlarga ko‘ra¸ milliard dollardan oshadi.

Sudga taqdim qilingan davlatga yetkazilgan zarar miqdorini qaysi tashkilot¸ qaysi mezon asosida hisoblab chiqqani haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Oliy sud¸ Bosh prokuratura¸ sobiq mulozimlari Sardoba ishi bo‘yicha jinoyat ishi figurantiga aylangan O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi¸ vazirlikka qarashli bo‘lgan “Sirdaryo suv qurilish invest” DUK va "O‘zGIP" UK¸ O‘zbekiston temir yo‘llari AJ matbuot xizmatlari Ozodlikning sud va sudlanuvchilar bilan bog‘liq savollariga javob bermadi.

Сардоба фожиаси сабабларини сув омборини қурган Сангиновнинг ўзи тафтиш қилади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:21 0:00

Sudlanayotganlar kim?

Rasmiy raddiyalar va sudga oid ma’lumotlarning jamoatchilikdan sir tutilayotganiga qaramay, Ozodlik maxfiy jarayonga oid ayrim tafsilotlarni aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

Sardoba falokatining bir yilligi arafasida Ozodlik bilan gaplashgan davlat mulozimlari¸ sud jarayonidan xabardor mas’ullar¸ sudlanuvchilardan ayrimlari yaqinlari va gidroinshootlar bo‘yicha mutaxassislar mavzuning qaltisligi bois shaxsi ochiqlanmasligini so‘radi. Ular bergan tafsilotlar jamoatchilikka ilk marta yoyinlanmoqda.

Ozodlik ixtiyoridagi ma’lumotlarga ko‘ra¸ yopiq o‘tayotgan sud qora kursisida o‘tirganlardan biri Sirojiddin Abdunazarovdir. U Sardoba suv ombori qurilishi uchun davlat nomidan buyurtma bergan “Sirdaryo suv qurilish invest” DUKda bosh muhandis¸ so‘ngra esa direktor bo‘lgan. Jinoyat ishi doirasida birinchilardan bo‘lib qamoqqa olingan. Qurilishlar¸ xususan¸ Sardoba suv omboridagi talon-tarojliklar bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanib¸ 2013-2015 - yillarda ikki marta sudlangan.

1991 - yili tuzilgan “Sirdaryo suv qurilish invest” DUK ta’sischisi Suv xo‘jaligi vazirligi. Mazkur DUKning yana bir necha xodimi ham Sardoba ishi tergoviga tortilgan.

Sardoba qurilishi boshlangan 2010 - yili Zafar Ro‘ziyev¸ u ishga tushirilgan 2017 - yil mayida esa¸ Zoir Mirzayev Suv xo‘jaligi vaziri bo‘lgan. Bu ikkala sobiq vazir hamon Mirziyoyev hukumati tarkibida - ayni kunlarda Ro‘ziyev Jizzax viloyati Zarbdor tumani hokimi¸ Mirzayev esa¸ Qashqadaryo viloyati hokimi.

Sudlanuvchilardan yana biri Sardoba suv ombori bosh pudratchisi bo‘lgan "O‘zbekiston temir yo‘llari"ning sobiq mulozimi Maxmud Xayitbaevich Xolmatovdir. U ham qamoqqa olingan.

Sardoba suv ombori qurilgan yillarda Xolmatov «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» unitar korxonasi bosh direktorining o‘rinbosari¸ gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. Sardoba suv omborini 2017 - yil may oyida muddatidan oldin qurib bitirishdagi jonbozligi uchun Mirziyoyev 2017 - yil 9 - dekabrь kuni unga «Shuhrat» medali bergan. Mirziyoyev Xolmatov barobarida uning besh ishchisini ham Sardoba qurilishidagi mehnati uchun ayni medal bilan taqdirlagan. Sardoba qurilishi boshlanib¸ to u ishga tushgunga qadar¸ "O‘zbekiston temir yo‘llari"ni bitta shaxs – Ochilboy Ramatov boshqargan. Ramatov Mirziëev prezidentlikka kelganing ertasiga (2016 - yil 15 - dekabr) O‘zbekiston Bosh vazirining 1-o‘rinbosari etib tayinlangan va hozirgacha bu lavozimda qolmoqda. Asli yangiyo‘llik Xolmatov¸ uni bilgan hamkasblariga ko‘ra¸ Sardoba qurilishida “Ramatovning o‘ng qo‘li” bo‘lgan.

