Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:16

ST-Ta'sir: Fuqaroni "soqoltoy" deb chaqirgan IIV xodimi lavozimidan bo‘shatildi (VIDEO)


Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi (IIB) bozorda fuqaroni "soqoltoy" deb chaqirgan serjant lavozimidan bo‘shatilganini ma’lum qildi.

Qarshi shahridagi “Oqtepa fayz baraka” savdo majmuasida sodir bo‘lgan hodisa aks etgan video haqida Ozodlik xabar qilgandi.

Videoda bozor hududagi IIV xodimi va bu xodim qonunbuzarlikda gumon qilgan yoshgina yigit o‘rtasida tortishuv aks etgan.

IIV xodimi yigitni bot-bot "soqoltoy" deb chaqiradi va bunga ismini bilmagani sabab ekanini aytadi. So‘ngra yigitni o‘zi bilan birga IIV tayanch punktiga borishga zo‘rlaydi.

Yosh yigit esa qonun buzmaganini aytib, uni "soqoltoy" deb chaqirgani uchun IIV xodimiga e’tiroz bildiradi.

Video oxiriga borib, tortishuv o‘ta taranglashadi. Kadr ortidan turtkilash ovozi, yigitning esa og‘riqdan inqillagani eshitiladi.

Quyida Ozodlikning facebook sahifasida chop etilgan videoni ko‘rishingiz mumkin:

Qashqadaryo viloyati IIBning ma’lum qilishicha, hodisa joriy yilning 31 oktabr kuni ro‘y bergan. Uning qahramoni, viloyat IIB Post-patrul va jamoat tartibini saqlash bo‘linmasi xodimi serjant X.Normurodovdir.

Serjant Qarshi shahridagi “Oqtepa fayz baraka” savdo majmuasida (xalq orasida Orzu bozori deb nomlanadi) noqonuniy valyuta savdosi bilan shug‘ullanganlikda gumon qilib, Kasbi tumanida yashovchi 1993 yilda tug‘ilgan F. Axadovni og‘zaki ogohlantirgan, bozorni tark etishini talab qilgan.

"O‘z navbatida F.Axadov xodimning so‘zlariga bepisandlik qilganligi oqibatida ular o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgan. Shundan so‘ng X.Normurodov fuqaroni shaxsini aniqlash maqsadida, uni, bozor hududidagi tayanch punktiga olib borish uchun patrul avtomashinasiga mindirmoqchi bo‘lganida, F. Axadov qarshilik ko‘rsatgan. Aynan mana shu holat videotasvirda aks ettirilgan", deyiladi rasmiy xabarda.

Aytilishicha, serjant F. Axadovni ichki ishlar tayanch punktiga olib borgan, vaziyatni fuqaroga tushuntirgan, fuqaro esa uzr so‘rab, boshqa bunday holat qaytarilmasligini ta’kidlagan.

"Tekshiruv jarayonida X.Normurodov fuqaro F.Axadovni ismini bilmaganligi sababli, uning soqol qo‘yib olganligi uchun unga nisbatan “soqoltoy” deb murojaat qilganligi, diniy e’tiqodi bo‘yicha tahqirlash mazmunida biror bir gap aytmaganligi, fuqaro F.Ahadov ham buni tasdiqlayotganligi aniqlangan. Xulosaga ko‘ra X.Normurodov fuqarolar bilan muloqot jarayonida kasb madaniyatini tamoyillarini buzganligi, o‘zining xatti-harakatlari tufayli keng jamoatchilikda ichki ishlar organlarining faoliyatiga nisbatan salbiy fikr shakllanishiga sabab bo‘lganligini inobatga olib, intizomiy jazo sifatida lavozimidan chetlatilib quyi tizimga tushirilgan", deyiladi rasmiy xabarda.

So‘nggi paytlarda Ozodlikdagi Sizdan Telegram ruknida IIV xodimlari noqonuniy xatti-harakatlaridan kelayotgan talay xabarlar chop etildi. xabarlardan aksariga esa IIV va boshqa hokimiyat idoralaridan munosabatlar kelishda davom etmoqda.

Boshqa tafsilotlarni Sizdan Telegram sahifasida o‘qishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG