Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:23

12 yil xalqaro qidiruvda bo‘lgan kriminal avtoritet Ravshan Zolotoy oqlanib¸ Toshkentga qaytdi


Ravshan Muhiddinov 11 iyulda Toshkentga qaytdi
Ravshan Muhiddinov 11 iyulda Toshkentga qaytdi

Toshkentdagi bir nechta manbaning Ozodlikka xabar berishicha, o‘zbekistonlik kriminal avtoritetlardan biri G‘afur Rahimovning jiyani, jinoyat olamida Zolotoy laqabi bilan tanilgan Ravshan Muhiddinov 11 iyul kuni O‘zbekistonga qaytgan.

Ozodlik telefon orqali bog‘langan Ravshan Muhiddinovning otasi Bahodir Muhiddinov bu xabarni tasdiqladi.

Og‘ir jinoyatlarda ayblangani ortidan O‘zbekistondan chiqib ketgan Muhiddinov¸ 12 yil xalqaro qidiruvda bo‘lgan¸ Toshkent so‘rovi bilan Istanbul va Dubay qamoqxonalarida o‘tirib chiqqan.

Muhiddinovning Toshkentga qaytishi arafasida uning nomi Ichki ishlar vazirligi saytining qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatidan olib tashlandi.

Ayblov olib tashlandi

2007 yilda 18 yashar Ravshan Muhiddinov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 242- moddasi bo‘yicha (Uyushgan jinoiy guruh tuzish va unga bevosita rahbarlik qilish) gumonlanib, qidiruvga berilgan.

Ichki ishlar idoralari Ravshan Muhiddinovni o‘zaro janjallashgan ikki guruhdan biriga rahbarlik qilishda ayblashi ortidan, u O‘zbekistondan chiqib ketgan.

58 yashar Bahodir Muhiddinovning Ozodlikka aytishicha, oradan 12 yil o‘tib¸ joriy yil aprel oyida o‘g‘liga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini qayta ko‘rib chiqishni so‘rab, prezident Shavkat Mirziyoev nomiga maktub yo‘llagan.

- Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning olib borayotgan siyosatlarini ko‘rib, ko‘pchilik noqonuniy qidiruvga berilganlarning qaytib kelayotganini ko‘rib, prezidentimiz nomlariga bir iltimosnoma yozgan edik. Unda tergov ishlari qaytadan, odilona ko‘rib chiqilishini iltimos qildik, - dedi Bahodir Muhiddinov.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:34 0:00
Бевосита линк


Oradan ikki oy o‘tib Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi tergovchilari u bilan bog‘lanib, o‘g‘liga nisbatan e’lon qilingan qidiruv olib tashlangani va 12 yil muqaddam qo‘zg‘atilgan tergov ishi qaytadan ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan.

Bahodir Muhiddinov, ayni paytda¸ agar o‘g‘li qaytib kelgach¸ tergov tomonidan aybdor deb topilsa, e’tiroz bildirmasligi haqida ichki ishlar xodimlariga tilxat yozib berganini ham aytadi.

Muhiddinovga ko‘ra¸ Toshkentga qaytgach so‘roq qilingan o‘g‘li Ravshan ham, 12 yil muqaddam bo‘lib o‘tgan janjalning boshqa ishtirokchilari ham uning janjalga aralashmagani haqida ko‘rsatma bergan.

- Tergov ishlari qayta ko‘rib chiqildi. O‘g‘lim¸ mana qaytib keldi. Barcha ayblovlar noto‘g‘riligi aniqlandi, lekin 241-modda, ya’ni jinoyat to‘g‘risida xabar bermaganlikda aybdor deb topilib, jinoyat muddati o‘tgani uchun, bu ish yopildi va o‘g‘limdan hamma ayblovlar olib tashlandi, - dedi Bahodir Muhiddinov.

Ozodlik hozircha Ravshan Muhiddinovning qaysi asosda oqlanganiga izoh berilgan rasmiy hujjatni ko‘rmadi.

Ravshan Muhiddinovning o‘zi Ozodlik muxbiri bilan telefon orqali gaplashishni istamadi.

Xalqaro qidiruv

O‘zbekiston huquq tizimi mulozimlaridan birining o‘tmishda Ozodlikka aytishicha¸ 2009 yil sentabrda Interpol orqali qidiruvga berilgan Ravshan Muhiddinov Istanbulning Otaturk aeroportida hibsga olingan.

Hibsga olinganidan so‘ng uch yil davomida Istanbuldagi Moltepa qamoqxonasida saqlangan va O‘zbekiston tomoni ilgari surgan ayblovlar o‘z isbotini topmagani uchun ozod etilgan.

Biroq Ravshan Muhiddinov 2013 yil oktabrida Birlashgan Arab Amirliklarida O‘zbekiston talabi bilan takroran hibsga olinib¸ ikki oy davomida Dubaydagi Al-Avir qamoqxonasida ushlab turilgan.

Bu gal ham O‘zbekiston tomoni ilgari surgan ayblovlar o‘z "isbotini topmadi"¸ degan asosda ozod etilgan.

"Ravshan Zolotoy"

Ravshan Muhiddinovni yaxshi bilganlarning aytishicha¸ yoshligida sochi malla bo‘lgani uchun jinoyat olamida u Ravshan Zolotoy laqabini olgan.

U ilk bor keng jamoatchilikka shu yilning aprel oyida o‘zbekistonlik Axtam Samarkandskiy laqabli Axtam Yoqubovga "vor v zakone" "unvoni" berilgani ortidan tanildi.

Ozodlik o‘shanda ichki ishlar podpolkovniga tayanib, Axtam Samarkandskiyning o‘g‘rilar olamida tanilishi va "vor v zakone" rutbasini olishida Dubaydagi qamoqxonada do‘stiga aylangan Ravshan Zolotoyning roli katta bo‘lganini xabar qilgan edi.

Iste’fodagi polkovnikning iddao qilishicha, Ravshan Muhiddinov 2013 yil yozida uyushgan jinoiy guruh sifatida tanilgan "Birodarlik xalqasi"ning ("Bratskiy krug") yetakchi a’zolaridan biriga aylangan.

AQSh Moliya vazirligi hujjatlariga ko‘ra, “Birodarlik xalqasi” a’zolarining Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlarida faoliyat yuritib keladi.

Ravshan Muhiddinovning tog‘asi¸ yirik tadbirkor G‘afur Rahimov ​AQSh Moliya vazirligining uyushgan xalqaro jinoiy guruh yetakchilariga qarshi joriy qilgan sanksiyalari ro‘yxatiga ilk bor 2012 yilning 23 fevral kuni "Yevroosiyodagi jinoiy sindikat" yetakchilaridan biri sifatida kiritilgan edi.

2018 yil iyul oyida G‘afur Rahimov ham O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining “qidiruvdagi shaxslar” ro‘yxatidan olib tashlangani ortidan O‘zbekistonga qaytgan edi.

XS
SM
MD
LG