Линклар

Шошилинч хабар
16 июн 2021, Тошкент вақти: 07:13

"Katta yettilik" Rossiyani "mas’uliyatsizlik va zararli harakatlar"da aybladi


"Katta yettilik" tashqi ishlar vazirlari Londondagi sammitda - 4 - may, 2021

Chorshanba kuni dunyoning sanoati rivojlangan yetti davlati vakillarining so‘nggi ikki yildagi ilk yuzma-yuz uchrashuvi yakunlandi. G7 guruhi dunyodagi eng dolzarb geosiyosiy masalalar, shu jumladan, iqlim o‘zgarishi va pandemiyadan keyingi tiklanish kabi mavzularni qamrab olgan yakuniy bayonot e’lon qildi.

Bayonotda «Katta yettilik» Xitoyni inson huquqlarini buzishda va demokratiya tarafdorlariga tazyiq o‘tkazishda aybladi hamda Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzidan xavotir izhor qildi.

Shuningdek, mezbon Buyuk Britaniya hamda AQSh, Fransiya, Germaniya, Italiya, Kanada va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari Tehronni Eron qamoqxonalarida saqlanayotgan chet el fuqarolarini va ikki davlat fuqaroligiga ega shaxslarni ozod qilishga chaqirdilar.

Bundan tashqari, «Katta yettilik» tashqi ishlar vazirlari fevral oyida davlat to‘ntarishini amalga oshirgan Myanma harbiylariga qarshi yangi sanksiya joriy qilinishini aytib tahdid soldilar.

London markazida uchrashgan vazirlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVAX (Kambag‘al davlatlarga koronavirusga qarshi emlashda yordam) xalqaro mexanizmini qo‘llashga kelishib oldilar.

Ammo kambag‘al davlatlarni vaksina bilan ta’minlash maqsadida qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi to‘g‘risida hech qanday bayonot e’lon qilinmadi.

Kelasi oy Angliyaning Kornuoll shahrida «Katta yettilik» rahbarlari sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda AQSh prezidenti Jo Bayden ilk marotaba qatnashadi.

«Biz hamkor mamlakatlar bilan ko‘p qirrali tizim doirasida sayyoramiz uchun yanada toza, erkin, adolatli va xavfsizroq kelajak qurish yo‘lida birgalikda ishlashni va’da qilamiz», deyiladi guruh tashqi ishlar vazirlari e’lon qilgan qo‘shma bayonotda.

Xitoy va Rossiya tanqidi

«Katta yettilik» tashqi ishlar vazirlari bayonotida Xitoy keskin tanqid qilindi. Vazirlar Pekinni xalqaro va mahalliy qonunlar bo‘yicha o‘z bo‘yniga olgan majburiyatlarini bajarishga chaqirishdi.

Diplomatlar Shinjonda va Tibetda ozchilik guruhlar huquqlari buzilayotganidan «chuqur xavotir» izhor qildilar va Gonkongda huquq namoyishchilariga bosimni to‘xtatishga chaqirdilar.

Ayni damda, guruh Pekin bilan hamkorlik qilishga hozir ekanini izhor qildi.

«Biz mintaqaviy va global tinchlik, xavfsizlik va farovonlikni targ‘ib qilishda Xitoy bilan ishlash imkoniyatlarini izlashda davom etamiz», deyiladi guruh bayonotida.

«Katta yettilik» diplomatlari rahbarlari so‘nggi yillarda kuchayib borayotgan unilateralizm va global institutlardan chekinish siyosatidan voz kechib, global tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish ahamiyatini urg‘uladilar.

Ular Ukraina chegarasida qo‘shin to‘plagan Rossiyani «mas’uliyatsiz va beqarorlashtiruvchi xatti-harakatlar», «zararli kiber-faoliyat», dezinformatsiya va g‘arazli razvedka faoliyati bilan shug‘ullanishda aybladilar.

Koronavirus vaksinasi

Faollar «Katta yettilik»ni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashdagi tengsizliklarni bartaraf etishga chaqirib keladi. G‘arb davlatlari o‘z emlash kampaniyalarini kuchaytirib, iqtisodiyotlarini qayta ochar ekan, kambag‘al davlatlar ortda qolmoqda.

Global miqyosda aholi 1.2 milliarddan ortiq doza COVID-19 vaksinasi bilan emlangan, ammo bu dozalarning bir foizdan kamrog‘i eng kam rivojlangan mamlakatlarga to‘g‘ri keladi.

COVAX dasturidan ko‘zlangan maqsad badavlat davlatlar ko‘magi bilan qashshoq davlatlarni vaksina bilan ta’minlashdir. «Katta yettilik» tashqi ishlar vazirlari COVAX va boshqa emlash dasturlarini davom etishlarini izhor qildilar, ammo bu dasturlar uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratmadilar.

XS
SM
MD
LG