Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:12

Samarqandda 40 odamga ish bergan qo‘shma korxona muhrlandi. Investor prezidentga murojaat qildi (VIDEO)


Komfort dizayn qo‘shma korxonasi
Komfort dizayn qo‘shma korxonasi

Samarqand viloyati Samarqand tumani O‘rtashiq qishlog‘i hududida joylashgan Komfort dizayn o‘zbek-turk qo‘shma korxonasi rahbarlariga ko‘ra, korxonaning alyuminiy mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mini-zavodi Majburiy ijro byurosi tomonidan muhrlab tashlangan.

Qo‘shma korxona rahbari Behbud Usmonovning Ozodlikka aytishicha, qo‘shma korxonaning kiraga olgan binosi Samarqand viloyati hokimligi o‘tkazgan tanlov (tender) asosida boshqa bir shirkatga berib yuborilgan.

Qo‘shma korxona 40 kishini ish bilan ta’minlagan va 2017 yildan buyon 17 turdagi alyuminiy profili (qurilishda ishlatiladigan alyuminiy mahsulotlari) ishlab chiqargan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Mahmaraimovga ko‘ra, bino “bo‘sh turgani uchun” 2018 yilda o‘tkazilgan ochiq tanlov asosida boshqa yuridik shaxsga berilgan.

Prezidentga murojaat

Komfort dizayn qo‘shma korxonasining rahbari Behbud Usmonov va muassisi Ibrohim Ergin Ozodlik orqali prezident Shavkat Mirziyoevga videomurojaat qilib, qo‘shma korxonani saqlab qolishda amaliy yordam so‘radilar.

Videomurojaatda ular, shuningdek, Samarqand viloyati hokimligi doxil viloyatdagi mutasaddi tashkilotlar rahbarlarini amalda ishlab turgan zavodni “o‘zboshimchalik” bilan berkitib qo‘yayotganlikda aybladilar.

Ularning ishonishicha, mahalliy rasmiylar o‘z amallari bilan yangi ish o‘rinlari yaratish va sarmoyalar kiritishga qaratilgan prezident siyosatiga qarshi chiqmoqdalar.

Videotasvirlarda o‘nlab ishchining qurilish uchun mo‘ljallangan alyuminiy mahsulotlarini ishlab chiqarayotganini ko‘rish mumkin.

Ўзбек-турк қўшма корхонаси раҳбарлари Мирзиёевга мурожаат қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:05 0:00

40 kishini ish bilan ta’minlagan korxona

Komfort dizayn o‘zbek-turk qo‘shma korxonasi Behbud Usmonov 25 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda “tashlandiq joy”da yarim fabrikat mahsulotlar ishlab chiqaruvchi kichik zavod barpo qilganini aytdi.

- Alyumin profili ishlab chiqaradigan zavod ochganmiz. Bir tashlandiq, bo‘sh turgan joyni ijaraga oldik. Ikki yil davomida obodlashtirdik: elektr energiyasini tortib keldik, transformator qo‘ydik, artizan quduq kovladik. Xitoydan besh milliard so‘mdan ziyod asbob-uskuna olib kelib o‘rnatdik. 18 xil narsa ishlab chiqaramiz. Bular eshik va deraza yasashda ishlatiladi. Biz polufabrikat mahsulotlari ishlab chiqaramiz, dedi Behbud Usmonov.

Tadbirkor¸ qo‘shma korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida sotilganini ham aytadi.

Behbud Usmonovning ta’kidlashicha, qo‘shma korxona rahbariyati¸ asosan¸ kam ta’minlangan oilalarni ish bilan ta’minlashga e’tibor qaratgan.

- Shu zavodimiz 40 kishini boqayapti. Ishchilarning 21 nafari ayol kishi. Birining eri o‘lgan, biriniki avtohalokatda qazo qilgan, ishqilib, kam ta’minlagan oilalar bilan birga ishlaymiz. Ishchilarimizga o‘rtacha 1,5-2 million so‘m maosh berayapmiz, dedi Behbud Usmonov.

