Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:24

Bobomurod Abdullaevning onasi o‘g‘lini ozod qilishni so‘rab Mirziyoyevga¸ xalqaro tashkilotlar esa¸ Bishkek hukumatiga murojaat qildi(VIDEO)


Bobomurod Abdullayevning 2018 yil bahorida ozodlikka chiqarilishi xalqaro tashkilotlar tomonidan O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligini hurmatlash borasida Mirziyoyev hukumati qo‘ygan ijobiy qadam sifatida olqishlangan edi.
Bobomurod Abdullayevning 2018 yil bahorida ozodlikka chiqarilishi xalqaro tashkilotlar tomonidan O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligini hurmatlash borasida Mirziyoyev hukumati qo‘ygan ijobiy qadam sifatida olqishlangan edi.

Qirg‘iziston xavfsizlik idorasi hibsxonasida qolayotgan o‘zbekistonlik taniqli jurnalist Bobomurod Abdullayevning keksa onasi 11 avgust kuni O‘zbekiston prezidentiga videomurojaat qilib¸ “tuhmat bilan qamalgan” o‘g‘lini ozod qilishni so‘radi.

Ayni paytda¸ demokratiya¸ inson haqlari va matbuot erkinligi himoyasi bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlar ketma-ket e’lon qilgan bayonotlarda qirg‘iz hukumatidan Abdullayevni zudlik bilan ozod qilish so‘raldi.

Bobomurod Abdullayev 9 avgust oqshomida Bishkekdagi kafelardan birida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Qirg‘iz xavfsizlik idorasi jurnalistning Oilaviy va jinoy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi 1993 yilgi Minsk konvensiyasiga asosan O‘zbekiston so‘rovi bilan qo‘lga olinganini bildirdi.

Sud qarori bilan 8 sentabrga qadar hibsda qoldirilgan Abdullayevni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Abdullayevning onasi yana Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi

O‘zbekistonlik taniqli jurnalist Bobomurod Abdullayevning onasi¸ 73 yashar Gavharjon Madaminova 11 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat qildi.

Бишкекда ҳибсга олинган журналист Бобомурод Абдуллаевнинг онаси президент Мирзиëевга мурожаат қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:56 0:00

O‘zbekiston prokuraturasi so‘roviga binoan Bishkekda hibsga olingan jurnalistning onasi¸ o‘g‘lining “dushmanlari unga tuhmat qilayotgani”ni ta’kidlab¸ bu vaziyatdan o‘g‘lini faqat prezidentgina olib chiqishi mumkinligini aytadi.

Gavharjon Madaminova o‘g‘lining Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman prokuraturasi qo‘ygan ayblov bilan hibsga olinishi ortida¸ uni jismonan yo‘q qilish harakati yotganidan qattiq qo‘rquvda ekanini aytadi.

-Bolam sizni hamma vaqt qo‘llab-quvvatlab kelgan. “Mirziyoyev bo‘lmaganda, men hech qachon ozodlikka chiqmas edim, meni Mirziyoyev chiqardi”, degan edi. Sizdan iltimosim – men ona sifatida qo‘rqib turibman, chunki oldingi sud paytida tergov izolyatoridagilar bolamga: “Sen bugun chiqib ketyapsan, yana sen bizning qo‘limizga tushasan, yanagi safar boshqacha qilib seni qo‘lga tushiramiz. Seni bir yilga qamatsak ham, shu yerdan tirik chiqmaysan, suyaklaringni tosh maydalagichda maydalab, onangga suyaklaringni jo‘natamiz”, deyishgandi. Bolam bu so‘zlarni sud zalidayam, videochiqishlaridayam aytgan edi. Iltimos, menga yordam bering. Meni bolamga tuhmat qilib, qamatib, uni yo‘q qilib yuborishmoqchi. Men Mirzo Ulug‘bek tuman prokuraturasi qo‘ygan ayblovdan noroziman. Bu bolamga uyushtirilgan tuhmat, deb bilaman.

Ozodlikning qirg‘iz xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentdan kelgan hujjatlarda Bobomurod Abdullayev O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 158-moddasi (“O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga tajovuz qilish”) va 159-moddasida (“O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish”) ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

Jurnalist o‘zbek huquq tizimlari tomonidan Facebook va Telegram tarmoqlarida “Qora mergan” taxallusi bilan tarqatilayotgan chiqishlar muallifi ekanlikda ayblanmoqda. Keskin muxolifat ruhidagi bu chiqishlarda O‘zbekiston oliy hokimiyati¸ xususan¸ birinchi oila ichidagi nizo¸ korrupsiya¸ qolaversa¸ Shavkat Mirziyoyevning Bosh vazir va Jizzax viloyati hokimi lavozimida ishlagan davridagi ishlari haqidagi iddaolar ilgari surilmoqda.

