Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:12

Mogerini Suriya bilan Rossiyani Idlibda tinch aholiga hujum qilganlikda aybladi


Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat mahkamasi rahbari Federika Mogerini
Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat mahkamasi rahbari Federika Mogerini

Yevropa Ittifoqining yetakchi diplomati Suriyadagi hukumat qo‘shinlari va rossiyalik ittifoqchilarning yaqinda tinch aholiga qarshi uyushtirgan hujumlarini qoraladi va ularni “toqat qilib bo‘lmas” deb atadi.

“Yaqinda mamlakat ichkarisida yashash joyidan ko‘chishga majbur bo‘lgan kishilar jamlog‘i va Turkiya chegarasi yaqinidagi muhim tibbiyot muassasasiga uyushtirilgan hujumlar vaziyat tobora yomonlashayotganini ko‘rsatadi, − deyiladi Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat mahkamasi rahbari Federika Mogerinining 22 noyabrdagi bayonotida.

– Suriya rejimi va ittifoqchilarining o‘ta muhim fuqarolik infratuzilmasi, jumladan, sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarining farqiga bormay qilgan hujumlariga toqat qilib bo‘lmaydi, ularni zudlik bilan to‘xtatish kerak”.

Britaniyada joylashgan Suriyada inson huquqiga rioya etilishini nazorat qiluvchi tashkilot bergan ma’lumotga ko‘ra, Suriya prezidenti Bashar al-Asad hukumati va Rossiya 20 noyabrda Idlib viloyatida bombalar tashlashi oqibatida kamida 21 nafar tinch aholi vakili, jumladan, 10 bola halok bo‘lgan.

“YI Suriya mojarosiga qo‘shilib qolgan tomonlar xalqaro gumanitar va inson huquqiga oid qonunlarni hurmat qilish va ularga rioya etishga majbur ekanini eslatadi. Xuddi shuningdek, ular ehtiyojmand aholiga gumanitar yordam hech bir to‘siqsiz yetkazib berilishini ta’minlashga majbur”, deya qo‘shimcha qilinadi bayonotda.

Qo‘shma Shtatlar 9 noyabrda Rossiya qo‘llab-quvvatlayotgan Suriya hukumati qo‘shinlarining havo hujumlarini qoralagan edi. Vashingtonga ko‘ra, o‘sha hujumlar chog‘ida mamlakatning shimoli-g‘arbidagi tinch aholi nishonga olingan.

8 noyabrda Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqi masalalari bo‘yicha matbuot kotibi Rupert Kolvill jurnalistlarga Jenevada so‘nggi 6 oyda Idlib viloyatida 60 dan oshiq tibbiyot muassasasiga zarba berilganini aytdi.

Kolvillning qo‘shimcha qilishicha, ushbu ob’ektlarni hukumatga aloqasi bor kuchlar atay nishonga olgan ko‘rinadi.

Rossiya tinch aholi yashaydigan joylarga hujum qilganini rad etib, uyiga qaytmoqchi bo‘lgan qochqinlarga yordam berishga e’tibor qaratayotganini aytmoqda.

Rossiya bilan Eron ushbu arab mamlakatidagi urush vaqtida Asad hukumatiga muhim ko‘mak berib keldi. 2011 yil martida hukumat norozilik namoyishlarini shafqatsiz bostirgandan so‘ng boshlanib ketgan urushda 400 mingdan oshiq kishi halok bo‘ldi, mamlakat infratuzilmasining asosiy qismi vayron etildi.

Qo‘shma Shtatlar bilan Turkiya mamlakatdagi boshqa-boshqa isyonchilar guruhlarini dastaklamoqda.

“Al-Qoida” va Islom davlati singari ekstremistik tashkilotlar ham jangga kirdi, ammo ular ilgari egallab turgan ko‘plab hududlardan haydab chiqarildi.

XS
SM
MD
LG