Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:53

OzodDayjest: Deputat prezident Mirziyoevdan mazlum uyg‘urlarga ma’naviy otalik qilishni so‘radi


Xitoydagi "siyosiy qayta tarbiyalash" lagerlaridan biri.
Xitoydagi "siyosiy qayta tarbiyalash" lagerlaridan biri.

O‘zbekistonda hukumat mansabdorlarining tonirovka qilingan mashinada yurgani e’tiroz uyg‘otmoqda. Deputat Qobil Dusov prezident Mirziyoevdan Xitoyning Shinjoy-Uyg‘ur muxtor rayonida zulm chekayotgan qardoshlarga yordam ko‘rsatishni so‘radi. Go‘sht narxini sun’iy tushirish tadbiri tanqidga uchradi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

________________________________________________

Hukumat mansabdorlari tonirovka qilingan mashinada yurgani e’tiroz uyg‘otdi

O‘zbekistonda avtomashina oynasini qoraytirish uchun belgilangan cheklov ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining jiddiy noroziliklariga sabab bo‘lmoqda (www.kun.uz, 17 iyul). Hukumat qaroriga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar engil avtomobil oynasini qoraytirish uchun har yili 18-24 million so‘m to‘lashi lozim. Huquqshunos Dilshod Abduqodirovga ko‘ra, O‘zbekistonda avtotransport vositasi oynasini qoraytirishga ruxsatnoma olish uchun dunyo bo‘yicha eng qimmat to‘lov miqdori belgilangan. O‘rtacha maosh olib ishlovchi vatandosh birgina mashina oynasini qoraytish huquqini olish uchun 11 oy yemay-ichmay ishlashi va pul to‘plashi lozim.

Hukumat qarorida avtomobil oynasini qoraytirish uchun to‘lov joriy etilishi “transport vositalari haydovchilari uchun qulay sharoitlar yaratish” maqsadi bilan izohlangan. Huquqshunos Xushnud Xudoyberdiev esa ushbu izohni mantiqsizlik va vijdonsizlik, deb atagan. Huquqshunos oddiy odamlardan katta miqdorda pul talab qilingani holda, mamlakat bosh vaziri, ichki ishlar vaziri, YHXBB boshlig‘i kabi mansabdorlar xalq hisobidan tonirovka qilingan shinam avtomashinalarda yurishiga e’tiroz bildirgan.

O‘zbek deputati ilk bor Xitoyning uyg‘urlarga zulmi haqida gapirdi

Xalq deputatlari Bo‘stonliq tumani kengashi deputati, “Milliy tiklanish” partiyasi a’zosi Qobil Dusov Feysbuk tarmog‘idagi sahifasida prezident Shavkat Mirziyoevdan Xitoyning Shinjoy-Uyg‘ur muxtor rayonida zulm chekayotgan qardosh millatlarga yordam ko‘rsatishni so‘radi. Deputatga ko‘ra, bir zamonlar Turonning bir bo‘lagi bo‘lgan Uyg‘uriston hozir zulm iskanjasida, u yerda o‘zbek, qozoq, uyg‘urlar, umuman musulmonlar xo‘rlanmoqda. Qayd etilishcha, ushbu turkiyzabon millatlarning ota yurti O‘zbekistondir. Deputat Q. Dusov O‘zbekiston prezidentidan Xitoy siyosati qarshisida sukut saqlayotgan musulmon davlatlari ichida tashabbusni qo‘lga olib, uyg‘ur o‘lkasiga ma’naviy otalik qilishini so‘ragan.

BMT, Yevropa Ittifoqi kabi xalqaro tuzilmalar hamda o‘nlab G‘arb mamlakatlari Shinjon-Uyg‘ur muxtor rayonida yashovchi bir millionga yaqin musulmon lagerlarda ushlab turilgani uchun Xitoy rahbariyatini keskin tanqid qilib keladi. Rasmiy Pekin esa “qayta tayyorlash lagerlari” terrorchilikka qarshi kurash doirasida tashkil etilganini iddao qilmoqda.

Go‘sht narxini sun’iy ravishda arzonlashtirish chorasi uzoqqa bormasligi aytildi

Toshkent shahrida go‘sht narxi sun’iy ravishda tushirildi (“Darakchi”, 18 iyul). Maxsus tashkil etilgan rastalarda 1 kg mol go‘shti 34-39 ming so‘mdan sotila boshlagan. Keyingi kunlarda go‘sht narxi 60 ming so‘mgacha ko‘tarilib ketgan edi. Soha mas’ullari esa narxni tushirish maqsadida Toshkent bo‘yicha 150 ta maxsus go‘sht rastasi tashkil etgan. Ekspertlarga ko‘ra, go‘sht bahosi bu qadar arzon bo‘lishi xaridorlarga ma’qul kelsa-da, narxni sun’iy ravishda uzoq ushlab turib bo‘lmaydi. Go‘sht narxini real pasaytirish uchun chorva ekin maydonlarini kengaytirish, aholiga bo‘rdoqichilik uchun sharoit yaratish, ozuqaviy yemni ishlab chiqarish narxi bilan savdo o‘rtasidagi keskin tafovutni kamaytirish kabi chora-tadbirlar taklif etilgan.

XS
SM
MD
LG