Sudlanuvchilar orasida Sardoba qurilishida ishtirok etgan subpudratchi tashkilot rahbarlari ham bor.

Karim Ro‘ziyev qamalgunga qadar Sanginovlar biznes imperiyasini birlashtiruvchi To'palang HPD Holdingdagi uchinchi yirik aksioner bo‘lgan.
Karim Ro‘ziyev qamalgunga qadar Sanginovlar biznes imperiyasini birlashtiruvchi To'palang HPD Holdingdagi uchinchi yirik aksioner bo‘lgan.

Ulardan biri “Rezaksoy suv qurilish” UK, rahbari Karim Ro‘ziyevdir. Karim Ro‘ziyev Sardoba ishi bo‘yicha qamalgan 7 shaxsdan biri. U “O‘zgidroenergo” rahbari Abdug‘ani Sanginovning hamyurti¸ o‘nlab gidroinshoot qurilishida ham rasman¸ ham norasman Sanginovning “o‘ng qo‘li” rolini bajarib kelgan. Yangi nomi To’palang Water Construction MChJga aylangan “Rezaksoy suv qurilish” Sanginovning xususiy biznes holdingi tarkibiga kiruvchi 7 shirkatdan biri. Qamalgunga qadar Karim Ro‘ziyev “To’palang HPD Holding” aksiyadorlaridan biri ham edi. Bu holding aksiyalarining 61 foizi Sanginovning kenja o‘g‘li Islom Abdug‘aniyevga tegishli. Holding direktori ham Islom Abdug‘aniyev.

Sardoba to‘g‘oni yorilgan kuni Mirziyoyev falokat hududiga "O‘zgidroenergo" raisi Abdug‘ani Sanginov hamrohligida bordi.
Sardoba to‘g‘oni yorilgan kuni Mirziyoyev falokat hududiga "O‘zgidroenergo" raisi Abdug‘ani Sanginov hamrohligida bordi.

Sardoba ishi bo‘yicha qamalganlardan yana biri subpudratchi «To‘palang Sherobod» sho‘’ba korxonasi rahbari Baxshillo Asadov. Surxondaryoda ro‘yxatdan o‘tgan “To‘palang” (To‘palang yoki To‘palangdaryo -Surxondaryo hududidan oqib o‘tuvchi daryo, Qoratog‘ daryosi bilan qo‘shilib, Surxondaryoni tashkil qiladi) so‘zi bor shirkatlarning deyarli barchasi bevosita yoki bilvosita Abdug‘ani Sanginovga borib taqaladi. Ular ta’sischilarining barchasi Sarioyosining Xufar qishlog‘idan chiqqan. 62 yashar senator Sanginov o‘z mehnat faoliyatini 1982 - yilda “To‘palangsuvqurilish” tresti laboratoriya muhandisligidan boshlagani ortidan bu so‘zni o‘z brendiga aylantirgan. “To‘palang Sherobod» MChJ rahbari Baxshillo Asadov ham Abdug‘ani Sanginovning hamqishlog‘i. “O‘zbekenergo”tarkibida bo‘lib kelgan «To‘palang Sherobod» ShB 2017 - yil mayida “Gidromaxsusqurilish” AJ tarkibiga o‘tkazilgan. Bu AJning egasi esa¸ Sanginov raisi bo‘lgan “O‘zgidroenergo”dir. Asadovni bilganlarning aytishicha¸ «To‘palang Sherobod» Sanginovlarga qarashli To‘palang brendining norasmiy qismi va Asadov bevosita Abdug‘ani Sanginov himoyasida ish ko‘rib kelgan. Mutaxassisligi gidroinshootlar qurilishiga aloqasi bo‘lmagan Ro‘ziyevni Sardoba qurilish maydoniga tashlagan ham¸ aytilishicha¸ Abdug‘ani Sanginov bo‘ladi.

Sardoba qurilishiga subpudratchi qilib olingan xususiy korxonalardan yana biri “Sariosiyo qurilish” MChJ. Bu MChJ mulkdorlari ham Sanginovning sariosiyolik qo‘shnilari – Murodullayevlar oilasidir. 2003 - yili Sariosiyoda ro‘yxatga olingan bu MChJning birinchi mulkdori Faxriddin Nizomiddinov bo‘lgani aytiladi. U esa¸ boshqa bir qudratli sariosiyolik – O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovning akasidir. Shavkat Mirziyoyevning yaqin do‘sti bo‘lgani aytiladigan Faxriddin Nizomiddinov 2012 - yilda vafot etgan. Ungacha O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Rashitjon Qodirov talabi bilan iqtisodiy jinoyatlarda gumonlangan “Sariosiyo

