Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:48

OzodDayjest: Surxondaryolik fermer o‘zi uchun qabr qazishga majburlandi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Chaqalog‘ini hojatxonaga tashlagan ayolning nomusiga amakivachchasi tekkan. Surxondaryoda fermer o‘zi uchun o‘zi qabr qazidi. Ota-onaning loqaydligi sabab it tirnagan bola nobud bo‘ldi.

________________________________________________

Chaqalog‘ini hojatxonaga tashlagan ayol to‘g‘risida yangi tafsilotlar ma’lum qilindi

Yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini hojatxonaga tashlagan surxondaryolik F.T. to‘g‘risida yangi tafsilotlar ochiqlandi (“Oila davrasida”, 11 iyul). Xotin-qizlar qo‘mitasiga ko‘ra, F.T.ning ma’lumoti o‘rta maxsus, otasi ishlashga ruxsat bermagani uchun uyida tikuvchilik bilan shug‘ullangan. Uning nomusiga 1990 yilda tug‘ilgan amakivachchasi tekkan. F.T. 2 iyul kuni farzandini Denov tumanidagi “Habibobod” bozori qabristonida dunyoga keltirgan va hojatxona ichiga tashlab ketgan. Undan keyin hojatxonaga kirgan ayol chaqaloq yig‘isini eshitib, odamlarni yordamga chaqirgan. Ayol otasi va aka-ukasidan qo‘rqqanidan chaqalog‘ini shu yo‘l bilan yo‘q qilmoqchi bo‘lgan. Qayd etilishicha, chaqaloqqa tibbiy yordam ko‘rsatilgan va uning salomatligi yaxshi. “To‘g‘ri, bolasini tug‘ib shu ahvolga solish, albatta, hech qachon oqlanmaydigan hol. Biroq avvalo masala negizida yotgan yana bir haqiqat – shu holatni sodir etishda ma’naviy ma’noda ayol bilan teppa-teng aybdor bo‘lgan erkak omili, uning tarbiyasiyu shu fojiadagi “hissasi” etarlicha baholanmaydi”, deyiladi Xotin-qizlar qo‘mitasi bayonotida.

Surxondaryoda bezorilar fermerni o‘zi uchun qabr qazishga majburladi

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida faoliyat yurituvchi fermer boshqa bir hamkasbidan pul undirish uchun uning hayotiga ochiqdan-ochiq tahdid qildi (“Huquq”, 11 iyul). Ushbu jinoyatda esa unga ikki tanishi yordam bergan. Bezorilar guruhi fermerni aldov yo‘li bilan tuman chetiga olib borgan va o‘ziga o‘zi qabr qazishga majburlashgan. So‘ng qo‘l-oyog‘ini bog‘lab bo‘g‘izlash bilan qo‘rqitib, jonini saqlab qolish evaziga 50 million so‘m talab qilishgan. Jabrdiyda fermer kuchli tahdid ostida “Kobalt” rusumli mashinasini sotib, bezorilarga 37 million so‘m bergan. Uch bezori esa jinoiy yo‘l bilan topgan pullarining 3 million so‘mini Jarqo‘rg‘on tumanidagi masjidga ehson qilgan. Tahdidlar keyin ham davom etgach, fermer bu haqda huquq-tartibot idoralariga xabar bergan. Qayd etilishicha, zo‘ravonlarga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

It tirnagan bola 26 kun o‘tib quturishdan vafot etdi

Samarqand tumani Ravonak mahallasida 9 yoshli bola quturish belgilari bilan vafot etdi (“Darakchi”, 11 iyul). Joriy yilning 4 iyun kuni oq rangli it 2010 yilda tug‘ilgan K.M.ning o‘ng bilagini tirnab, jarohat yetkazgan. Bolaning jarohati mahalliy usulda xo‘jalik sovuni bilan yuvilgan va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ammo ota-ona loqaydlik qilib, bolani davolash muassasasiga olib bormagan. Oqibatda bir necha hafta o‘tgach, bolaning ahvoli og‘irlashgan. Shifokorlar unga quturish tashxisini qo‘ygan, ammo bolaning hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmagan. Oradan 26 kun o‘tib, 9 yoshli bola nobud bo‘lgan. Qayd etilishicha, tekshiruvlarda “Ravonak” mahallasi aholisida quturish belgilari aniqlanmagan. Tibbiyot mutaxassislari quturgan it yoki mushuk tishlagan holatlarda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozimligini eslatib o‘tgan.

XS
SM
MD
LG