Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:19

Putin Ashxobodda ota-bola Berdimuhamedovlar bilan alohida-alohida uchrashadi


Prezidentlar Vladimir Putin va Gurbanguli Berdimuhamedov Ashxoboddagi uchrashuvda. 11-oktabr, 2019.
Prezidentlar Vladimir Putin va Gurbanguli Berdimuhamedov Ashxoboddagi uchrashuvda. 11-oktabr, 2019.

Putin Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan beri ilk xorijiy safari doirasida 28- iyun kuni Tojikistonga keldi, u yerdan Turkmanistonga o‘tadi.

Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov 27-iyunda jurnalistlarga Putin Ashxobodga tashrifi chog‘ida Turkmanistonning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov hamda uning vorisi va o‘g‘li Sardor Berdimuhamedov bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazishni rejalayotganini ma’lum qildi.

Putin Gurbanguli Berdimuhamedovni tug‘ilgan kuni bilan shaxsan tabriklamoqchi va ish masalalarini u bilan muhokama qilmoqchi. Sardor Berdimuhamedov bilan uchrashuv esa sammitdan oldin bo‘lib o‘tadi.

29-iyunda Gurbanguli Berdimuhamedov 65-tug‘ilgan kunini nishonlaydi. Kaspiybo‘yi davlatlari rahbarlari sammiti bu gal sobiq turkman prezidentining tavallud kuniga to‘g‘ri keldi.

Putinning Markaziy Osiyodagi postsovet respublikalarga tashrifi Ukrainadagi urush vajidan Moskvaga qarshi xalqaro sanksiyalar hamda uni dunyo hamjamiyatidan uzib qo‘yishga qaratilgan harakatlar kuchayib borayotgani manzarasida kechmoqda.

Putinning Tojikiston va Turkmanistonga tashrifi arafasida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Aleksey Arestovich rasmiy Dushanbe va Ashxobodni Rossiyaga qarshi qo‘llangan xalqaro sanktsiyalarni buzmaslikka chaqirdi.

Arestovich 27-iyun kuni Feýgin Live YouTube-kanaliga bergan intervyusi chog‘ida bu masalaga to‘xtaldi.

Siyosiy sharhlovchilar Rossiya xalqaro sanktsiyalar oqibatlarini Markaziy Osiyo mamlakatlari yordamida yumshatishga urinishi mumkinligiga e’tibor qaratishmoqda.

28-iyun kuni Dushanbeda Putin tojikistonlik hamkasbi Emomali Rahmon bilan ko‘rishdi.

Tojikiston iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirining sobiq muovini Karimjon Ahmadov Rossiya rahbari Tojikiston prezidenti Rahmon bilan uchrashuv chog‘ida jumladan G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini chetlab o‘tish masalasini ham ko‘tarishini taxmin qiladi.

Uning fikricha, Rossiya, xususan, o‘z oltinini eksport qilishda Tojikiston imkoniyatlari va resurslaridan foydalanmoqchi.

“Hech kim ovoz chiqarib aytayotgan bo‘lmasa-da, ushbu masala albatta muhokama qilinadi”, deb yozdi Kanadada istiqomat qilayotgan sobiq tojik mulozimi 27-iyun kuni o‘zining “Feysbuk”dagi sahifasida.

Dunyoning yetti iqtisodiy qudrati – AQSh, Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada va Yaponiya rahbarlari 26-28-iyun kunlari “Katta yettilik”ning 48-sammitida Rossiyadan oltin import qilishga embargo joriy etishdi. AQSh prezidenti Jo Bayden mazkur sanksiyalar haqida 26-iyunda o‘zining Twiiter’dagi sahifasi orqali ma’lum qilgandi.

Savdo-iqtisodiy munosabatlar tafsilotlari odatda jamoatchilikka ochiqlanmaydi, ammo prezident Vladimir Putin 10-iyun kuni Turkmaniston prezidenti Sardor Berdimuhamedovni qabul qilarkan, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 40 foizga oshganini aytgan edi.

2022-yil 24-fevralda Rossiya Ukrainaga qarshi sababsiz va asossiz urush boshlagani ortidan qaqshatqich xalqaro sanksiyalarga yo‘liqmoqda.

Betaraf maqomga ega Turkmaniston Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini hanuzgacha belgilagan emas. Joriy yilning 3-martida BMT Bosh assambleyasida ovoz berish chog‘ida dunyoning 141 mamlakati Rossiyaning bosqinchilik urushini qoraladi. Turkmaniston ovoz berishda ishtirok etgani yo‘q. Keyinroq, 7-aprel kuni Bosh assambleya Rossiya okkupatsiya kuchlari Ukrainaga bosqin chog‘ida “inson huquqlarini qo‘pol ravishda va surunkali buzgan”iga doir dalillarga tayanib, Rossiyani BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligidan chiqardi. Mazkur qarorni 93 mamlakat qo‘llab-quvvatladi, ammo Turkmaniston bu safar ham ovoz berishda qatnashmadi.

Shu bilan birga, aprelda Turkmaniston Ukrainaga gumanitar yordam yuborajagini e’lon qildi. Yordam Ukrainaga yetib bordimi, borgan bo‘lsa – Ukrainaning qaysi hududlariga berildi – bu haqida ma’lumot hozircha yo‘q.

Putin 10-iyun kuni Moskvadagi uchrashuv chog‘ida Sardor Berdimuhamedovni “Rossiya Federatsiyasi va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari uchun” Do‘stlik ordeni bilan taqdirladi.

Bu orada Markaziy Osiyodagi ayrim davlatlar rahbarlari Rossiya taklif qilayotgan mukofotlardan o‘zlarini uzoq tutishga urinishmoqda.

Yaqinda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Rossiyaning Aleksandr Nevskiy ordenidan voz kechgan edi. Toqaev 16-iyun kuni Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ishtirok etarkan, Qozog‘iston o‘zini “DXR” va “LXR” deb atayotgan ayirmachi hududlar mustaqilligini tan olmasligini, shuningdek Rossiyaga qarshi xalqaro sanksiyalarga rioya qilishini aytdi.

Qozog‘iston lideridan farqli o‘laroq, Turkmaniston prezidenti Putindan mukofotni oldi. 2017-yilda Putin Gurbanguli Berdimuhamedovni Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taqdirlagan.

XS
SM
MD
LG