Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:26

Belarus IIV namoyishlar davomida ogohlantiruvchi o‘q otilganini tasdiqladi


Belarus maxsus kuchlari namoyishchilarni tarqatmoqda - Minsk, 29 - noyabr
Belarus maxsus kuchlari namoyishchilarni tarqatmoqda - Minsk, 29 - noyabr

Belarus Ichki ishlar vazirligi 29 - noyabr kuni avtoritar prezident Aleksandr Lukashenko iste’fosini talab qilib navbatdagi aksiyaga chiqqan namoyishchilarga qarshi «maxsus vositalardan» foydalanilganini tasdiqladi.

30 - noyabr kuni vazirlik matbuot kotibi Volga Chemadanova Telegramda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari namoyishchilarni tarqatish uchun ogohlantiruvchi o‘q otishgani haqida yozdi.

Avvalroq Ozodlik radiosi Belarus huquq-tartibot organlari ayrim namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalardan foydalangani haqidagi xabar qilgan edi.

«Xavfsizlik xizmati xodimlari maxsus vositalardan foydalanishga majbur bo‘ldi – havoga bir necha marta ogohlantiruvchi o‘q uzildi va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanildi», deb yozdi Chemadanova.

Kotib jami 313 kishi ommaviy tadbir o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunni buzgani uchun hibsga olinganini qo‘shimcha qildi.

Qarorgohi Minskda joylashgan «Vesna» inson huquqlarini himoya qilish markazi hisoblariga ko‘ra, 29 - noyabr kuni mamlakat bo‘ylab 420 dan ortiq namoyishchi hibsga olingan.

«Vesna» ma’lumotlariga ko‘ra, ularning aksari Minskda qo‘lga olingan. Shuningdek, Brest, Grodna va boshqa shaharlarda ham namoyishchilar hibsga olingan.

Minskning deyarli barcha tumanlarida namoyishlar bo‘lib o‘tgan. Shu sababdan bu safargi aksiyada qatnashgan namoyishchilarning umumiy soni noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Joriy yil avgustidan beri Belarusning Minsk va boshqa shaharlarida prezident saylovining rasmiy natijalariga qarshi ommaviy norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tmoqda. AQSh va Yevropa Ittifoqi saylov natijalarini tan olishdan bosh tortdi.

Muxolifat saylovda aslida Svetlana Tixanovskaya g‘alaba qozonganini aytib, Lukashenko iste’fosini, barcha siyosiy mahbuslarning ozod qilinishi hamda yangi saylov o‘tkazilishni talab qilmoqda.

Tixanovskaya saylov ortidan rasmiylar tazyiqi tufayli Belarusni tark etdi.

Ayni damda Litvada yashayotgan Tixanovskaya 29 - noyabr kuni Twitterda «Bu tuzum har hafta namoyishlar susayayotganini iddao qiladi. Har hafta o‘z qo‘shinlarini ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalar bilan Belarus xalqini urish va qo‘rqitish uchun yuboradi. Shunga qaramay, xalq har hafta Lukashenko tuzumiga qarshi tinch norozilik namoyishiga yig‘ilmoqda», deb yozdi.

Lukashenko 27 - noyabr kuni Minsk kasalxonasiga qilgan tashrifi chog‘ida yangi konstitutsiya qabul qilinsa, iste’foga chiqishi mumkinligini aytdi.

Belarus davlat matbuoti xabarlariga ko‘ra, avtoritar rahbar «Yangi konstitutsiya ostida sizlar bilan prezident o‘laroq ishlamayman», - degan.

Lukashenko konstitutsiyani isloh qilish va prezident vakolatlarini o‘zgartirish zarurligini aytgan, ammo yangi konstitutsiya qachon qabul qilinishi mumkinligi haqida hech nima demagan.

Bugunga qadar Lukashenko bir necha marta konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish haqida gapirdi, ammo muxolifat avtoritar yetakchi aslida hokimiyatda qolish maqsadida vaqtni cho‘zayotganini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG