Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:29

Yangiyo‘llik o‘qituvchilar maoshidan saylov uchun 50 ming so‘mdan bosib qolinayotganini iddao qildi


Yangiyo‘l shahar hokimligida maktab direktorlari o‘tkazilgan yig‘ilish.
Yangiyo‘l shahar hokimligida maktab direktorlari o‘tkazilgan yig‘ilish.

Toshkent viloyat, Yangiyo‘l shahridagi kamida ikkita maktab o‘qituvchilari ma’muriyat ularning maoshidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylov uchun 50 ming so‘mdan bosib qolayotganini iddao qildi.

Ish haqidan ushlab qolinayotganini aytgan o‘qituvchilarning bu iddaosini tuman Xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i “bo‘lishi mumkin emas” deya rad etdi.​

Toshkent viloyat saylov komissiyasi boshlig‘i yangiyo‘llik o‘qituvchilar shikoyati, agar o‘z tasdig‘ini topsa, tegishli organlarga xabar berishini bildirdi.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi 2019 yil 22 dekabrni - Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kuni, deb belgilagan

"Og‘zaki topshiriq"

Ozodlikka shikoyat qilgan yangiyo‘llik o‘qituvchilardan biriga ko‘ra, tuman hokimligi maktablar direktorlariga noyabr boshida saylov uchun pul o‘tkazib berish to‘g‘risida "og‘zaki topshiriq" bergan.

Maktabimizda saylov uchun oylikdan 50 ming so‘mdan olib qolishyapti, saylov yana o‘qituvchilar bo‘yniga tushdi. Hokimlik zulmidan qachon qutilamiz?” – dedi ta’qibga uchrashidan qo‘rqib, shaxsini oshkor etmaslikni so‘ragan o‘qituvchi.

Uning bu iddaosini Yangiyo‘l shahridagi boshqa bir o‘rta maktab o‘qituvchilaridan biri tasdiqladi.

Bu o‘qituvchining qo‘shimcha qilishicha, to‘lovga qarshi chiqqan o‘qituvchilarga maktab direktori "ma’muriy jazo" berish bilan tahdid qilgan:

"Hokimlikdan buyurishibdi og‘zaki. Stollarni bezatish, gilam solish uchun. O‘qituvchilar berishga majbur bo‘ldi. Bo‘lmasa, ma’muriy jazo berish bo‘larkan".

Ozodlik mazkur iddaolarga aniqlik kiritish uchun Yangiyo‘l shahridagi maktab direktorlaridan biri bilan bog‘landi.

Ismini oshkor etmaslikni so‘ragan maktab direktori to‘lov haqidagi og‘zaki buyruq Yangiyo‘l shahar hokimligi tomonidan joriy oy boshida berilganini ma’lum qildi.

Biroq Yangiyo‘l shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri Munisa Kamolovna Sultonova, 11 noyabr kuni Ozodlik savoliga javoban, o‘qituvchilar da’volarini "bo‘lishi mumkin emas" deya rad etdi.

- Bunday bo‘lishi mumkin emas. O‘sha shikoyatchilar mening yonimga kelsin,- deya go‘shakni qo‘ydi Munisa Sultonova.

Ozodlik Yangyo‘l shahar hokimligi rasmiylari bilan bog‘lana olmadi.

"Prokuraturaga beramiz"

Toshkent viloyat saylov komissiyasi raisi Jaloliddin Nasretdinov saylov komissiyasi tomonidan Yangiyo‘l shahridagi o‘qituvchilar maoshidan 50 ming so‘mdan pul olib qolish topshirig‘i berilmaganini aytdi.

- Saylovda qatnashayotganlarga bu yoqdan naoborot mukofot puli berayapmiz-ku. Ulardan pul olib nima qilamiz? Noto‘g‘ri informatsiya bo‘lishi kerak. Uni kimdir o‘ylab topgan bo‘lsa... U qanaqadir bo‘lmagan narsa. Unaqa holatlar bo‘lsa, prokuraturaga beramiz. Unaqa mumkin emas, absolyutno mumkin emas, - dedi Jaloliddin Nasretdinov.

O‘zbekiston Adliya vazirligi Telegram kanali orqali 11 noyabrda "xodimning mehnat haqidan ushlab qolish uning yozma roziligi bilan yoki sudning qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin"ligini eslatdi.

Saylov xarajatlari

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylov kampaniyasi 2019 yil 20 sentabrdan boshlanganini e’lon qilgan.

O‘zbekiston Saylov Kodeksiga muvofiq, "saylovga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi".

Markaziy Saylov Kommissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, davlat mablag‘larining har bir nomzod hisobiga to‘g‘ri keladigan miqdori quyidagicha belgilangan:

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod uchun – 10 million 832 ming so‘m;

Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashi deputatligiga nomzod uchun – 2 million so‘m;

Xalq deputatlari tuman va shahar kengashi deputatligiga nomzod uchun – 1 million so‘m.

Joriy yilning 22 dekabri kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish uchun Respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan jami 230 milliard 549 million so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi sayti xabar qilgan edi..

Xabar qilinishicha, Moliya vazirligi bilan Markaziy saylov komissiyasi Respublika byudjetidan ajratilishi ko‘zda tutilgan mablag‘larning quyidagi maqsadlar uchun sarflanishi haqida o‘zaro kelishib olgan:

- Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar uchun hududiy okrug va uchastka saylov komissiyalariga – 96 milliard 807 million so‘m;

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar uchun hududiy okrug va uchastka saylov komissiyalariga - 45 milliard 330 million so‘m;

- Saylovlarda ishtirok etadigan siyosiy partiyalarining umumpartiyaviy tadbirlari va siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovoldi tashviqot va targ‘ibot ishlarini amalga oshirishga - 46 milliard 674 million so‘m;

- Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq markazlashgan tartibda xarid qilinadigan zarur moddiy-texnika jihozlar, tovar va xizmatlar bilan ta’minlash uchun – 41 milliard 737 million so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

XS
SM
MD
LG