Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:57

OzodDayjest: Akmal Saidovning O‘zbekistondagi diniy erkinlikka oid fikrlari tanqidlarga nishon bo‘ldi


O‘zbekiston inson huquqlari milliy markazi rahbari Akmal Saidov.
O‘zbekiston inson huquqlari milliy markazi rahbari Akmal Saidov.

Kosonda ta’lim tizimi rahbarlari 15 yashar o‘quvchining tug‘ib qo‘yganini bir yildan beri yashirib kelgan. Akmal Saidov prezidentga xushomad bilan tarixga kirishi bashorat qilindi. Xotinini ko‘p yil davomida ayovsiz ravishda kaltaklab kelgan erkak qidiruvga berildi.

_____________________________________________________________

Ta’lim mulozimlari 15 yoshli o‘quvchi qiz farzand ko‘rganini bir yil davomida yashirib kelgan


Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 6-maktab o‘quvchisi 2018 yil 10 may kuni 15 yoshida farzandli bo‘ldi (www.daryo.uz, 5 noyabr). Maktab direktori hamda tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbari voyaga yetmagan qizning homilador bo‘lganidan voqif bo‘lgan, ammo bu haqda huquq-tartibot idoralariga xabar bermagan, ular prokuraturaga xabar bermoqchi bo‘lgan qizning yaqinlarini qo‘rqitishgan.

15 yoshli qiz farzand ko‘rgani oradan bir yil o‘tib yuzaga chiqqan. Keyin ma’lum bo‘lishicha, 2018 yil 10 may kuni tug‘ilgan qiz farzand tug‘ruqxona xodimi bilan kelishilgan holda, o‘sha yerda tashlab ketilgan. So‘ngra “ko‘chadan topildi” qilinib, boshqa oilaga farzandlikka berilgan.

Dastlab o‘quvchi qiz bilan bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan voyaga yetmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish jinoyati bo‘yicha ish ochilgan. Ammo maktab o‘quvchisi bir emas, bir necha erkak bilan ixtiyoriy ravishda jinsiy aloqa qilgani aniqlangach, jinoyat ishi ayblilik darajasi hal etilmay tugatilgan.

Qayd etilishicha, ushbu holat haqida mutasaddi tashkilotlarga xabar bermagan maktab rahbariyati, XTB mas’ullari va tug‘ruq kompleksi rahbariyatiga chora ko‘riladi.

Akmal Saidov laganbardorligi bilan tarixga kirishi aytildi


O‘zbekiston inson huquqlari milliy markazi rahbari Akmal Saidovning xalqaro anjumanda din erkinligi bo‘yicha aytgan fikri tanqidiy baholandi (www.fayzbog.uz, 6 noyabr). 4 noyabr kuni Toshkentda o‘tgan xalqaro tadbirda A.Saidov BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid tomonidan berilgan 52 ta tavsiyaning 51 tasi bajarilgani, faqat birgina “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri qolganini ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, A.Saidov haqiqiy huquqshunos bo‘lsa, eng avvalo ana shu qonunni bekor qilishga da’vat etmog‘i lozim edi. Negaki, O‘zbekiston fuqarolarining fundamental haqi bo‘lgan diniy erkinliklar aynan ushbu mash’um qonun orqali poymol qilib kelinayapti.

“Akmal Saidov huquqshunos sifatida ko‘rsatgan qandaydir xizmati bilan emas, 2017 yil iyulda Oliy Majlisda Shavkat Mirziyoyevga qarab “Siz mening ko‘zimni ochdingiz, master-klass o‘tdingiz” degan xushomadi, laganbardorligi bilan tarixda qolsa kerak”, deyiladi maqolada.

Xotinini tiriklay yoqib yubormoqchi bo‘lgan erkak qidirilmoqda


28 yoshli jizzaxlik ayol eri tomonidan ko‘p yil davomida shafqatsiz kaltaklangani va xo‘rlanganidan arz qildi (“Darakchi”, 7 noyabr). U 2010 yilda deyarli o‘zi bilan tengdosh erkakka turmushga chiqqan. Ayol ilk homilador bo‘lgan paytdan boshlab eri uni shafqatsiz ravishda kaltaklashni odat qilgan. Ayol uydagilarning yuzini qora qilishdan qo‘rqib, azoblarga sabr qilib kelgan. Er-xotin 2019 yil may oyida pul topish ilinjida Rossiyaga boradi. Musofir yurtda er xotinini asossiz ravishda xiyonatda ayblab, tiriklay benzin quyib yoqib yubormoqchi bo‘ladi. Axiyri toqati toq bo‘lgan ayol Rossiya politsiyasiga shikoyat qiladi va O‘zbekistonga qaytishga muvaffaq bo‘ladi.

G‘allaorol tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Sharofat Safarovaga ko‘ra, ayol shikoyati doimiy nazoratga olingan. Erkak huquq-tartibot idoralari tomonidan qidirilmoqda.

XS
SM
MD
LG