Gavharjon Madaminova¸ o‘g‘lining “Qora mergan”ga aloqasi yo‘qligi haqida qamalishidan oldin maxsus videobayonot qilgani¸ qolaversa¸ u qamoqqa olingandan so‘ng ham bu chiqishlarning davom etayotgani¸ Abdullayevning “Qora mergan”ga aloqasi yo‘qligini ko‘rsatishini aytadi.

- “Qora mergan” - bu Bobomurod” deb, Internetda bir-ikki odam maqola yozganidan keyin men bolamga telefon qildim xavotir olib. “Bolam, shunday deb yozishyapti” desam, “Onajon, mening “Qora mergan”ga umuman aloqam yo‘q, men uni bilmayman, men Qur’on kitobini ushlab, Olloh nomi bilan ont ichaman, menga dushmanlarim tuhmat qilishyapti, ular yana bir narsani rejalashtirishyaptilar”, dedi. Men bolamga ishonaman, bolam to‘g‘ri so‘zli, u hech qachon aldamaydi. Shundan keyin bolam 26 iyul kuni videomurojaat qilib, “Qora mergan”ga umuman aloqasi yo‘qligini, “Qora mergan”ning maqolalari bilan o‘zining maqolalari o‘rtasidagi farqni, bitta-bitta aytib berdi. Va shundan keyin “Kim endi bir narsa yozsa, Bobomurod bo‘laveradimi?” dedi. Agar mening bolam “Qora mergan” bo‘ladigan bo‘lsa, maqolalar yozadigan bo‘lsa, 9-10-11 avgustdagi “Qora mergan” chiqarayotgan maqolalarni kim yozgan? Yoki mening bolam Bishkek izolyatorida o‘tirib, shu maqolalarni yozyaptimi? Shularni inobatga olishingizni iltimos qilib so‘rayman¸ deydi Shavkat Mirziyoyevga qarata jurnalistning onasi.

Gavharjon Madaminova 2017 yil 16 oktabrida ham Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib¸ o‘g‘lini Ozodlikka chiqarishni so‘ragan edi. O‘shanda MXX yerto‘lasida saqlangan Bobomurod Abdullayev “Usmon Haqnazarov” taxallusi ostidagi maqolalar muallifi sifatida "amaldagi tuzumni o‘zgartirishga chaqiruvchi" maqolalar chop etish va O‘zbekistonda "inqilob qilish"ga urinishda ayblangan edi.

Hibs paytida qiynoqqa solinganini bildirgan Abdullayev 2018 yil 7 may kuni sud zalidan ozod qilingan va bu harakat xalqaro tashkilotlar¸ G‘arb hukumatlari tomonidan Mirziyoyev hukumati davrida matbuot erkinligi vaziyatining yaxshilanayotgani alomati sifatida olqishlangan edi.

Xalqaro tashkilotlar Bishkek hukumatiga majburiyatlarini eslatdi

Bobomurod Abdullayevning Bishkekda hibsga olingani xabari chiqishi ortidan bir guruh nufuzli xalqaro tashkilotlar qirg‘iz hukumatiga murojaat qilib¸ uni zudlik bilan ozod etishni so‘radi.

Amnesty International, Association for Human Rights in Central Asia (AHRCA), Civil Rights Defenders, International Partnership for Human Rights (IPHR), Freedom House, Freedom Now va Norwegian Helsinki Committee (NHC) guruhlarining qo‘shma bayonotida Abdullayevga qo‘yilayotgan ayblarning “uyushtirilan”i¸ u O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan taqdirda uni qiynoq va 20 yilgacha qamoq jazosi kutayotgani aytilgan.

Bayonotda¸ Qirg‘iziston hukumatiga Qiynoqlarga qarshi xalqaro konvensiya a’zosi sifatida Abdullayevni qiynoqlar mavjud davlatga jo‘nata olmasligi¸ qolaversa¸ qochqinlik maqomi so‘ragan shaxsni ham u qochgan davlatga qaytarish xalqaro inson haqlari normalariga zid ekani eslatilgan.

Bunday chaqiriqlarga qo‘shilgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (Committee to Protect Journalists) ham¸ Bishkek hukumatini O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari qo‘lida bundan oldin ham qiynoqqa solingan mustaqil jurnalistni O‘zbekistonga berib yuborish oqibatlaridan ogohlantirdi.

Qirg‘iziston hukumati O‘zbekistonning ekstraditsiya so‘rovini rad qilib¸ Bobomurod Abdullayevni zudlik bilan ozod etishi kerak”¸ deyiladi qo‘mita bayonotida.

10 avgust kuni Bishkekdagi Birinchi may tuman sudi sudyasi Abdrazaq Bo‘ro‘mbayev Bobomurod Abdullayevni joriy yil 8 sentabrigacha hibsda qoldirish haqida qaror chiqardi.

Jurnalist bu vaqt oralig‘ida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov hibsxonasida tutib turiladi.

XS
SM
MD
LG