Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:33

"Hozir tanlov payti: yo faol bo‘lamiz yoki kechagi kunga silliqqina qaytamiz".


OzodTarmoqda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan, Ozodlik tinglovchisi (o‘quvchisi, tomoshabini) qiziqishini uyg‘otishi mumkin matn, audio va videolarni berib boriladi.

OzodTarmoq ruknida berilayotgan materiallarda voqea-hodisalarga berilayotgan baholar mutlaqo mualliflar pozitsiyasidir. Mualliflar pozitsiyasi Ozodlik pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin.

OzodTarmoqning bugungi sonida bloger Muhammad Shakur 14 sentabrda o‘z Facebook sahifasida e’lon qilgan​ post e’tiboringizga havola qilinadi. Matn tahrirsiz berilmoqda. Stilistika va imlo muallifniki.

***

DOIM OPTIMIST BO‘LIB KELGANMAN, AMMO...

Chamamda, ommani yana eski qo‘rasiga – majburiy jimlik muhitiga qaytarib kiritib qo‘yishga urinish boshlandi. Prezident almashgandan keyingi, oshkoralik paydo bo‘lgandan keyingi birinchi shokdan keyin hammasini eskicha holga qaytarishni istayotganlar endi o‘zlariga kelishni boshlashdi.

Jimlik muhitida jimgina, “yaxshigina” yashaganlarni – har kim o‘z o‘rnida ishlamasdan “ishlaganlar”ni, o‘g‘irlik, poraxo‘rlik va boshqa bilan kun ko‘rganlarni qaysidir ma’noda tushunsa bo‘ladi – ular shunga o‘rganishgan. Ular yana hammasi avvalgidek bo‘lishini istashadi va bu tabiiy – dunyoqarashni, orientirlarni, prioritetlarni o‘zgartirish darrov yuz beradigan narsa emas (kim uchundir hatto bu imkonsiz – kimdir shu holida olamdan o‘tadi).

Bu toifaning dunyoqarashini o‘zgartirish uchun ommaviy harakatlar zarur. Jazolash, qo‘liga urish, “ishing noto‘g‘ri” degan ruh bilan sug‘orilgan muhit hamda vaqt kerak bunga. Ammo...

Hammasi eskicha qolishini istaydiganlar ichida hozirda nafaqat mayda odamlar – katta odamlar ham bor. Ularning ta’siri katta bo‘lyapti va aynan shular og‘izlarni yopish, jimlikni buzuvchi odamlarga deputat bo‘lishga yo‘l bermaslik, OAVlarga ta’sir o‘tkazish va boshqa “choralar”ini ko‘rishyapti. (Bu ishlari pirovardida o‘zlariga yomon bo‘lishi – oxiratlariga yomon zahira yig‘ayotganlarini ular bilishmaydi).

Va aynan shu uchun o‘sha muhit – davolovchi muhit yuzaga kelishi qiyin bo‘lyapti. Ya’ni ishlar aksincha bo‘lyapti.

Tunov kuni so‘kong‘ichligi bilan tanilgan hokimlarga orden berilishini tanqid qilib chiqqan bloger Nodirbek Hojimatovni 10 sutkaga qamashibdi. Bu o‘sha toifa odamlarning saviya darajasi va tabiiy reaksiyasi – aslo xayron bo‘larlik ish emas aslida.

Ammo bunaqa ishlar tendensiyaga aylansa, voqeligimizga aylanib qolsa – fojia shunda qad ko‘taradi.

Hozir tanlov payti: yoki jamoatchilik faol bo‘lib, bu tendensiyaga barham beradi, yoki kechagi kunga silliqqina qaytamiz. Boylik yig‘ishdan va hukmron bo‘lishdan boshqa g‘ami yo‘q past saviyalilar toifasi yana ustimizga hukmron bo‘ladi, adekvat odamlar yurtdan ko‘chib ketishi davom etadi.

Tarixning bir nuqtasida esi borlar faolsizligi oqibatida bir paytlar esi pastlar jamiyat ustiga kelishgan. Va o‘sha paytdan tanazzul boshlangan. Achinarli vaziyatimizning debochasi o‘sha paytlarga borib taqaladi.

Va aynan o‘sha paytda o‘sha toifa dinni ham o‘z mayliga bo‘y so‘ndirishni boshlagan – o‘sha paytdan boshlab hukmdorlarning qayfiyatiga bo‘y so‘ngan “ulamo”lar paydo bo‘lgan.

Hozirda global, shu tobda bong urish kerak bo‘lgan muammolar qolib, senatu parlamentimiz nimalar bilan band ekanligini ko‘rib turipmiz. Bu ham ishlar kimga qolganidan darak.

Es-hush bekorga berilmaydi, boshqa ne’matlar singari javobgarligi bor.

XS
SM
MD
LG