Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:40

Sog‘lom turmush tarzi va nosog‘lom vaziyat: Prezident farmoni majburiy mehnat va probkalarga sabab bo‘ldi


28 - noyabr kuni Buxoro shahri markazida o‘tkazilgan velopoyga
28 - noyabr kuni Buxoro shahri markazida o‘tkazilgan velopoyga

Ozodlikka keyingi kunlarda turli viloyatlardan murojaat qilgan hokimiyat tizimi mulozimlari Shavkat Mirziyoyevning sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish haqidagi farmoni ijrosi joylarda "absurd darajaga" yetganini aytmoqda.

Pandemiya¸ qolaversa qattiq sovuq boshlangan ayni kunlarda viloyat hokimlari barcha byudjet tashkiloti xodimlarini velosiped va piyoda yurish marafoniga chiqarmoqda¸ mamlakat bo‘ylab poliklinika hamshiralari uyma-uy yurib¸ bo‘y¸ vazn va bel aylanmasi haqidagi ma’lumotlar kiritilgan “salomatlik kartasi” ochmoqda.

Ayni paytda ayrim mulozimlar byudjet tashkilotlari “tepadan tushgan buyruq” asosida Namangan moto bike qo‘shma korxonasida yig‘ilayotgan Xitoy velosipedlarini bozor narxidan qimmatga sotib olishga majbur bo‘layotganini iddao qildi.

Marafonlarni uyushtirishda bevosita qatnashgan ayrim IIB xodimlari¸ har shanba kuni o‘tkaziladigan bunday tadbirlar bois shahar va tuman markazlaridagi yo‘llarning yopilib¸ ikki soatga cho‘zilayotgan transport tiqini paydo qilayotganini aytmoqda.

Oddiy o‘zbekistonliklar¸ O‘zbekistonda pandemiya davrida boshlangan bu kampaniyani qo‘shni Turkmaniston prezidentining “salomatlik massovkalari”ga qiyoslamoqda.

Hokimlar byudjet xodimlarini velopoygaga majburlamoqda

Ozodlikka nusxasi yuborilgan hujjat Buxoro viloyati hokimligining viloyatdagi barcha korxona va tashkilotlar rahbarlari¸ shuningdek tuman¸ shahar hokimliklariga yo‘llagan “Shoshilinch telefonogrammasi”dir.

27 - noyabr kuni viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi B.Zaripov imzolagan bu “shoshilinch” buyruq prezidentning 30 - oktabr kungi qarori ijrosiga oid.

Telefonogrammada viloyat miqyosidagi barcha korxona va tashkilot¸ shuningdek hokimiyat tizimi rahbar va mulozimlarining 28 - noyabr¸ shanba kundan boshlab har shanba kuni “shaxsiy namuna tamoyili asosida “velosipedda harakatlanish kuni”da qatnashishi buyurilgan.

Bizga shu hujjat asosida velopoygaga chiqasan¸ deb buyruq berishdi. Bosh vazir o‘rinbosari bergan topshiriqni ro‘kach qilishyapti. Havo sovuq paytda velik haydash axmoqlikku, o‘pkani tamom qiladi. Buyog‘i pandemiya¸ pnevmoniya bo‘lmagan odam kam¸ ularni hozir sovuq havoda velosiped haydatib¸ koronavirusdan o‘lmaganlarni qirish aksiyasimi bu?”, - deydi shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan Buxoro viloyati hokimlik tizimida ishlovchi mulozim.

Farg‘ona viloyatidagi tumanlardan biri boshqaruv tizimida ishlovchi rasmiyga ko‘ra¸ bunday tadbirlar nafaqat Buxoro¸ balki butun mamlakat miqyosida boshlangan.

Viloyatdagi barcha byudjet tashkilotlardan xodimlar shanba¸ 28 - noyabr kuni viloyat hokimiyati binosiga ertalab 9:00 ga chaqirib olinib, so‘ng ularga bir soat ko‘chada-sovuqda majlis o‘tkazildi. So‘ng viloyat hokimiyati oldidan boshlab A. Farg‘oniy ko‘chasi bo‘ylab 3 km masofadagi marafon o‘tkazildi. Velosiped marafoni bilan bir paytda 1000 qadam va 5000 qadam marafonlariyam o‘tkazilib, navbatdagi ko‘zbo‘yamachilik bilan shug‘ullandik”¸- deydi farg‘onalik mulozim.

Bu suhbatdosh ham¸ velosipedda harakatlanish va piyoda yurish tadbirlarining pandemiya va qish-qirovli kunlarga qaramay¸ har shanba o‘tkazilishi majburiy qilib belgilanganini ta’kidladi.

