Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:42

Qirg‘iziston Xitoydan olgan ulkan qarzlarini qanday qaytaradi?


Xitoy prezidenti Si Szinpin va Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Sooronbay Jeenbekov Bishkekdagi ShHT sammitida - 13 - iyun, 2019
Xitoy prezidenti Si Szinpin va Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Sooronbay Jeenbekov Bishkekdagi ShHT sammitida - 13 - iyun, 2019

Iqtisodiy qiyinchilikni boshdan kechirayotgan Qirg‘iziston ulkan davlat qarzi yukini his qila boshladi. Mamlakat rasmiylari yildan-yilga oshib borayotgan kreditlarni to‘lash uchun keskin chora ko‘rish haqida bosh qotirmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Qirg‘izistonning tashqi qarzi 5 milliard dollarni tashkil etadi va uning 40 foizdan ortig‘i (1,8 milliard dollar) so‘nggi o‘n yil ichida Xitoyning «Bir kamar, bir yo‘l» (Belt and Road Initiative) loyihasi doirasida Xitoy eksport-import bankidan olingan.

2020 - yilda Qirg‘iziston yalpi ichki mahsuloti 8,6 foizga qisqardi. Natijada mamlakat o‘z qarzini qaytara olmasligi yoki hatto foiz to‘lovlarini bera olmay qolishi mumkinligi haqida xavotirlar paydo bo‘ldi.

Qirg‘izistonning yangi prezidenti Sadir Japarov 13 - fevral kuni «Qabar» agentligiga bergan intervyusida «agar biz [qarzning] bir qismini o‘z vaqtida to‘lamasak, ko‘plab mulklarimizdan juda bo‘lamiz», deb aytdi.

«Bunaqa shartlarga asoslangan bitimlarni [sobiq prezident Almazbek] Atambayev imzolagan. Ammo Xudo xohlasa, barcha qarzlardan o‘z vaqtida xalos bo‘lamiz. [Bu borada] rejalar mavjud», - deya qo‘shimcha qildi Japarov.

Ammo bu rejalar nimadan iboratligi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Japarov intervyu davomida Xitoyni tilga olmagan bo‘lsa-da, mamlakatda Bishkek Pekin oldidagi qarzlardan qanday qutulishi masalasi keng muhokama qilinmoqda.

Boshqa ko‘plab davlatlar, jumladan, Qozog‘iston, Tojikiston va Pokiston Xitoydan yiriq miqdorda qarz olgan bo‘lib, COVID-19 pandemiyasi ortidan yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz sababli Qirg‘iziston kabi mushkul ahvolga tushib qoldi.

Pekin bugunga qadar Qirg‘iziston kabi moliyaviy jihatdan qiyin ahvolga tushib qolgan mamlakatlar uchun ba’zi kredit to‘lovlarini kechiktirishga tayyor ekanini izhor qilib keladi. Ammo Xitoy rasmiylari qarzdan butunlay kechish istagini bildirgani yo‘q.

So‘nggi oylarda rasmiy Bishkek Jetim-Too (Yetim tog‘) temir konini ishga turishish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Ayrim hukumat tanqidchilariga ko‘ra, mamlakat rasmiylari Pekinga qarzlarni to‘lash uchun daromadli konni ishlatish huquqini Xitoyga sotishi yoki butunlay xitoyliklar tasarrufiga o‘tkazib berishi mumkin.

Prezidentlikka nomzod sifatida Japarovning o‘zi ham Xitoyga davlat qarzini to‘lash uchun Jetim-Toodan foydalanish g‘oyasini ilgari surgan edi. Ammo Qirg‘iziston Milliy banki konga egalik huquqi hukumat qo‘lida qolishini aytib keladi.

Ayrim rasmiylar mamlakatning energetika sohasi boshqaruvini qisman qarz bergan mamlakatlarga o‘tkazib berish masalasini o‘rtaga tashladilar. Xususan, mamlakat qarzlaridan qutulish uchun shunday chora ko‘rish g‘oyasini 22 - fevral kuni parlament deputati Aqil Japarov (prezident bilan aloqasi yo‘q- tahr.) ko‘tardi.

22 - fevral kuni Japarov Xitoy prezidenti Si Szinpin bilan birinchi marta telefon orqali suhbatlashdi. Suhbat Bishkek va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar tang bo‘lib qolayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Millatchi qarashlarga ega Japarov o‘tgan yilning 4 - oktabrida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari ortidan boshlangan ommaviy tartibsizliklar fonida qamoqdan bo‘shatilib, hokimiyat tepasiga kelgan edi.

Tartibsizliklar ortidan Qirg‘izistondagi xitoylik tadbirkorlar va fuqarolar hujumga uchradi, natijada rasmiy Pekin Qirg‘izistonning Xitoydagi elchisi Qanayim Baqtigulovani chaqirtirib, o‘z fuqarolarining xavfsizligidan xavotir izhor qildi.

Pandemiyaga qadar Qirg‘iziston o‘z qarzlarini to‘lab borayotgan edi, ammo COVID-19 tufayli yuzaga kelgan moliyaviy muammolar mamlakat iqtisodiyotini izdan chiqardi.

Ba’zi mutaxassislarning aytishlaricha, Xitoy mintaqadagi va global miqyosdagi obro‘siga putur yetkazishni istamaydi va shuning uchun Qirg‘izistondagi aktivlarni o‘z nazorati ostiga olishga oshiqmasligi mumkin.

XS
SM
MD
LG