Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:07

Putin migrant bolalarda milliy totuvlik va rus qadriyatlariga tahdidni ko‘rdi (VIDEO)


Vladimir Putin taklifi ko‘plab muhojir bolalar uchun maktab eshiklarini yopib qo‘yishi mumkin.
Vladimir Putin taklifi ko‘plab muhojir bolalar uchun maktab eshiklarini yopib qo‘yishi mumkin.

Vladimir Putin Rossiya maktablaridagi migrantlar farzandlari sonini cheklashga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim ta’lim muassasalaridagi xorijlik bolakaylarning ko‘pchiligi rossiyalik bolalarning bilim darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Migratsiya ekspertlari bunday bayonotlar vaziyatni yanada murakkablashtirishi va migrant bolalar holatiga salbiy ta’sir o‘tkazishini gapirmoqda.

Путин: Мигрантлар болаларининг мактабларда кўпайиши-катта муаммо!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:36 0:00

Rossiya prezidenti rus maktablarida migrantlar farzandlarining soni ko‘payib ketganidan xavotir bildirib, ular sonini qisqartirishga da’vat qildi.

Millatlararo masalalar bo‘yicha kengashda gapirgan Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, muhojir bolalar mahalliy o‘quvchilar bilim darajasiga salbiy ta’sir o‘kazmoqda va millatlararo nizolarni keltirib chiqarmoqda.

“Maktablarimizdagi migrantlar bolalari soni ularning rasman emas, amalda rus tili muhitiga, nafaqat tilga - umuman madaniyatga chuqur moslashtirishga imkon berishi, bizning rus qadriyatlarimizga to‘liq singimog‘i lozim”.

Prezident Putin “AQSh va Yevropadagi kabi” ayrim mamlakatlardagi vaziyatni misol keltirdi. Uning so‘zlaricha, G‘arbda migrant bolalar soni ko‘payishi ortidan mahalliy aholi o‘z farzandlarini maktablardan olib ketmoqda.

Migrantlar bolalarining maktablarda ko‘payishini “katta muammo” deb atagan Vladimir Putin ular sonini qattiq nazoratga olish kerakligini uqtirdi.

“Har bir katta odamga ayon bo‘lsa kerak. U yerda shunday maktablar tashkil topyaptiki, 100 foizga migrantlar bolalari bilan to‘ldirilgan. Bu katta muammo! Biz buni inobatga olishimiz va bunday holatning Rossiyada yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak!”

O‘z taklifini Putin “bolalarning o‘ziga foyda keltirishi” va “rus oilalari manfaatlariga zid kelmasligi” bilan izohladi.

Bu chiqish ortidan Rossiya Maorif vazirligi migrant bolalarning “shaxsiy ta’lim talablari baholash tizimini” joriy qilishga tayyorlayotganini ma’lum qildi. Vazir Sergey Kravsov bu tizim bolaning rus tilini bilishi va uni o‘rganishdagi kamchiliklarni aniqlab berishini aytdi.

Vazirlik mutasaddilari har bir sinfda migrant bolalar sonini 10-20 foizdan oshirmaslikka chaqirmoqda.

Vladimir Putin chiqishi va vazirlik kiritayotgan tartibga baho bergan “Fuqaroviy ko‘mak” inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, yangi qoidalar Rossiyadagi ko‘plab muhojir farzandlari uchun ta’lim olishga yo‘llarni yopadi.

“Endilikda maktablar bolalarning bilimsiz qolmasligi ustidan emas, registratsiyasi va mamlakatda legal yoki nolegal yashayotgani ustidan nazorat qilishga o‘tadi. Bu juda achinarli yangilik!”, deya bayonot berdi qo‘mita o‘zining rasmiy saytida.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, boshqa til va muhitdan ko‘chib kelgan o‘quvchi bollar odatda Rossiyadagi nufuzli gimnaziya va litseylarda joriy qilingan tanlov tizimidan o‘tolmasdan, chekkaroqdagi maktablarga hujjat topshirishga majbur bo‘ladi. Natijada, ayrim tuman maktablarida migrant bolalar soni keskin ko‘payib boradi.

Жамоатчилик фаоллари: Мигрант болалар ёшлиги ташвишда ўтмаслиги керак!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:00 0:00

Muhojirlar farzandlarining o‘qishga bo‘lgan umuminsoniy huquqlarini ko‘p yillardan beri himoya qilib kelayotgan “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti yirik megapolis va shaharlardagi maktablarga hujjat topshirayotgan o‘zbek, tojik va qirg‘iz bolalarning yagona va eng katta muammosi - rus tilini bilmaslikda, aslo uning aqliy qobiliyatida emasligiga e’tibor qaratib keladi.

Rossiya maktablarida muhojir farzandlarining ko‘pligi rossiyaliklar uchun qanchalik katta muammo? Rus bo‘lmagan yigit-qizlar haqiqatan ham mahalliy bolalar bilim darajasiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqdami? Ozodlikning bu savollariga javob bergan moskvaliklar ikkiga bo‘lindi: bir tomon migrant o‘quvchilar sonini keskin cheklash zarurati borligini aytsa, boshqalar uni sun’iy yaratilgan va millatchilik ruhidagi bayonotlar, deya baholadi.

Ozodlik Rossiya poytaxti shimolida uch farzandi bilan yashayotgan o‘zbek muhojirlari oilasida mehmonda bo‘ldi. Moskvada tikuvchilik qilib kelayotgan namanganlik Yosin va Nigoraning uch farzandidan ikki nafari rus maktabida a’lo baholarga o‘qiydi.

Ularning aytishicha, farzandlari tez vaqt ichida mahalliy sharoitlarga moslashib ketishgan:

- O‘g‘lim rus tilini yaxshi bilgani uchun muammo bo‘lmadi. Qizimda biroz bo‘ldi. Boshida bir oydan keyin maktabdan olmoqchi ham bo‘ldim. Boshida “Dada, ustozim nima deyotganini, o‘rtog‘larimni tushunmayapman”, deb keldi. Biz qo‘liga telefon berib, barcha savollarni, tarjima kerak bo‘lsa yordam berib turdik. Judayam tez o‘zlashtirib ketdi!

Qurbonovlar oilasi muhojir bolalar bilan bog‘liq muammolar biroz bo‘rttirilayotgani, zero odatda aynan migrant bolalar o‘qish jarayonida yaxshi natijalar ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘layotganini aytadi.

Bugunga kelib Asadbek va Shahrizod maktabga ishtiyoq bilan borib keladi. Ular turli to‘garaklarga qatnaydi, o‘zlarini o‘zga yurtda ekanini his etmayotganini gapiradi:

- Birinchi O‘zbekistondan kelganimda qiynalganman, chunki birinchi sinfda o‘zbekchada o‘qib, darrov ruschaga o‘tganman. Boshida umuman bilmasdim boshqalar bilan gaplashishni. 2-3 oydan keyin o‘rganib ketdim. Hozir sinfimda a’lochiman, - deydi Shahrizoda.

Rossiyada yashovchi 146,7 million aholidan qariyb 23 foizini 18 yoshgacha bo‘lgan maktab yoshidagilar tashkil etadi. Rossiya Maorif vazirligi bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Rossiyada 800 mingdan ko‘proq voyaga yetmagan xorijlik fuqarolar yashab kelmoqda. Biroq davlat ta’lim tizimiga 140 mingdan ziyod mehnat muhojirlari farzandlarigina jalb qilingan, xolos.

Ulardan qanchasi o‘zbekistonlik o‘quvchi bolalar ekani to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG