Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:16

O‘zbekiston chegarani kesib o‘tgan 50 dan ziyod afg‘onistonlikni ortga qaytardi, qo‘shinlar jangovar shaylikka keltirilmoqda


O‘zbek-afg‘on chegarasidagi Hayraton ko‘prigi
O‘zbek-afg‘on chegarasidagi Hayraton ko‘prigi

Joriy yilning 23 - iyun kuni 53 nafar afg‘on chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va mahalliy qurolli guruhlar Sho‘rtepa tumani hududidan O‘zbekistonga o‘tdi.

Bu haqda ma’lum qilgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining bildirishicha, “zaruriy surishtiruv va tergov tadbirlari o‘tkazilganidan so‘ng ushbu afg‘on fuqarolari vataniga qaytarilgan”.

O‘zbek diplomatlari qaydicha, O‘zbekiston hududiga noqonuniy kirishga qilingan har qanday urinishlar qat’iy bartaraf etiladi, davlat chegarasini buzganlarga esa eng keskin choralar ko‘riladi.

O‘zbekiston Afg‘onistondagi, jumladan, chegaradosh shimoliy viloyatlardagi harbiy-siyosiy vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib borayotganini urg‘ulagan TIV ixtilofga aloqador barcha tomonlarni kuch ishlatishdan tiyilishga hamda tinch aholi orasida qurbonlar kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan.

“O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston bilan an’anaviy do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini asrash, betaraflikni saqlash hamda qo‘shni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori ekanligini qat’iy ma’lum qiladi”, deyilgan vazirlik bayonotida.

O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari 23 - iyun kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida tojik-afg‘on chegarasida yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qilishgan edi. Tojikiston prezidenti matbuot xizmatining bildirishicha, Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlarda yuzaga kelgan vaziyatni “o‘ta keskin” deya baholashgan.

Payshanba kuni Tojikiston MXDQ Chegara qo‘shinlari mamlakat hududiga Afg‘onistondan 134 nafar hukumat askari qochib o‘tgani, ular “insonparvarlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga amal qilgan holda” Tojikistonga qo‘yilgani haqida ma’lumot tarqatgandi.

Bu orada O‘zbekiston Mudofaa vazirligi “qo‘shinlarni jangovar shaylikka keltirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar boshlagan”.

Vazirlik matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, xususan, mudofaa vaziri rahbarligida shu kunda Toshkent va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okruglari hamda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari harbiy qism va bo‘linmalarida qo‘qqisdan tekshiruvlar bo‘lib o‘tyapti.

“Bunda shaxsiy tarkib va jangovar texnikalarning shayligi tekshiruvdan o‘tadi”, deyilgan Mudofaa vazirligi xabarnomasida.

Shuningdek, “Angren” va “Termiz” umumqo‘shin dala maydonlari hududida Toshkent va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonliklari tasarrufidagi harbiy qism va hamkorlikdagi kuch tuzilmalari o‘rtasida o‘zaro tajribalar almashish hamda harakatlarni muvofiqlashtirish, harbiy xizmatchilarning amaliy dala ko‘nikmalarini takomillashtirish maqsadida batalьon taktik o‘quvlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, taktik o‘quvlar davomida “Trevoga” signali berilganda shaxsiy tarkibning harakatlari, belgilangan yo‘nalish bo‘yicha himoyani kuchaytirishi, qo‘yilgan jangovar o‘quv vazifalarini sifatli bajarish borasidagi ko‘nikmalari sinovdan o‘tkaziladi hamda shartli dushmanning ehtimoliy joylashgan hududi aniqlanib, keyinchalik ular tomonidan olib borilishi mumkin bo‘lgan faol harakatlarni bartaraf etish maqsadida ular joylashgan hududlarga aviatsiya hamda artilleriya bo‘linmalarining kuch va vositalari hamda minomyotchilar batareyasi tomonidan zarbalar beriladi.

Vazirlik o‘quv mashg‘ulotlari davom etganini ma’lum qilgan, biroq ular qachon poyoniga yetishini ochiqlagan emas.

Afg‘onistonda Tolibon harakati Markaziy Osiyo davlatlari chegarasidagi 20 ga yaqin tumanni ishg‘ol etgani, shu jumladan O‘zbekistonga bevosita chegaradosh Balxda besh tumanni egallagani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan.

XS
SM
MD
LG