Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:51

Prezident saylovi arafasida Ozodlik jurnalistlarini qo‘rqitish urinishlari kuchaydi


24 - oktabrga belgilangan O‘zbekiston prezidenti saylovi arafasida mamlakat ichkarisi va tashqarisidagi muxolifat va huquq faollari¸ shuningdek mustaqil jurnalist va blogerlar o‘zlariga nisbatan bosimlar kuchayganini aytmoqda.

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlar¸ Ozodlikning Telegram akkaunti orqali Ozodlik jurnalistlarini qo‘rqitish¸ ularga jismonan tahdid qilish urinishlari ham keskin ortgani kuzatilmoqda.

16 - oktabr kuni Ozodlikning Telegram-kanalida muvofiqlashtirilgan hujum qayd etildi. Yarim soat ichida Ozodlik jurnalistlariga o‘lim bilan tahdid qiluvchi o‘nlab xat mualliflarining deyarli barchasi yopiq akkauntdan foydalandi.

Ozodlikning Telegram bo‘yicha mutaxassislari o‘lim bilan tahdid qiluvchi xat yozganlardan ikkitasining O‘zbekiston hukumati¸ xususan¸ qurolli kuchlari propagandasi bilan shug‘ullanib kelayotgan yuzer ekanini aniqladi.

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi mediakorporatsiyasi prezidenti Jeymi Flay¸ Ozodlikka uyushtirilayotgan bu kabi tahdidlarni “jirkanch” deb atadi va Toshkent hukumatini mustaqil matbuotni qo‘rqitish taktikasini darhol to‘xtatishga chaqirdi.

O‘z boshqaruvidagi O‘zbekistonni “Yangi O‘zbekiston” sifatida taqdim etishga urinib kelayotgan Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan beri jurnalist va blogerlarni dadil bo‘lish¸ mamlakatdagi real vaziyatni “qo‘rqmasdan” yoritishga chaqirib keladi.

2019 - yil avgustida Samarqandda blogerlar bilan gaplashgan Mirziyoyev:

-Keyingi yillarda O‘zbekiston dunyoga ochilmoqda va xalqaro hamjamiyatga haqiqatni yetkazishga intilish bor. Eng muhimi, muhokama qilish, tanqid qilish mumkin. Bilingki, Prezident sizlarni doim qo‘llab-quvvatlaydi, degan edi.

Shavkat Mirziyoyevning erkin matbuotni qo‘llash haqidagi ko‘plab bayonotlariga qaramay¸ Ozodlik veb sahifasi O‘zbekistonda bloklangan¸ radio muxbirlarini rasmiy akkreditatsiyadan o‘tkazish so‘rovlari esa¸ javobsiz qolmoqda.

2021 - yilda O‘zbekiston Parijdagi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining matbuot erkinligi reytingida bir pog‘ona pastladi va 180 davlat ichida matbuot erkin bo‘lmagan davlat sifatida 157-o‘ringa qo‘yildi.

Muvofiqlashtirilgan hujum

Ozodlikka troll hujumi uyushtirish yangi hodisa emas. Hokimiyatning yuqori doiralari¸ shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyev va uning oila-a’zolari faoliyatiga oid tanqidiy maqolalar¸ ayniqsa¸ videomateriallarga oldindan tayyorlangan troll hujumlari muntazam ravishda qayd etiladi.

Ularda Ozodlik “yolg‘on ma’lumot tarqatish¸ prezidentga bo‘hton qilish¸ O‘zbekistondagi tinchlikni ko‘rolmaslik”da ayblanadi.

Ozodlik radiosi o‘zbek jurnalistlariga qarshi Internetdagi tahdidlar jirkanchdir. Men o‘zbek hukumatini ularni qoralashga, Ozodlik vebsaytini bloklashni to‘xtatishga va jurnalistlarimizni akkreditatsiyadan o‘tkazishga chaqiraman.
Jeymi Flay, Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi prezidenti

16 - oktabr kuni Ozodlik Telegram-kanaliga uyushtirilgan navbatdagi hujum, mohiyatiga ko‘ra avvalgilaridan farqlanadi.

Praga vaqti bilan 15:53 da boshlanib¸ 16:26 ga qadar to‘xtovsiz davom etgan bu hujumda Ozodlik jurnalistlariga, asosan jismonan yo‘q qilish bilan tahdid qilindi.

Daqiqama-daqiqa har-xil akkauntdan kollaj qilingan ayni suratlar bilan yuborilgan xatlarda “Ozodlikning asl maqsadi O‘zbekistonda qo‘zg‘olon qilish¸ tinchlikni ko‘ra olmaslik¸ prezidentimizni obro‘sizlantirish” degan baënotlar takrorlandi. O‘zbekiston rasmiylari¸ ular ko‘z qarashini ifodalovchi mahalliy bloger va avvalgi troll hujumlarida ham ayni shu mazmundagi ayblovlar ilgari surilgandi.

