Линклар

Шошилинч хабар
07 июн 2020, Тошкент вақти: 07:36

Firibgarlikda ayblanayotgan tuyaqushfurush “Straus House” rahbarlari ustidan sud boshlanadi


"Straus house" ta’sischisi Ibrohim Isroilov 2019 yil 27 sentabr kuni hibsga olingan va shundan beri ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanmoqda.

27 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi binosida “Straus House” MChJning 27 yashar ta’sischisi Ibrohim Isroilov¸ shuningdek shirkat direktori¸ uning o‘rinbosari va bosh hisobchisi ustidan ochiq sud jarayoni boshlanadi.

Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi.

Sudlanuvchilar I. Isroilov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismining “b” bandi, 168-moddasi 4-qismining “v” bandi, 168-moddasi 4-qismining “a”, “v” bandlari, 184-moddasi (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) ning 3-qismi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) ning 1-qismi, 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismining “a” bandi va 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) 3-qismining “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilingan va unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan”¸ deyiladi Oliy sud xabarida.

Isroilov bilan birga mahkamaga tortilgan A. Maxmutaliyev¸ D. Qutpiddinov va O. Saidovlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismining “v” bandi, 168-moddasi 4-qismining “a”, v” bandlari, 184-moddasining 3-qismi, 189-moddasining 1-qismi, 227-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilingan va unga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Aytilishicha¸ jinoyat ishi bo‘yicha 300 dan ortiq jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogarlar va ayblov xulosasi bo‘yicha ularga yetkazilgan moddiy zarar miqdori 7 906 800 200 so‘m, shundan dastlabki tergov mobaynida 1 845 800 000 so‘m miqdorini bartaraf etish chorasi ko‘rilgan.

Dastlabki tergovda xatlangan mol-mulk – 4 ta “Lacetti”, “Spark” va “Malibu” rusumli avtomashinalar baholangan hamda Yunusobod tumani Kulolqo‘rg‘on ko‘chasida joylashgan xonadonga taqiq qo‘yilgan.

“Jabrlanuvchilar ko‘pligi va turli hududlardan bo‘lgani bois, ularni sud majlislarida ishtirok etishi yashash joylaridagi sudlar binolarida o‘rnatilgan videokonferensaloqa tizimi orqali ta’minlanadi”¸ deyiladi Oliy sud xabarida.

O‘zbekistondagi yetakchi internet nashrlarida o‘zini "yosh milliarder" va "yirik ishbilarmon" sifatida taqdim etib kelgan Isroilov¸ Janubiy Afrikadan tuyaqush import qilib¸ O‘zbekistonda tuyaqushchilikni rivojlantirish¸ bu ish bilan shug‘ullanuvchilarni boy qilishni va’da qilgan edi.

Tuyaqush pulini oldindan to‘lashni talab qilgan “Straus House”ga ishonib¸ millionlab so‘m berib na tuyaqush¸ na pulini ololmaganlar shirkat rahbarlarini jazolash talabi bilan davlat idoralariga guruh bo‘lib shikoyat qilgan.

Xususan¸ o‘tgan yilnning 8 oktabrida bu shirkat chuv tushirgan 30 ga yaqin fermer O‘zbekiston prezidenti Xalq qabulxonasi oldida to‘planib¸ tuyaqush jo‘jalari uchun to‘langan millionlab so‘m pullarini qaytarishda yordam so‘ragan edi.

XS
SM
MD
LG