qurilish” faoliyati qattiq tekshirilgani Ozodlikka ma’lum. Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ “Sariosiyo qurilish” MChJ aksiyalarining 43 foiziga egalik qiluvchi Abdurahmon Murodullayev ham Sardoba ishi figurantlaridan biri. Bu MChJni bevosita Zaynilobiddin Nizomiddinovga bog‘lovchi hujjatlar Ozodlik ixtiyorida hozircha yo‘q. Ammo Nizomiddinovning o‘zi yoki u rahbari bo‘lgan prezident Mirziyoyev administratsiyasi hozirgacha internetda tarqagan bu ma’lumotlarga rasman raddiya bergan emas.

Jinoyat ishi figurantlaridan yana biri “Trans Servis Kompleks” MChJ direktori Feruz Mahmudov. Ozodlik manbalari ta’kidicha¸ Sardoba suv omborining o‘pirilgan 6-piketini aynan shu kompaniya qurgan. U “O‘zbekgidroenergo” boshqaruvi raisi o‘rinbosari Fozil Mahmudovning akasi. MChJning qog‘ozdagi egasi Feruz Mahmudov bo‘lgani holda¸ uni asl egasi aynan Fozil Mahmudov ekani aytiladi. Feruz Mahmudov ham jinoyat ishi tergovi boshlanishida hibsga olingan. Ammo Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ ko‘p o‘tmay¸ COVIDga chalindi¸ degan bahona bilan avvaliga statsionarga¸ so‘ngra esa¸ ozodlikka chiqarilgan.

Ozodlik ixtiyoridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Mahmudovlar ham sariosiëlik Abdug‘ani Sanginovning hamyurti va oilaviy yaqinlari. Fozil Mahmudov Sardoba suv ombori qurilishi davrida Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining "O‘zsuvenergo" jamiyatida bosh hisobchi bo‘lib ishlagan. “O‘zsuvenergo”ning rahbari esa Sanginov bo‘lgan. Fozilov¸ uni bevosita bilganlarga ko‘ra¸ Sanginovning nafaqat davlat¸ balki xususiy holdingining ham bosh hisobchisi. 2017 - yilda Sanginov yangi tuzilgan "O‘zbekgidroenergo" AJ raisi etib tayinlanishi bilan¸ Feruz Mahmudov ham uning moliya bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan va hozirgacha shu vazifada qolmoqda.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ Sardoba suv ombori qurilishida subpudratchi etib tanlangan 20 dan oshiq xususiy kompaniyaning 10 dan oshig‘i Abdug‘ani Sanginovning oilaviy holdingidan tashqari¸ hamqishloqlari nomiga ochilgan va bevosita Sanginovga hisob beradigan shirkatlardir. Bunday MChJlar safida Sariosiyo Guliston" MChJ ham borligi aytiladi.

Ayni paytda Sardoba suv ombori qurilishida qatnashgan subpudratchi tashkilotlar orasida bevosita hozirgi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev himoyasidagi MChJlar borligi ham aytilmoqda.

Ulardan biri sifatida Ozodlik manbalari "Omad dubl" MChJni tilga oldi. Bu tashkilot rahbarlari ham Sardoba ishi figurantlari¸ ammo ularning qamoq yoki ochiqda ekaniga oid ma’lumot Ozodlikda yo‘q.

Bu kompaniyalarning barchasi Sardoba qurilish maydoniga yo‘llanmani¸ Ozodlik gaplashgan mulozimlarga ko‘ra¸ bevosita “O‘zbekiston temir yo‘llari” rahbari Ochilboy Ramatovdan olgan.

Yopiq sud orqasidagi maxfiy kelishuvlar

Sardoba ishi tergovi va sudidan bevosita xabardor mulozim¸shuningdek, mutaxassis va sudlanuvchilarning yaqinlari falokatda ayblanayotganlarning aslida “katta akulalar"ni javobgarlikdan olib qolish uchun qurbonlikka keltirilgan “mayda baliqlar” ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston adliya tizimining “Sardoba ishi”dan bevosita xabardor mulozimi sudning yopiq o‘tayotganini ham shunga bog‘ladi.

Sud ochiq o‘tsa¸ sudlanayotganlar haqiqiy aybdorlar nomini aytib yuborishi mumkin edi-da! U yerda hech qanday davlat siri yo‘q¸ faqat kattalarning - Sardobaning asl aybdorlari nomining oshkor bo‘lish xavfi bor edi¸ xolos!”, - dedi nom ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim.