Ayni paytda¸ haqorat¸ onasidan so‘kinishga to‘la 16 - oktabr kungi xatlarda Ozodlik jurnalistlariga jinsiy tajovuzdan to “kallani olish”gacha tahdid qilindi. Ayni uslubda¸ bitta muallif tomonidan hozirlangan pornografik mazmundagi kollajlar o‘nlab akkauntlardan to‘xtovsiz tashlandi.

Tahdidchilar kim?

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining Telegram bo‘yicha mutaxassisi 16 - oktabr kuni yog‘dirilgan bu tahdidli xatlarni o‘rganib¸ ularning mualliflarini aniqlashga urindi.

Ozodlik radiosiga tahdid yuborgan ikkita akkaunt izlari Telegramdagi bir nechta ochiq chatlardan topildi. Ulardan biri¸ Irlandiyada yashayotgan o‘zbekistonlik taniqli huquq himoyachisi ismidan foydalanadigan "Abdujalil Boymatov" akkauntidir. Bu akkauntning Telegramdagi oltita ochiq suhbatda qatnashgani ko‘riladi.

Ozodlikka tahdid yuborishdan bir necha kun oldin¸ bu akkaunt foydalanuvchisi 5 mingdan oshiq foydalanuvchisi bor guruhga kirib¸ tungi ko‘ngilxushlikka tayyor qizlar bilan uchrashish niyatida ekanini bildirgan. Bundan esa, uning bevosita O‘zbekiston ichkarisida ekanini taxmin qilish mumkin.

Telegram chatxonalarida faol bo‘lgan ikkinchi tahdidchi Big Wood. Telegramdagi ochiq chatlardan uning Ozodlikka tahdid yuborgunga qadar faqat O‘zbekiston Qurolli kuchlari reklamasi bilan shug‘ullanganini ko‘rish mumkin.

Podrobno. uz nashrining Telegram-chatida faol bo‘lgan bu yuzerning ushbu kanal chatxonasida qoldirgan postlarining katta qismi o‘zbek armiyasini maqtashga¸ yana bir guruhi o‘zbek sportchilari bilan faxrlanishga bag‘ishlangan.

“ONLAYN KITOBXONLIK” Telegramida BIG Wood O‘zbekiston hukumati¸ xususan o‘zbek armiyasini madh qiluvchi “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” deb nomlangan reklama videosini ham yuklagan.

Ayni paytda bu yuzer YouTube portalidagi chiqishlarida Shavkat Mirziyoyevni korrupsiyada ayblab kelayotgan o‘zbekistonlik faol Hasanboy Burhonovga qarshi fikr ham qoldirgan. Bu postiga Big Wood “ Yollanma xoinlardan saqlaning!” degan ogohlantiruvchi sarlavha qo‘ygan.

Aslida O‘zbekistonda tug‘ilgan¸ hozirda Germaniyada istiqomat qiluvchi Hasanboy Burhonov uzoq yillardan buyon davlatimiz va prezidentimizga qarshi faoliyat olib boradi. O‘zini xalq himoyachisi deb ko‘rsatuvchi ushbu shaxs asosan o‘z nutqlarida tuhmat va bo‘hton gaplardan foydalanadi. Qolaversa, o‘zini “Erkin O‘zbekiston” siyosiy muxolifat harakati lideri deb biluvchi Hasanboy aslida ushbu faoliyati uchun xorijiy tashkilotlar tomonidan moliyalashtirilib turiladi!”¸ deyiladi Ozodlikka tahdidli xat yuborgan bu yuzerning Podrobno. uz Telegram-kanalidagi sharhida.

Ozodlik Telegram-kanaliga qarshi uyushtirilgan troll hujumida ham Big Wood ayni mazmunda Ozodlikni “xoinlik”da ayblab tahdid qoldirgan.

Ozodlikka hujumlar ortida kim turibdi?

Ozodlikning Telegram bo‘yicha mutaxassisi Andrey Soshnikov bu savolga faqat Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durovgina aniq javob bera olishi mumkinligini aytadi.

-Ozodlikka tahdidli xat yuborgan akkauntlar real odamlarga tegishli bo‘lishi mumkin. Ammo bu akkauntlarning qandaydir spam tarmoqdan vaqtincha «ijara»ga olingani ko‘proq haqiqatga yaqin. Biz aniqlagan ikki akkaunt Telegramdagi ochiq chatlarda nisbatan faol¸ ulardan bittasi O‘zbekiston hukumati va armiyasini agressiv tashviqot qilib kelishidan¸ tahdidchining kamida bilvosita hukumat tizimlariga aloqadorligini aytish mumkin¸ deydi Soshnikov.

O‘zbekistondagi «trollar fabrikasi» va Ozodlik

O‘zbekistonda joriy hukumatdan mustaqil nashrlar¸muxolifatchi va fuqarolik jamiyati faollari¸ xususan¸ ularning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga troll hujumlari uyushtiruvchi maxsus guruhlar borligi haqida ham Ozodlik¸ ham mahalliy nashrlar yozgan.

