Линклар

Шошилинч хабар
23 сентябр 2019, Тошкент вақти: 03:24

Karimov qarshi bo‘lgan Rog‘un GESining ikkinchi agregati ishga tushirildi


Prezident Emomali Rahmon ramziy tugmani bosishi bilan gidroinshoot ishiga start berildi.

9 sentabr Tojikiston davlat mustaqilligi kuni Rog‘un GESining ikkinchi agregati ishga tushirildi. Prezident Emomali Rahmon ramziy tugmani bosishi bilan gidroinshoot ishiga start berildi.

Rog‘unning ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tadbirga yuqori lavozimli amaldorlar, diplomatik korpus vakillari, jurnalistlar keldi. Ikkinchi agregat shu yilning iyunidan beri sinov rejimida ishlayotgan edi.

Rasmiylarga ko‘ra, Rog‘un GESi Tojikiston uchun o‘ta muhim ob’ekt hisoblanadi va mazkur gidroinshoot to‘la ishga tushganidan keyin xukumatning uchta strategik maqsadlaridan biri bo‘lmish uzoq kutilgan energetika mustaqilligiga erishiladi.

Gidroelektrostansiyaning birinchi agregati o‘tgan yilning noyabrida tantanali ravishda ishga tushirilgan edi, ammo shu yilning martida faoliyati to‘xtatildi va bir necha haftalik sukutdan so‘ng hukumat “suv omboridagi suv chiqarib yuborilgani” borasidagi mish-mishlarni tasdiqlagan edi.

Rasmiylarning aytishicha, suv «profilaktika ishlari va GES birinchi agregatining holatini tekshirish maqsadida” chiqarib yuborilgan.

GES mutaxassislarining ishonishlaricha, bu gal ikkinchi agregat ishga tushirilishi bilan biror bir - texnik va moliyaviy jihatdan murakkabliklar bo‘lmaydi.

Iyunning birinchi yarmida Ukrainaning "Dnepr-Spetsgidroenergomontaj" korxonasi Rog‘un GESining agregati ekspluatatsiyaga tayyor ekani yuzasidan bayonot bergan edi. Rog‘un GESining ikkita agregati tasdiqlangan loyihaga ko‘ra vaqtincha ishlaydi va 2021 yilga qadar elektroenergiya ishlab chiqaradi va so‘ng o‘zgartiriladi.

Rog‘un Tojikistondagi eng qimmat loyihalardan biri hisoblanadi. Har yili Rog‘un GESi aksiyalari aholiga sotilishi va 500 million dollarlik yevrobondlarning xorijiy tashkilotlarga sotilishi hisobidan millionlab somoni sarflanadi. Shuningdek, mamlakat byudjetidan ham moliyaviy mablag‘lar beriladi. Moliya vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, birgina 2019 yilda davlat byudjetidan bu maqsadlar uchun 2 mlrd 100 mln somoni yoki salkam 222 mln dollar ajratilgan.

Rog‘un GES loyihasi sovetlar davridayoq ishlab chiqilgan va qurilish boshlangan edi, ammo fuqarolar urushi va daryoning quyi oqimidagi davlatlarning qarshiligi bilan Tojikiston xukumati GES qurilishini 2016 yilga kelibgina qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi.

Tojikistonning Rog‘un GESi qurilishiga O‘zbekistonning avvalgi rahbariyati qarshi chiqqan edi: o‘shanda Toshkent zilzila yuz bergudek bo‘lsa, GES to‘g‘oni buzilish xavfi mavjudligidan tashvish bildirgan. Biroq Dushanbe mamlakatida Rog‘un singari GESlar mavjudligini, ular bir necha o‘n yildan beri seysmik barqaror ekanligini namoyon etib kelayotganini aytib kelgan. O‘zbekistonning hozirgi rahbariyati Vaxsh daryosiga yangi GES qurilishiga qarshi chiqmayapti.

Rog‘un GESida 6 ta agregat bo‘ladi va ular ekspluatatsiyaga tushirilganidan keyin bir yilda 17 mlrd kVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Rasmiylarning fikricha, bu nafaqat Tojikistonni arzon elektroenergiya bilan ta’minlaydi, balki qo‘shni Afg‘oniston va Pokistonga elektrenergiya eksport qilish imkonini beradi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG