Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:04

OzodDayjest: “O‘zbekiston temir yo‘llari” hamon 60 yil avvalgi poyezdlarda yo‘lovchi tashimoqda


“O‘zbekiston temir yo‘llari” sovet davridagi poyezdlarda yo‘lovchi tashiyotgani tanqid qilindi. Filolog Sh. Soatova lotin alifbosiga o‘tilishiga siyosiy motivlar sabab bo‘lganini qayd etdi. Xiva xoni qurdirgan tarixiy obidaning hozirgi ahvoli sayyohlar hafsalasini pir qilmoqda. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

“Rost24”: Ramatovning o‘zi ham sho‘rodan qolgan badbo‘y vagonlarda bir sayohat qilib ko‘rsin!

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksionerlik jamiyati hamon 60 yil avvalgi sovet davri poyezdlarida yo‘lovchi tashimoqda (“Rost24”, 22 - fevral). Toshkent – Qo‘ng‘irot yo‘nalishidagi poyezdda safar qilgan jurnalist vagonlarning badbo‘y va iflos ekani, o‘rindiqlar, eshiklar, derazayu pardalarigacha – barcha-barchasi urush yillarini eslatishini qayd etgan.

“Kupe” deb atalgan taxminan 4 metr kub joyga to‘rt kishini joylash bu qamoqxonadagi sharoitdan ham noqulay bo‘lsa kerak. Uniqqan, nam tortgan ensiz matraslar, ventilyatsiya yo‘q, badbo‘y, erkin harakatlanish imkoniyati bo‘lmagan tor, chang xonalarda odam tashish, insonlar hayotiga behurmatlikdan boshqa narsa emas. Pul to‘lab shu sharoitda ketishning o‘zi achinarli”, deb yozgan nashr.

Ta’kidlanishicha, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ shunday og‘ir sharoitda yo‘lovchi tashigani uchun tovon puli to‘lashi kerak.

“Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mas’ullari, shu rahbariyatda 19 yil faoliyat yuritgan Ochilboy Ramatovning o‘zlarini ham marhamat qilib ushbu “kupe”larda sayr qilishga taklif qilgan bo‘lardik”, deb kinoya qilgan elektron nashr.

Adliya vaziri maslahatchisi: Lotin alifbosiga o‘tilishiga siyosiy motivlar sabab bo‘lgan

Adliya vazirining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi, filolog olim va bloger Shahnoza Soatova 1990-yillarda O‘zbekistonda kirill alifbosidan lotin alifbosiga o‘tish haqida qaror qabul qilinishiga siyosiy motiv sababli bo‘lganini aytdi (www.daryo.uz, 23 - fevral).

“Avval-boshda alifboni nimaga o‘zgartirganmiz? Buni hech kim rad etmaydi, sabab – siyosiy motivlar. Men o‘sha vaqtlarda alifboni o‘zgartirish tarafdorlari bo‘lgan, uni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlagan ustozlarimdan bu haqda so‘raganman... Odatda, leksiya vaqtlari javob berishmas edi. Keyinroq esa bizning o‘zimizga “Biz dunyoni o‘zbekcha anglashimiz kerak. Sovetcha anglashdan qochishimiz kerak. Hamma narsamiz yangi bo‘lishi kerak. Sovet o‘tmishidan qochmoqchimiz”, deb aytishar edi. Xullas, siyosiy motivlar sabab bo‘lgan”, degan Sh. Soatova.

Vazir maslahatchisi lotin alifbosiga o‘tish bo‘yicha 1993 - yilgi qonunga to‘xtalib, uni amalga oshirilishi kerakligini ta’kidlagan. “Qonun bo‘lganidan keyin bajarilishi ham kerak-da. Bu masala ustida yana qanday bahs bo‘lishi mumkin?!” degan u.

Hukumatning so‘nggi qaroriga ko‘ra, 2023 - yil 1 - yanvardan boshlab barcha tashkilotlarda ish yuritishda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tilishi belgilangan.

Xiva xoni Muhammad Rahimxon qurdirgan tarixiy obida butunlay qarovsiz qoldi

Xiva shahridan 11 kilometr sharqda, Sayot qishlog‘ida joylashgan “Chodra hovli” me’moriy yodgorligining hozirgi ahvoli sayyohlar hafsalasini pir qilmoqda (“Xalq so‘zi”, 25 - fevral).

“Bundan 150 yil oldan barpo etilib tevarak atrofi so‘lim bog‘ hamda asriy Xorazm gujumlari bilan o‘ralgan, bir vaqtlar sayyohlik yo‘nalishiga kiritilgan va dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlar hayratiga sazovor bo‘lgan ushbu arxitektura yodgorligi bugun butunlay qarovsiz qolgan. Gohida tashrif buyuradigan mahalliy sayohatchilar ham e’tiborsizlikdan kundan kunga nurab borayotgan obidaga, tevarak atrofdagi noxush manzaralarga boqib, “Attang!” deya bosh chayqab ketishadi”, deb yozgan “Xalq so‘zi” nashri.

Tarixiy obida 1871 - yilda Xiva xoni Muhammad Rahimxon tomonidan yozgi dam olish qarorgohi sifatida barpo etilgan.

To‘rt qavatli, balandligi 30 metr keladigan minorasimon arxitektura yodgorligi Madaniyat vazirining 2019 - yil 28 - iyundagi 413-son buyrug‘iga asosan moddiy madaniy meros obyektlari davlat kadastriga kiritilgan.

TURKSOY xalqaro tashkiloti tomonidan Xiva shahri 2020 - yilda turk dunyosi madaniyati poytaxti deb e’lon qilingan edi. 2021 - yilda Xiva yana bir yirik anjumanga taraddud ko‘rmoqda. Ko‘hna shaharda YuNESKO bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusida xalqaro forum o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Gazeta ushbu xalqaro tadbir oldidan qarovsiz tarixiy obidaga e’tibor qaratish lozimligini eslatib o‘tgan.

XS
SM
MD
LG