Ozodlik 2018 - yili o‘tkazgan surishtiruv davomida Yoshlar Ittifoqining bir guruh faol a’zolari Facebook tarmog‘ida feyk akkauntlar ochib, trollik qilib kelayotgani oshkor bo‘lgan edi.

Oradan bir yil o‘tib¸Daryo.uz nashri mahalliy jurnalist Dilbar Ismatullayeva va Alimoff kanali hamkorlikda o‘tkazgan surishtiruv davomida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshida maxsus “trollar fabrikasi” mavjudligi fosh bo‘lgani haqida yozdi.

Bu surishtiruv davomida Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi ishtirokchisi ko‘p bo‘lgan guruhlar¸ xususan¸ Ozodlikning tarmoqlardagi sahifasiga “Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan islohotlar” haqida ijobiy postlar qoldirish buyurilgani aytilgan.

Yoshlar ittifoqi "troll fabrikasi" borligini inkor qilgan bo‘lsa¸ O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi muassisi bo‘lgan TATU mahalliy jurnalistlar surishtiruviga biror shaklda munosabat bildirmagan.

Ozodlik rahbariyatining Mirziyoyev hukumatiga murojaati

O‘zbekistonda 24 - oktabrga belgilangan prezident saylovi arafasida Ozodlik saylov borasida o‘zbek muxolifati va fuqaro jamiyati vakillarining fikrlariga minbar berayotgan sanoqli mustaqil nashrlardan bo‘lib qolmoqda.

Tanqidchilar saylovlarda siyosiy raqobat yo‘qligi, muxolifatning turli bahonalar bilan saylovga qo‘yilmagani¸ Shavkat Mirziyoyevning davlat resurslaridan foydalangan holda¸ ikkinchi marta prezidentlikda qolishi oldindan aniq ekanini aytishadi. Xuddi shu holatlar Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti DIIHB kuzatuvchilar missiyasining 8 - oktabr kuni e’lon qilingan oraliq hisobotida ham ta’kidlandi. Ozodlik bu hisobotni batafsil yoritdi, uni tayyorlagan evropalik kuzatuvchilar guruhi rahbari Ouen Myorfi bilan eksklyuziv suhbat uyushtirdi.

Hukumatning Ozodlik veb sahifasini bloklash¸ uning mamlakat ichkarisida bevosita faoliyat olib borishiga izn bemay kelayotganiga qaramay¸ keyingi yillarda Ozodlikning ijtimoiy tarmoqdagi ishtiroki muttasil oshmoqda. Shavkat Mirziyoyev hokimiyati davridagi manfaatlar to‘qnashuvi¸ nepotizm¸ korrupsiya va oligarxiyaning kuchayishi haqidagi Ozodlik surishtiruvlari millionlab o‘zbekistonliklarga yetib bormoqda¸ jamoatchilik orasida jiddiy muhokamalarga asos bo‘lmoqda.

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi prezidenti Jeymi Flay Ozodlikning keyingi kunlarda maxsus uyushtirilgan va yaxshi muvofiqlashtirilgan tahdidlarga nishon bo‘layotganini keskin qoraladi.

-Ozodlik radiosi o‘zbek jurnalistlariga qarshi Internetdagi tahdidlar jirkanchdir. Men o‘zbek hukumatini ularni qoralashga, Ozodlik vebsaytini bloklashni to‘xtatishga va jurnalistlarimizni akkreditatsiyadan o‘tkazishga chaqiraman, shunda ular O‘zbekiston jamoatchiligi uchun mamlakat ichkarisidan turib voqealarni yoritishi mumkin. Bu ta’qiblar O‘zbekiston hukumatining mamlakatda erkin matbuotni rivojlantirishni qo‘llab -quvvatlash haqidagi va’dalariga ziddir - Ozodlik jurnalistlari va ularning oilalariga qarshi bu qo‘rqitish taktikalari darhol to‘xtatilishi kerak¸- dedi 19 - oktabr kungi bayonotida Jeymi Flay.

Markazi Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” o‘z so‘nggi hisobotida O‘zbekistonda saylov yilida matbuot va ijtimoiy tarmoqlar ustidan nazorat kuchaytirilganidan xavotir bildirdi.

Kuzatuv, senzura va o‘z-o‘zini senzura qilish hollari mavjud va hukumat hanuz matbuot ustidan sezilarli nazoratni ushlab turibdi. Blogerlar hanuz tahdidga uchramoqda, hibs qilinmoqda. Hukumat xorijiy va quvg‘indagi jurnalistlarga eshigini ochdi, ammo ayrim axborot vositalari, jumladan AQSh moliyalaydigan Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi uchun akkreditatsiya olish mushkulligicha qolmoqda”, deyiladi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti bayonotida.

XS
SM
MD
LG