Komfort dizayn qo‘shma korxonasi ta’sischisi Ibrohim Ergin mini-zavodni yanada kengaytirish uchun 2019 yil boshida Turkiyadan qiymati 20 ming dollarga teng yangi texnologiya keltirganini bildirdi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:42 0:00
Бевосита линк

Ijara va tender

Qo‘shma korxona shartnoma asosida bino uchun davlatga yiliga 80 million so‘m kira haqi to‘lab kelgan.

Behbud Usmonovning aytishicha, 2018 yil mart oyida Samarqand viloyat hokimligi ularga ijara shartnomasi bekor qilinganini bildirib¸ binoni bo‘shatib qo‘yishni talab qiladi.

Bunday talabga Samarqand viloyat hokimligi¸ binoning tender asosida sotuvga qo‘yilganini ro‘kach qiladi.

Behbud Usmonov hokimiyat mulozimlari tenderni o‘z ishtirokisiz o‘tkazganini aytadi:

- "Ijara bekor bo‘ldi, istasangiz, 17 may kuni tender bo‘layapti, qatnashishlaringiz mumkin" deyishdi. "Axir bizlar ishlab turibmiz," deganimizga ham quloq solishmadi. Tenderga men bordim. Tender raisi bizdan chiqib turishimizni so‘radi. "Hamma chiqsin¸ biz navbatma-navbat chaqiramiz, avval uzoq tumanlarni ko‘ramiz, keyin Samarqand shahri va Samarqand tumanidagi ob’ektlarni ko‘rib chiqamiz"¸ deb bizni chiqarib yubordi. Men tashqariga chiqqanimni bilaman, o‘sha zahotiyoq bizning korxonamizning tenderini o‘tkazishibdi. Meni aldashdi, chunki ular mening janjal qilishim mumkinligini bilishgandi, deydi Behbud Usmonov.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Mahmaraimovning Ozodlikka aytishicha, “bo‘sh turgan bino” 2018 yilda o‘tkazilgan "ochiq tanlov asosida" boshqa yuridik shaxsga berilgan.

- Hududiy tanlov komissiyasi tomonidan tanlov o‘tkazildi. O‘sha tanlovda 8 talabgor tomonidan hujjatlar topshirilgan. Komfort Dizayn ham qatnashgan. O‘sha hujjatlardan eng ko‘p tanlov shartlariga javob bergan boshqa tashkilot g‘olib chiqqan, - dedi Suhrob Mahmaraimov.

U Komfort Disayn kiraga olgan bino hozir ham muhrlanmagani, qo‘shma korxona haliyam mahsulot ishlab chiqarayotganini qo‘shimcha qildi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:21 0:00
Бевосита линк

Bu izoh ortidan O‘rtashiq qishlog‘iga borgan Ozodlik mobil muxbiri, Komfort Dizayn kiraga olgan binoning muhrlangani aks etgan fotosuratni yo‘lladi.

Muhrlangan Komfort dizayn binosi
Muhrlangan Komfort dizayn binosi

Komfort Dizayn qo‘shma korxonasi muassisi Ibrohim Ergin Ozodlik bilan suhbatda Samarqanddagi mutassadilarni prezident Mirziyoevning xorijiy sarmoyalarni kiritishga qaratilgan siyosatini sabotaj qilayotganlikda aybladi.

- Samarqand hokimligi idorasida bizning zavodimiz yeri "bo‘sh yer" deya qayd etilgan. Bo‘sh turgan binoni tender orqali boshqa shirkatga berdik, deyishayapti. Bepulga berishipti. Yangi shirkat egasi kelib bizdan chiqishni talab qilayapti. Yaxshi, lekin bu joyni biz ishlatayotgan bo‘lsak, qirq kishi ishlayotgan bo‘lsa. Buni videoda ham ko‘rish mumkin. Samarqand hokimligi vakillari kelib, vaziyatni ko‘rgan. Ular bizdan uzr so‘rab, ishimizni davom ettirishlari uchun izn berishlari kerak edi...Chunki, qonun bo‘yicha, bu binoda ishlayotgan shirkatga berilishi kerak edi. Amalda buning aksi bo‘layapti, - dedi Ibrohim Ergin.

Qo‘shma korxona rahbarlariga ko‘ra, ular bugunga qadar mahsulot ishlab chiqarish uchun mini-zavodga 1 million 150 ming dollar miqdorida sarmoya sarflagan.

XS
SM
MD
LG