Ozodlik surishtiruv davomida sudlanayotganlardan ayrimlarining oilalari bilan bog‘landi. Ular yaqinlariga qo‘yilayotgan ayblar¸ qamoqda qolayotganlarning hozirgi vaziyati va ertasi haqidagi xavotirlarini ochiq aytishdan qo‘rqishlarini bildirdi.

Har bir sudlanuvchi o‘zidan juda yuqorida turgan kimningdir sirini saqlab turibdi. Tepadagilar bilan ular buyrug‘ini bajargan “strelochniklar” o‘rtasida maxfiy kelishuv bor. Shuning uchun ular yaqinlari ham¸ ichida norozi bo‘lsa ham¸ hozircha lom-mim demayapti”¸ - deya iddao qildi jarayondan bevosita xabardor mulozimlardan yana biri.

Sardoba suv ombori qurilishida qatnashgan subpudratchi MChJ rahbarlaridan birining qarindoshi ham shunday maxfiy kelishuv borligini tasdiqladi.

“Biz bilan Sanginovning o‘g‘li Islom gaplashib turibdi. Otam prezidentning oldiga kirib chiqdi¸ Zaynilobiddin bilan gaplashdi¸ hammasi yaxshi¸ deb tinchitib kelyapti. Sanginovning bitta o‘g‘li Bosh prokuraturada. Qolaversa¸ ularning orqasida Zaynilobiddin Nizomiddinov (Prezident administratsiyasi rahbari) turibdi. “Davlatga yetkazilgan zararni qopladi¸ aybiga chin dildan pushaymon bo‘ldi”¸ degan asosda qarindoshlarimizga yengil jazo berish va ozodlikka chiqarishni va’da qilyapti. Evaziga tergov va sudda Sanginovlarga qarshi ko‘rsatma bermaslik¸ jim o‘tirish buyurilgan”¸ - dedi sudlanuvchilaridan birining qarindoshi Ozodlikka.

“Cho‘ldagi dengiz” yoxud Mirziyoyev-Sanginov “piramida”si?

Ozodlikning 2020 - yil may oyida o‘tkazgan dastlabki jurnalistik surishtiruvi 2010-2017 - yillarda qurilgan Sardoba suv ombori uchun asosiy mas’ullar shaxsiga oydinlik kiritgan edi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra¸ Sirdaryo cho‘lida ulkan suv ombori qurish g‘oyasi muallifi Shavkat Mirziyoyevdir.

Sardoba suv ombori qurilishi 2010 - yilda boshlangan va oradan ko‘p o‘tmay, to‘xtab qolgan. Ozodlik manbalari buning sababini suv omborini moliyalashtirish jarayonidagi muammolar¸ xususan¸ mablag‘larni o‘zlashtirish va talon-toroj qilish bilan bog‘liq surishtiruv va tergovlar bilan izohladi.

Ochiq manbalardan Sardoba suv ombori qurilishiga oid topilgan yagona rasmiy hujjat mana bu:

Bu prezident Islom Karimovning 2008 - yil 2 - oktabr kuni imzolagan farmoni. Unda 2009 - yili davlat byudjetidan ajratiladigan markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar uchun cheklovlar belgilangan.

Karimov farmonida Sardoba suv ombori uchun Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga ajratiladigan mablag‘ 700 million so‘m miqdorida cheklangan. Markaziy bank kursi bo‘yicha¸ 2008 - yil oktabrida bu mablag‘ taqriban 523 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan.

Gazeta.uz nashri o‘zi ko‘rgan hujjatlarga tayanib¸ suv ombori qurilishining 1.3 trillion so‘m yoki 405 million AQSh dollariga tushganini yozdi. Bu raqam hukumat tomonidan rad etilmadi. Ammo qariyb yarim milliard dollarlik ulkan davlat loyihasi¸ uning moliyaviy manbasi haqida ochiq manbalarda biror ma’lumot yo‘q.

Rasmiy bayonotlardan anglashilishicha¸ Karimov davrida, asosan paxta rejasi ijrosi uchun mas’ul bo‘lgan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev cho‘lda sun’iy dengiz qurish orqali Jizzax va Sirdaryoning suvsiz yerlarini paxtazorga aylantirishni maqsad qilgan.

Sardoba falokatidan bir necha kun o‘tib-o‘tmay¸ 2020 - yilning 15 - may kuni Mirziyoyev o‘z tashabbusini oqlashga ham urindi.

