Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:40

Hazili yo‘q: Putinni hajv qilgan qiziqchi Rossiyani tark etishga majbur bo‘ldi (VIDEO)


Politsiya “muxlisim bo‘lgani uchun meni selfi tushishga qidirayotgani yo‘q”, dedi Aleksandr Dolgopolov.
Politsiya “muxlisim bo‘lgani uchun meni selfi tushishga qidirayotgani yo‘q”, dedi Aleksandr Dolgopolov.

25 yashar Aleksandr Dolgopolov Sankt-Peterburdagi yakkaxon konsertida xristian dini, beloruslar va asosan, o‘zini hajv qilgan edi.

U yana muxlislariga siyosat haqida oltita latifa tayyorlashga va’da bergan, ulardan dastlabkisi Vladimir Putinni nishonga olgan edi.

− Xalqimiz ikkita lagerga bo‘lindi, − dedi u. − Bir tarafda Putinni qo‘llovchilar, boshqa tarafda esa o‘qiydigan, yozadigan va mantiqiy xulosa qila oladiganlar turibdi.

Putin tug‘ilib o‘sgan shahardagi “HopHead” klubiga kelgan bir necha o‘n kishilik muxlislar bu hazilni eshitib¸ asabiy kulganidan so‘ng Dolgopolov:

“Men qachon siyosat haqida latifa aytsam, zalda o‘tirgan odamlar asabiylashayotganini sezaman”, deydi.

Oradan ikki oy o‘tib, taniqli hajvining o‘zini o‘zi fosh qiluvchi jonlantirilgan (animatsiya) monolog YouTube kanaliga joylandi va tez orada uni 2 milliondan oshiq kishi ko‘rdi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi HopHead klubiga videodagi hajvchi haqida to‘liq ma’lumot berishni so‘rab yuborgan bildiruvida videoning 2 397 504 marta ko‘rilgani yozilgan.

Qiziqchi o‘sha xatning fotonusxasini Instagramdagi sahifasiga istehzoli tagxat bilan joyladi.

“Yigitlar, hammangizni tabriklayman, bopladik, − deyiladi unda. – Mening shuhratimga shuhrat qo‘shildi”.

Ko‘p o‘tmay Dolgopolov YouTube kanalidagi sahifasiga videomurojaat joyladi, lekin undagi ohangda hazildan asar ham qolmagan edi.

‒ Bu nimani anglatishini hammamiz tushunamiz. Ular muxlisim bo‘lgani uchun meni selfi tushishga qidirayotgani yo‘q, ‒ dedi u. ‒ Boshog‘riqlarim ko‘payayotganiga ishonchim komil.

Rossiyada dindorlar va davlat arboblari haqida ochiq gapirgan¸ xususan¸ ularni hajv qilgan odam¸ bu toifa Putin davri qonunlari bilan himoyalangani bois¸ o‘zini xavf ostiga qo‘yadi.

Dolgopolov agenti Armen Gandilyan bu konsertning qaysi qismi politsiya qiziqishini uyg‘otganidan bexabarligini aytdi.

O‘sha konsert boshida Iso Masih va Bibi Maryam haqidagi qo‘pol hazil Dolgopolov muammolariga sababchi bo‘lishi mumkin

Rossiya axborot vositalari Moskva viloyatining Orexovo-Zuyevoda yashovchilardan biri hokimiyat idoralariga Dolgopolov dindorlarning hissiyotini tahqirlab, 2013 yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra jinoyat sodir etgani xususida shikoyat qilganini xabar qildi.

Politsiya matbuot xizmatining bildirishicha, qiziqchining konserti bo‘yicha surishtiruv olib borilmoqda.

Dolgopolov shaxsiy tajribasidan kelib chiqib, din haqidagi latifalari politsiya bosim ko‘rsatishiga sabab bo‘layotganiga shubha bildirdi.

U o‘zining 2018 yil martidagi prezident saylovi arafasida Putin haqida keskin hazillar qilmaslikdan ogohlantirilganini tilga oldi.

Dolgopolov Ozodlik bilan suhbatda so‘nggi voqea o‘zini cho‘chitib yuborganini aytdi. U Moskva va boshqa shaharlardagi konsertlari uchun chipta sotilishini joriy vaziyat oydinlashgunga qadar to‘xtatib turganini bildirdi.

Hajvchi Putinni doimiy tarzda tanqid qilib kelayotaniga qaramay, o‘zini Rossiyadagi muxolifatga taalluqli deb bilmasligini qayd etdi.

Dolgopolovning fevraldagi konserti klipi zikr etilgan xat oshkor bo‘lgandan so‘ng yana chorak million marta ko‘rildi, tagiga qiziqchini qo‘llovchi ko‘plab izohlar yozildi.

“IIV Dolgopolovni reklama qilishda yordam beryapti, ‒ deb yozdi bir foydalanuvchi. – Buni bosh barmog‘imni ko‘tarib ma’qullayman”.

XS
SM
MD
LG