Birinchi rahbarlar shaxsiy namuna ko‘rsatib¸ o‘zlari velosipedda yurishni ko‘rsatsin¸ deyilgan. Aslida katta rahbarlar shuba va paltoda turishdi, ularning ishchilari velosiped va piyoda yurishdi. Keyin yutgan davlat idorasiga viloyat hokimi nomidan yorliq va sovg‘alar berildi. Umuman axmoqgarchilik! Undan ko‘ra o‘sha pullarni kam ta’minlangan oilalarning gaz va svetdan qarzdorligi uchun to‘lashsin! Rahbarlarning namuna ko‘rsatgisi kerak bo‘lsa¸ qishloqlarda odamlarning sovuqda qanday kun kechirayotganini tushunish uchun¸ bir kun-bir kun borib¸ kambag‘alning uyida yashab ko‘rishsin!”, - deydi Ozodlik gaplashgan farg‘onalik mulozim.

Buxoro hokimi yuborgan “Shoshilinch telefonogramma” “Sog‘lom turmush trazi” dasturi doirasida “Velosipedda harakatlanish” bo‘yicha shaxsiy namuna tamoyili tadbirlari ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishi tashkil etiladi” degan jumla bilan tugagan.

29-30 - noyabr kunlari nafaqat Buxoro¸ balki respublika bo‘ylab hokimliklar rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqdagi kanallarida “Sog‘lom turmush tarzi” tadbiri o‘tkazilgani keng yoritildi.

Qarshi markazida o‘tkazilgan shanba kungi velopoyga
Qarshi markazida o‘tkazilgan shanba kungi velopoyga

Bu xabarlarga ilova qilingan surat va videolarda markaziy ko‘chalarning velosipedchilar uchun yopilgani¸ sovuq bois qalin kiyingan bir necha o‘n velosipedchining oldinda Yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari¸ orqada esa “Tez yordam” mashinasi hamrohligida harakatlanayotgani ko‘riladi.

Respublikaning kattayu kichik shaharlarida o‘tkazilgan bunday tadbir bois Ozodlik gaplashgan IIV mulozimiga ko‘ra¸ yo‘llarda uzun tiqinlar paydo bo‘lgan.

"Marafon vaqtida ko‘chalarni GAIlar yopgani uchun boshqa ko‘chalarda chas pik vaqtida avtomashinalar uzun probka bo‘lib qoldi¸ probkalar 1,5-2 soat davom etdi. O‘zi benzin¸ metan gaz problema bo‘lib turgan paytda¸ bunaqa ko‘zbo‘yamachilik uchun yana xalqning cho‘ntagi va asabi qaqshadi”¸ - deydi mazkur poyganini tashkillashtirishda qatnashgan IIB inspektorlaridan biri.

Namangan moto bike MChJning bozori qizidi...

Ozodlik bilan suhbatlashgan byudjet tashkilotida ishlovchi mulozimlar prezidentning “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonidan keyin ma’muriy-buyruqbozlik asosida uyushtirilayotgan “velosipedda harakatlanish” tadbirlari yangi monopoliya va korrupsiyaga yo‘l ochganini aytadi.

Byudjet tashkilotlari xodimlariga o‘z hisobidan velosiped olish buyurildi. Hozir do‘konlarda velik qolmadi, hisob. Kimlardir o‘tmagan molini o‘tkazib oldi bahonada”¸- deydi buxorolik mulozim.

Vodiylik hokimiyat tizimida ishlovchi Ozodlik suhbatdoshi davlatga qarashli korxona va tashkilot¸ shuningdek hokimlik rahbarlari o‘zlariga davlat mablag‘i hisobidan velosiped sotib olishni boshlaganini iddao qildi.

Tepadan Namangandagi “Namangan moto bike” zavodida ishlab chiqarilgan velosipedlarni sotib olish aytilgan. Velosiped Namanganda ishlab chiqarilgan, lekin byudjet tashkilotlariga AQShda ishlab chiqarilgan velosipedni narxidan ham baland narxda o‘tkazilyapti”¸ - dedi shunday xarid boshlanganini bildirgan mulozimlardan biri.

Hozircha Ozodlik ixtiyorida davlat mablag‘i hisobidan Namanganda yig‘ilayotgan velosipedlarni sotib olish buyurilganini tasdiqlovchi hujjat yo‘q.

2019 - yil 27 - fevralida ishlab chiqarishni boshlagani xabar qilingan Norin tumanidagi Namangan moto bike zavodi “O‘zavtosanoat” AJ va Xitoyning Lifan Group kompaniyasi o‘rtasidagi kelishuv asosida tashkil etilgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra¸ korxonada ishlab chiqarish hajmi yiliga 150 mingni tashkil qiladi.

Davlat reestridagi hujjatda¸ bu MChJning asl egasi kimligi ochiqlanmagan.