"Albatta, kimdir savol berishi mumkin, shu suv ombori kerakmidi yoki yo‘qmidi, degan. Hozir ham savollar ko‘p. Nima uchun Sirdaryo bilan Jizzax viloyati hech qachon rivojlanmagan? Suv bo‘lmagan. Dehqon odam biladi - paxtaga besh-olti marta suv berish kerakligini. Nega boshqa hududlarda 40-70 sentner bo‘ladi, bu viloyatlarda esa 15 sentner? Ikki marta suv berolmaslikdan. Ikkinchidan - biror marta takror ekin eka olarmidik? Suv yo‘q edi-ku? Shuning uchun 2010 - yil eng to‘g‘ri xulosa bo‘lgan".

Mirziyoyeevning Sirdaryo cho‘li o‘rtasida qariyb 1 milliard kub metr suv sig‘adigan sun’iy dengiz qurish rejasida Abdug‘ani Sanginov va Ochilboy Ramatov belgilovchi o‘rin tutadi.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov (chapda)
Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov (chapda)

Mirziyoyev 2003 - yili Bosh vazirlikka kelganidan so‘ng uning yaqin tanishi Sanginov davlatga tegishli gidroinshootlarini qurish va ishga tushirish bo‘yicha davlat korxonasini xususiy MChJ ga aylantirdi. Shundan so‘ng davlatning milliardlab pullik gidroloyihalari Sanginov shirkatlariga to‘g‘ridan- to‘g‘ri taqdim etiladigan bo‘ldi. Ramatov boshchiligidagi injiniring kompaniyalari esa, katta qurilishlarda tendersiz ishtirokini boshladi. Bu loyihalarga chet eldan keladigan milliardlik pullar ajratildi. 400 million dollardan oshiq Sardoba qurilishi ham ayni shunday loyihalardan biri edi”.

Ozodlikning O‘zbekiston hukumatidagi manbasiga ko‘ra, 2015-2016 - yillarda o‘zbek huquq-tartibot idoralari Sardoba loyihasiga ajratilgan davlat mablag‘larining offshorga chiqib ketish sxemasini fosh qilish bo‘yicha surishtiruv boshlagan. Bu jarayonda Ramatov¸ Sanginov¸ Nizomiddinov kabi Mirziyoyevga yaqin mulozimlarning boshiga qora kunlar tusha boshlagani aytiladi.

Lekin Karimovning bevaqt o‘limi hammasini o‘zgartirib yubordi. Surishtiruv olib borgan IIV¸ prokuratura va MXX vakillari esa uzoq muddatga qamaldi”¸ - dedi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining mazkur jarayondan xabardor mulozimi.

Ozodlik ixtiyorida Bosh prokuratura¸ DXX (sobiq MXX) ning o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchilari yuritgani aytilgan bu tergov surishtiruviga oid hujjat yo‘q. Mazkur tizimda ishlovchi ayrim mulozimlar¸ shunday hujjatlar mavjudligini inkor qilmadi.

Islom Karimovning o‘limi paytida to‘xtab qolgan Sardoba suv ombori sathi Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelishi bilan qaytadan ulkan qurilish maydoniga aylandi. Qurilishda bevosita ishlagan muhandislarning aytishicha¸ texnik standartlar talabiga muvofiq bir yilga cho‘ziladigan ishlarning bir oyda qilingani haqida raport berila boshlandi.

Ura-urachilik bilan qurilgan Sardoba suv ombori 2017 - yilning 17 - may kuni uning bosh tashabbuskori - prezidentga aylangan Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilib olindi.

Suv omborini prezidentga uning bosh mualliflari - Ochilboy Ramatov¸ Abdug‘ani Sanginov va Shavkat Hamrayev (o‘sha paytdagi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari) topshirdi.

Sardoba loyihasining tashabbuschi va bosh ijrochilari suv omborini katerda ko‘zdan kechirmoqda. 2017 - yil¸ 17 - may
Sardoba loyihasining tashabbuschi va bosh ijrochilari suv omborini katerda ko‘zdan kechirmoqda. 2017 - yil¸ 17 - may

Sardobani qabul qilganining ertasiga, 2017 -yil 18 - may kuni Mirziyoyev mavqei vazirlikka tenglashtirilgan “O‘zgidroenergo” AJ ni tashkil qilish haqidagi farmonni imzoladi va Sanginovni mamlakatdagi barcha suv inshootlari uchun mas’ul qilib tayinladi.

