Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:08

Putinning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakilini Tolibonni "oqlagani" uchun tekshirish so‘raldi


Tolibon siyosiy idorasi a’zolari Abdul Latif Mansur (chapda) Shahobuddin Delavar (o‘rtada) va Suhayl Shohin Moskvadagi matbuot anjumanida - 9 - iyul, 2021.
Tolibon siyosiy idorasi a’zolari Abdul Latif Mansur (chapda) Shahobuddin Delavar (o‘rtada) va Suhayl Shohin Moskvadagi matbuot anjumanida - 9 - iyul, 2021.

“Yabloko” partiyasi Chelyabinsk viloyati bo‘limi a’zosi Timofey Bezugliy prokuraturadan Vladimir Putinning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Qobulovning Rossiyada terroristik tashkilot deb topilgan va faoliyati taqiqlangan “Tolibon” harakati haqidagi fikrlari “terrorizmni oqlash” deb baholanishi yoki baholanmasligini tekshirishni so‘radi.

Bu haqda “Nemis to‘lqini” radiosi xabar qildi.

Siyosatchi prokuraturaga 20 - iyul kuni ariza bergan. O‘sha kuni Rossiya TIV xodimi Zamir Qobulov Valday klubi anjumanida chiqish qilarkan, “Tolibon” guruhi Afg‘onistonning shimoliy hududlarini bosib olish davomida go‘yo “ijobiy” rol o‘ynayotganini aytgan.

Bezugliy Rossiyada jurnalistlar, siyosatchilar va faollar turli siyosiy ayblovlar, jumladan “terrorizmni oqlash” moddasi bo‘yicha jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortilib, katta jarimalar to‘layotgan paytda “yuqori martabali mulozimlar” Rossiya hududida taqiqlangan tashkilotlar delegatsiyalarini qabul qilayotganiga e’tibor qaratgan.

Ikki hafta oldin “Tolibon” delegatsiyasi Moskvada bo‘lib, Rossiya TIV rahbariyati bilan muzokara olib borgan va poytaxtda matbuot anjumani o‘tkazgandi. Radikal islomiy harakat vakillarining Rossiyaga kelishi Afg‘onistonda “Tolibon”ning hukumat kuchlariga hujumlari kuchaygan paytga to‘g‘ri keldi. AQSh va uning NATOdagi ittifoqchilari o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni boshlaganidan so‘ng jangarilar mamlakat tumanlarini birin-ketin ishg‘ol qilmoqda.

“Tolibon” kelib-ketganidan so‘ng huquq faoli Marina Litvinovich Markaziy saylov komissiyasidan “Edinaya Rossiya” partiyasi nomzodlarini saylovga ro‘yxatga olishni rad etishni talab qildi. Bunga Litvinovich partiyaning saylovoldi ro‘yxatiga kiruvchi TIV rahbari Sergey Lavrov Rossiyada taqiqlangan tashkilot a’zolari bilan uchrashganini asos qilib ko‘rsatgan.

Tahlilchilar AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketishi manzarasida Moskva mintaqadagi diplomatik va harbiy tashabbusni qo‘lga olayotganiga e’tibor qaratishmoqda.

"Putin xabardor"

8 - iyul kuni Rossiya terrorchi tashkilot deb hisoblaydigan Tolibonning siyosiy idorasi vakillaridan iborat hay’at Moskvada Afg‘oniston hukumati va Rossiya rasmiylari bilan muzokaralar olib borgan. Muzokaralar ortidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari Tolibon Afg‘onistonda to‘liq hokimiyatni qo‘lga kiritishga intilmayotganini aytishgan, toliblarning vakillari esa Markaziy Osiy davlatlari chegaralariga daxl qilmasliklarini ta’kidlaganlar.

9 - iyul kuni Moskvada o‘tgan matbuot anjumanida Tolibon hay’ati rahbari Shahobuddin Delavar Tolibon Afg‘onistondagi IShID (Rossiya va boshqa qator davlatlarda terrorchi guruh deb tan olingan Iroq va Shom Islomiy davlati guruhi) ga qarshi kurashishini aytgan.

Putin hukumatining Rossiya rasman terrorchi tashkilot deb bilgan Tolibon bilan muzokaralari rus matbuotida tanqidlarga sabab bo‘ldi, ammo Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Qobulov muloqotdan maqsad toliblarga Moskvaning pozitsiyasini yetkazish ekanini ta’kidladi.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Tolibon bilan muzokaralardan Putin xabardor ekanini aytdi.

«Putin xabardor. Muloqot Afg‘onistondagi vaziyat qanday tarang rivojlanayotgani, Afg‘oniston va Tojikiston chegarasidagi vaziyat manzarasida muhim", deya Peskovning so‘zlaridan iqtibos keltirgan RIA «Novosti» agentligi 9 - iyul kungi xabarida.

XS
SM
MD
LG