Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:31

OzodDayjest: Kusherboyev fuqarolar qabuliga e’tiborsiz qarayotgan Oliy sud vakillarini tanqid qildi


Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev
Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev

Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev Oliy sud vakillarining fuqarolar uchun qabul eshiklarini yopib qo‘yganiga norozilik bildirdi. O‘zbekiston davlat konservatoriyasi qoshidagi iqtidorli bolalar maktabi o‘quvchilari poytaxt chetidagi tashlandiq binoga yo‘llandi. Samarqand viloyatidagi abgor ahvolga kelgan yo‘l 30 yil mobaynida biron marta ham ta’mirlanmagani aytildi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Deputat Kusherboyev: “Oliy sud vakillari, sizlar oydan tushganmisizlar?”

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev Oliy sud vakillarining fuqarolar uchun qabul eshiklarini yopib qo‘yganini keskin tanqid qildi (“Hurriyat” gazetasi, 20 - yanvar).

Qonunchilik palatasining yalpi majlisida spiker N. Ismoilov oliy mahkama fuqarolarni qabul qilmayotganiga e’tiroz bildirganda Oliy sud raisi o‘rinbosari I. Muslimov qabul masalasida muammo bo‘lmasligi haqida va’da bergan. Ammo viloyatlardan umid bilan kelgan arizachilar hali ham Oliy sud eshigi tagida kun bo‘yi sarg‘ayib vaqtu ishonchini yo‘qotyapti.

“Oliy sud, siz parlamentni, 34 millionlik xalq vakillarini ham aldadingiz. Biz sizdan birgina narsa – o‘z xalqingiz, fuqarolarni qabul qilishni, eshitishni so‘radik, xolos... Siz oydan tushganmisiz yo xalqdan ustun oliy irqdanmisiz?” deya keskin savol qo‘ygan R. Kusherboyev.

Deputat sud davlat idorasiga emas, avvalo fuqarolarning manfaatlariga xizmat qilishi lozimligini urg‘ulagan.

“Bizni populizm va asossizlikda ayblab, idorama-idora shikoyat qilish va faloncha fuqaroni qabul qilib tashladik degan statistika bilan “reaksiya” qilib, o‘zingizni oqlashdan avval fuqarolarni qabul qilishni boshlang. Mayli, shunda biz populist va yolg‘onchi bo‘lishga rozimiz, faqat siz fuqarolarni qabul qiling va eshiting!” deya talab qo‘ydi 2020 - yilda “Yil odami” deb topilgan deputat.

Iqtidorli bolalar vayronada o‘qishga majbur bo‘lmoqda

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi qoshidagi iqtidorli bolalar maktabi o‘quvchilari poytaxt markazidagi o‘quv binosidan mahrum etilib, shahar chetidagi tashlandiq vayronaga yuborildi (www.podrobno.uz, 19 - yanvar). Qayd etilishicha, madaniyat vaziri litsey binosini yangi tashkil etilgan Yunus Rajabiy nomidagi Milliy musiqa san’ati institutiga olib bergan.

Musiqa muallimlari yil davomida binoda tozalash ishlarini qilishga majbur bo‘lgan. Xalq ta’lim vazirligi tizimidagi o‘qituvchilar maoshi oshirilayotgan bir paytda litsey pedagoglari ish haqi qisqartirilgan.

Iqtidorli bolalar tahsil oladigan litseyga ajratilgan binoda na suv, na issiqlik ta’minoti mavjud. Devorlar mog‘orlab-zaxlab ketgan. O‘quvchilarning ota-onalari jamoatchilikdan ushbu ochiq adolatsizlikka e’tibor qaratishni so‘ramoqda.

“Musiqa san’at ravnaq topishi, bolalar o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun risoladagidek bino beringlar! Bolalar madaniyat va san’at hali mamlakat uchun kerak ekanini his etsinlar”, degan ota-onalar.

Chorak asrda ta’mirlanmagan yo‘lni aholining o‘zi yamayapti. Ammo bu tokaygacha?

Samarqand viloyati Nurobod tumani O‘rtabo‘z qishlog‘ini tuman markazi bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘li SSSR davrida qurilgan. Ancha yillardan avval abgor ahvolga kelgan yo‘l 30 yil mobaynida biron marta ham ta’mirlanmagan (www.kun.uz, 16 - yanvar).

“Inson sabrining chegarasi bor deyilganday, o‘rtabo‘zliklarning sabri shu kunlargacha etdi. Tuman hokimligiga, tuman yo‘llardan foydalanish korxonasiga va yana boshqa bir qator mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilaverib charchagan qishloq ahli oxiri shu kunlarda hasharga chiqdi hamda yo‘lni qo‘lbola usulda ta’mirlashga kirishdi”, deb yozgan nashr.

Eng qizig‘i, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining saytida ushbu yo‘l qoniqarli holatda deya noto‘g‘ri ma’lumot berilgan.

“(Odamlar) oilasi uchun, bola-chaqasi uchun sarflashi lozim bo‘lgan puldan yo‘l ta’miri uchun ajratyapti. Ammo bu holat qachongacha davom etadi? Qachongacha turli davlat tashkilotlari bajarishi kerak bo‘lgan ishlarni xalq hashar yo‘li bilan bajaradi?” deya savol qo‘ygan Kun.uz nashri.

XS
SM
MD
LG