2017 - yil 9 - dekabr kuni Mirziyoyev Sanginov va Hamroyev¸ shuningdek¸ Sardoba suv ombori loyihasini chizib bergan “O‘zGIP” texnik direktori Umid Abdullayevni yana bir bor taqdirladi.

Mirziyoyev Sanginovga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi» unvoni¸ Umid Abdullayevga «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni¸ Shavkat Hamrayevga esa¸ «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator» mukofotini berdi. 2018 - yil fevralida Hamrayev Suv xo‘jaligi vaziri etib tayinlandi.

Sanginovni bu mukofot bilan tabriklagan “O‘zgidroenergo” matbuot xizmati uning nima uchun berilganini yashirib o‘tirmadi.

Sanginovning respublika gidroenergetika tizimini tubdan o‘zgartirish va rivojlantirish Davlat Dasturi tashabbuskorlaridan” ekani ta’kidlangan rasmiy tabrikda “Markaziy Osiyoda eng uzun to‘g‘onga ega - “Sardoba” suv omborining foydalanishga topshirilganligi” aynan Abdug‘ani Sanginov mehnati mahsuli ekani aytildi.

Ammo “eng uzun to‘g‘on” uch yilga bormay yorilishi ortidan bu tabrik “O‘zgidroenergo” saytidan olib tashlandi. Sanginov¸qolaversa¸ Ramatov va Hamrayevlarning Sardoba loyihasi uchun birlamchi mas’ullar ekanini ko‘rsatuvchi ma’lumotlarni ham yo‘q qilish boshlandi.

Ammo 2017 - yilning 17 - may kuni Sardoba suv omborini Mirziyoyevga tantanali topshirgan Ramatov ham¸ Sanginov ham¸ Hamrayev ham hamon Mirziyoyevning yonida.

Sanginov va Hamrayev Sardoba falokati oqibatlarini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan hukumat komissiyasining a’zolari. Bu ikki mulozim falokat aybdorlarining jazolanishi muqarrar ekani haqida bayonotlar berib keladi.

O‘zbekiston va uning xalqiga qimmatga tushgan loyihaning bosh tashabbuskori prezident Shavkat Mirziyoyev esa, Sardoba masalasida, o‘zi bot -bot takrorlaydigan adolatni qaror toptirishga va’da bergan.

«Xalqimiz bir narsadan ko‘ngli to‘q bo‘lishi kerak, hech qanday ortiqcha gap-so‘zlarga va mish-mishlarga o‘rin bo‘lmasligi lozim.

Mening topshirig‘imga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan suv toshqini bilan bog‘liq voqea yuzasidan ob’ektiv, xolis va keng qamrovli tergov harakatlari boshlangan.

Xalqimizni ishontirib aytaman, tergov yakunlari bo‘yicha barcha aybdorlar, kim bo‘lishi va egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, qonun oldida javob beradi».

Sardoba ishi bo‘yicha sud o‘z hukmini e’lon qilishi arafasida, 16 - aprel kuni Samarqandda qilgan chiqishida Mirziyoyev Sardoba fojiasi ortidan xalqqa bergan va’dalarini bajarib¸ "yuzi yorug‘ bo‘lgani"ni e’lon qildi.

“Yodingizda bo‘lsa, Sardobadagi suv toshqinida aytgandim: “Hali shunday paytlar bo‘ladi, odamlar orasida “Nega bizning ko‘chamizga shu suv kelmadi?” deydiganlar bo‘ladi, degandim.

Mana, hamma sharoitlarini yaratib, ko‘chirib chiqardik aholini. Lekin men o‘sha paytdagi holatni ko‘rib juda qiynalgandim. Bu sinov qaydan keldi, deb o‘ylangandim. Xudoga shukur, xalqimizning oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ldi”.

2020 - yilning 1 - may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi oqibatida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan, 1781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan.

To‘g‘on yorilishi oqibatida yuz bergan toshqin O‘zbekiston tarixidagi eng yirik aholini evakuatsiya qilish amaliyotiga sabab bo‘ldi - yuz minglab odam xavfsiz hududga ko‘chirildi.

O‘tgan vaqt mobaynida ko‘plab sardobaliklar o‘zlariga ajratilgan yordam yoki tovon pulini ololmagani, uy-joyga bo‘lgan huquqlari buzilganidan shikoyat qilib kelgan. Uylari buzilganlar orasida hanuz boshpanasiz yashayotganlar bor.

XS
SM
MD
LG