“Uch kundan beri 10 soatdan oshiq uyma-uy yurishga majburlashdi”

30 - noyabr kuni Ozodlikka bir-biridan mustaqil holda bog‘langan ayrim tibbiyot xodimlari prezidentning qish va pandemiya davridagi majburiy velopoygaga asos bo‘lgan ayni farmoni soha xizmatchilarining majburiy mehnatiga ham yo‘l ochganini bildirdi.

Keyingi uch kun¸ ya’ni shanba va yakshanbada ham ertalabki 8 dan kechki 6 gacha uyma-uy yurishga majburlashdi. Har bir uyga kirib¸ yashovchilarning vazni¸ bo‘yi¸ bel aylanmasini o‘lchab¸ alohida “Salomatlik kartasi” ochib¸ shunga yozib chiqdik. Bu kartalar poliklinikada saqlanadigan istoriya boleznidan boshqa karta. Buni mahallaqo‘mlarga berdik¸ ular hisobida turarkan. Sovuqda¸ COVID paytida bizga qo‘shimcha haq to‘lamasdan ishlatishyapti. Odamlar o‘zi zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan¸ sovuqdan kasal bo‘lib turgan paytda¸ ularga sog‘lom turmush tarzi¸ nima yeb, nima ichish haqida aql o‘rgatyapmiz”¸ - deydi samarqandlik poliklinika hamshiralaridan biri.

Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish aksiyasi davomida aholining tana o‘lchamlariga oid ma’lumotning olinayotganini rasmiy kanallardagi xabar va suratlar ham tasdiqlaydi.

Xususan¸ Ozodlikka kelgan suratlardan birida Sirdaryo viloyati Oq oltin tumani hokimi Dilmurod Fozilovning hamshiralar tomonidan bo‘yi va bel aylanmasi o‘lchanayotgani aks etgan.

Bunday o‘lchamlarni tekshirish¸ prezident Shavkat Mirziyoyev hokimlar va davlat mulozimlarining semizligi nazoratga olinishi aytgani ortidan boshlandi.

Ozodlik suhbatlashgan ayrim o‘zbekistonliklar joriy vaziyatda “sog‘lom turmush tarzi”ni targ‘ib qilish iddaosi bilan o‘tkazilayotgan kampaniyabozlikni hukumat rahbarlari xalqning real muammolaridan qanchalik uzoqlashib borayotganinini ko‘rsatadigan navbatdagi misol sifatida sharhladi.

Oddiy xalq nima dardda yashayaptiyu¸ bular nima bilan ovora! Bu ketishda itiga oltin haykal qo‘yib¸ xalqni unga sig‘intirayotgan Turkmanistondan ham o‘zib ketamiz, shekilli. Xalq uyimni qanday isitib¸ qanday yoritaman¸ bola-chaqamning oldiga nima yegulik qo‘yaman¸ deb yurgan bir paytda¸ prezident¸ vazir va hokimlar ko‘p ovqat yemang¸ sport bilan shug‘ullaning deb¸ velopoyga uyushtirish bilan ovora”¸ - deydi Ozodlik gaplashgan navoiylik o‘qituvchi.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov har yili mamlakat bo‘ylab ommaviy velopoyga o‘tkazib¸ unda o‘zi ham qatnashib keladi.

Bu tadbirga tayyorgarlik doirasida mamlakatning kattayu kichik shaharlarida yo‘llar yopilib¸ aholi kundalik turmush tarzini izdan chiqaradi.

2020 - yilgi pandemiyaga qaramay¸ Berdimuhamedov yoz oyida velopoyga¸ qolaversa¸ jahon salomatlik kunida ommaviy tadbirlar bilan o‘tkazish haqida buyruq berdi.

O‘zbekistondagi sog‘lom turmush tarzi¸ xususan¸ davlat amaldorlarining velosipedda yurishini targ‘ib qilish tashabbuschisi Bosh vazir o‘rinbosari¸ Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov sanaladi.

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Toshkentda uyushtirgan velopoyga.
Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Toshkentda uyushtirgan velopoyga.

Mahalliy matbuot o‘tgan oy Abduhakimovning "kattakon rahbarlar mashinada yuraversa, oddiy odamlarimiz, fuqarolar piyoda yurayotgan yo‘laklar yoki veloyo‘laklar qanaqa holatda ekanini bilmaydi-da. Ular ko‘chalardan mashinani vang‘illatib hamma yoqni chang bostirib o‘tib ketadi"¸ - degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan edi.

Bunday tashabbusni maxsus farmonga aylantirgan prezident Mirziyoyev rahbar xodimlar semizligi maxsus tekshirilishini bildirdi.

1990-yillar oxirida prezident Islom Karimov ham vazir va hokimlarini sog‘lom hayot tarzi¸ sport bilan shug‘ullanishga da’vat qilgan edi. Buning ortidan mamlakat bo‘ylab hokimlar uchun maxsus sport majmualari¸ xususan¸ tennis kortlari qurish boshlanib ketgan.

XS
SM
MD
LG