Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:05

Rossiyalik amaldorlar Moskva namoyishlarini chet el fitnasi deb atamoqda


Georgiy Oganezov ekani aniqlangan kishini Rossiya politsiyasi maxsus bo‘linmasi xodimlari 3 avgustda majburan hibsga olgan edi, undan “Nastoyashchee vremya” telekanali diktori Timur Olevskiy intervyu olmoqda.
Georgiy Oganezov ekani aniqlangan kishini Rossiya politsiyasi maxsus bo‘linmasi xodimlari 3 avgustda majburan hibsga olgan edi, undan “Nastoyashchee vremya” telekanali diktori Timur Olevskiy intervyu olmoqda.

AQSh elchixonasidan bildirilgan ogohlantirish undan oldingi boshqa ko‘plab ogohlantirishlarni esga tushirdi.

Rossiya poytaxtida istiqomat qilayotgan AQSh vatandoshlariga 2 avgust kuni yo‘llangan xabarda ular ruxsat etilmagan norozilik namoyishi bo‘layotgan joylarga bormaslik, o‘sha yerda politsiya xodimlari ko‘p bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirilgan edi.

Ushbu postga ilova qilingan rus tilidagi xaritadan norozilik tadbiri tashkilotchilari nusxa olib, uni norozilik yig‘ini yoki namoyish emas, “sayr” deb atagan edi.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi buni AQShning o‘z mamlakati ichki ishlariga aralashuv deb baholadi.

AQShning Moskvadagi elchixonasi bizning ichki ishlarimizga faol aralashmoqda, xaritada norozilik namoyishi, “sayr” marshruti batafsil ko‘rsatib berildi, ‒ dedi vazirlik matbuot kotibi Mariya Zaxarova 4 avgustda davlat televideniesi orqali.

Moskvadagi norozilik namoyishlari va hukumat tanqidchilarining kelasi oyda shahar kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovda qatnashishga intilishi muxolifatnining Kreml bilan to‘qnashuvi sifatida ko‘zga tashlanmoqda.

Har tomondan siquvga olingan muxolifatning eng muhim vazifasi ayni kunda konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan yig‘inlar o‘tkazish huquqidan foydalanishi, nomzodlari saylovda mavjud qonun-qoidalarga to‘liq rioya etgan holda qatnashishi jamiyatda to‘g‘ri qabul qilinishiga erishishdir.

Biroq ular davlat televideniesida bunaqa ko‘rsatilayotgani yo‘q.

27 iyulda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishini, unda 1300 dan oshiq odam ushlangani hamda ijtimoiy tarmoqlar va chet el OAV olib ko‘rsatganiga qaramay, davlat telekanallari yoritmadi.

Oradan bir kun o‘tib esa mashhur davlat televideniesi boshlovchisi Vladimir Solovyov tashkilotchilar mitingda qatnashish uchun Moskva tashqarisidan odam yollaganini iddao qilib chiqdi.

Maqsad politsiyani ularga qarshi gij-gijlash edi.

O‘sha kuni Kremlga yaqin biznes doiralari nazoratidagi REN-TV Moskva shahar dumasiga bo‘lg‘usi nomzodlar namoyishda o‘zlari qatnashish uchun go‘yo boshqalarni yollagani, ayrim muxolifat rahbarlarining AQSh razvedkasiga aloqasi borligi haqida xabar tarqatdi.

3 avgustdagi norozilik namoyishidan bir necha kun oldin Moskva shahri meri Sergey Sobyanin TV-sentr telekanaliga bergan intervyusida namoyishchilar shahar meriyasiga hujum qilishga shaylanmoqda, shu sababli ularning xatti-harakatlari politsiyani keskin choralar ko‘rishga majbur qildi, deya iddao qilgandi.

Tashkilotchilar va kuzatuvchilar merning so‘zlarini “quruq va soxta da’volar” deb atadi.

Chet el razvedkasining aralashuvi haqidagi gaplarga politsiyaning o‘zidan boshqa hech kim ishonmay qoldi.

Miting vaqtida ushlangan bir kishi aslida chetda turganiga qaramay, ikki kunlik hibs vaqtida politsiya xodimi uni haqorat qilganini aytdi.

Mixail Bikanov degan kishi politsiya xodimining, “Yigitlar, hech narsani tushunmayapsizlar. Nazorat ostida turibsizlar. Markaziy razvedka boshqarmasi sizlarni o‘ynatyapti. Namoyishlar endi boshlanyapti. Bu tuzumni ag‘darib tashlab, Rossiyaning resurslarini qo‘lga olishday uzoq kampaniyaning bir qismi, xolos”, degan gaplarini esladi.

Shundan so‘ng Zaxarova AQSh Rossiyaning ichki ishlariga aralashayotgani xususida zikr etilgan bayonotni berdi.

Ushbu bayonot 2011-12 yillarda Putininng prezidentlikka qaytishi bilan bog‘liq saylov qallobliklariga qarshi ko‘cha namoyishlari vaqtidagi Kreml iddaolarini esga tushiradi.

O‘shanda Putin davlat kotibi Hillari Klintonni AQSh Davlat departamenti rossiyalik faollarga “ishi”ni rag‘batlantirishga oid “signal” berganlikda ayblagan edi.

Rossiyaning kamida bir telexabarida politsiyaning maxsus bo‘linmasi zobitini shafqatsiz qonunbuzarlik jabrdiydasi qilib ko‘rsatishga urinish bo‘ldi.

2011-12 yillardagi namoyishlar vaqtida ham bir qancha rus faollari politsiyaga qarata asfalt bo‘laklari otib, ularni yarador qilganlikda ayblangan edi.

XS
SM
MD
LG