Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:59

OzodDayjest: Toshkentdagi yuzlab jurnalist “uysiz” qolishi mumkin


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev milliy jurnalistikaning “och biqini”ga musht tushirgani iddao qilindi. Atoqli aktrisa To‘ti Yusupova oilasidagi ketma-ket judoliklar haqida so‘zlab berdi. Toshkentdagi “Matbuotchilar uyi” binosi kimoshdi savdosiga qo‘yildi.

________________________________________________

Ortiqxo‘jayev o‘zbek jurnalistikasining “och biqini”ga musht tushirdi


Ommaviy axborot vositalari xodimlari haqoratlab, ularni yo‘q qilib yuborish bilan tahdid qilgan Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev milliy jurnalistikaning “och biqiniga” musht tushirgandek bo‘ldi (www.xabar.uz, 18 noyabr).

“Bu holatdan kim yutdi? Hech kim! Hokimning obro‘siga obro‘ qo‘shildimi? Yo‘q, aksincha, amaldorning ma’naviy qiyofasi xiyol ochildi, xolos. Ikkinchidan, nafaqat “Kun.uz”, balki endi tetapoya bo‘layotgan jurnalistikaning “och biqini”ga musht tushdiki, kim bilsin, uning zahri qachon ketarkin?.. Mag‘lubiyatning eng kattasini esa jamiyat tortmoqda. Zero, ayni mojaro va uning kutilmagan yakuni O‘zbekistonning imijiga ijobiy ta’sir etmasligi aniq”, deb yozadi nashr.

J. Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarga tahdidini mamlakatdagi partiyalar ham qoralagan. Bu borada, shuningdek, YXHT, AQSh hamda Buyuk Britaniya elchixonalari xavotir izhor qildi. Ammo hozirga qadar Toshkent shahri hokimi bu borada na uzr so‘radi, na unga biror chora ko‘rildi.

Atoqli aktrisa To‘ti Yusupova boshiga tushgan kulfatlar haqida ilk bor ochiq so‘zladi


O‘zbekiston xalq artisti, Milliy akademik drama teatri aktrisasi To‘ti Yusupova hayot yo‘lidagi qiyinchiliklar, yaqinlaridan birin-ketin judo bo‘lgani haqida so‘zlab berdi (www.human.uz, 19 noyabr).

“Qarshiliklarga qaramasdan, turmush o‘rtog‘im bilan hayotning past-balandini birga bosib o‘tdik. Bir-biridan zabardast ikki o‘g‘limni tuproqqa qo‘ydim. To‘ng‘ich o‘g‘lim biznes bilan shug‘ullanardi, ichagiga kuchli infeksiya tushib, 42 yoshida olamdan o‘tdi. Ikkinchi o‘g‘lim o‘pkasidan shamollab, 38 yoshida vafot etdi. Bu – Olloh bergan sinov! Katta o‘g‘limdan uch nafar qiz, kichigidan ikki nafar o‘g‘il va bir qiz qoldi”, deb hikoya qiladi aktrisa.

T. Yusupova 30 yoshida beva qolgan ikkinchi kelinini o‘zi turmushga uzatgan, ammo taqdir uni yana sinashda davom etgan.

“Biroq kelinim ko‘p yashamadi, miya saratoni kasalligidan 34 yoshida vafot etdi. Bunday ko‘rgiliklarga chidashning o‘zi bo‘lmaydi. Insonda sabr-matonat kuchli bo‘lishi kerak ekan”, deydi atoqli san’atkor.

“Matbuotchilar uyi” binosi yana kimoshdi savdosiga qo‘yildi


Toshkent shahridagi o‘nlab gazeta-jurnal tahririyatlari joylashgan “Matbuotchilar uyi” binosi kimoshdi savdosiga qo‘yildi (“Hurriyat”, 20 noyabr). Qayd etilishicha, 18 722 kvadrat metrdan iborat ma’muriy binoni sotishga doir iqtisodiy sudning ijro hujjati mavjud. E-ijro auksion ochiq auktsion portalida bino 18 milliard 750 million so‘mga baholangan.

Ushbu bino bir muddat avval ham sotuvga qo‘yilgandi. Jamoatchilikning faol qarshiligi oqibatida “Matbuotchilar uyi”ning kredit garovi bekor qilingan va bino Toshkent shahri hokimiyati tasarrufida qoldirilgandi. Bu borada rasmiy agentlik saytida “Qarzga botirgan boshqalar, “uysiz” qolayotgan jurnalistlar” nomli maqola ham e’lon qilingandi.

XS
SM
MD
LG